Jamiyat 20.09.2019 40

YANGILANISHLAR TINCHLIK-OSOYISHTALIK VA QONUN USTUVORLIGINI TA’MINLASHGA QARATILGAN

Qonun ijodkorligi

Davlat rahbari tomonidan 2019-yil 5-sentabr kuni "Xavfsizlik va mudofaa sohasidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi Qonun imzolanib, kuchga kirdi.

O‘zbekiston Respublikasining "Davlat bayrog‘i to‘g‘risida"gi Qonunga kiritilgan qo‘shimchaga asosan davlat bayrog‘i O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatining binosiga ham osib qo‘yiladigan bo‘ldi.

"Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida"gi Qonunning 2-modda to‘rtinchi qismi "Davlat xavfsizlik xizmati" degan so‘zlardan keyin "O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati" degan so‘zlar bilan to‘ldirildi. "O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to‘g‘risida"gi Qonunga kiritilgan qo‘shimchalarga asosan Prezident davlat xavfsizlik xizmatining xonalariga ham davlat gerbi qo‘yiladigan bo‘ldi.

Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq Prezident davlat xavfsizlik xizmati - uning yurituviga taalluqli ishlar bo‘yicha ish yuritish huquqiga ega bo‘ldi. Shuningdek, Prezident davlat xavfsizlik xizmatiga yurituvi unga taalluqli bo‘lgan ishlar bo‘yicha tergovoldi tekshiruvlarini hamda jinoyat belgilarini va ularni sodir etgan shaxslarni aniqlash uchun tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazish, jinoyat ishi bo‘yicha dalil sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni aniqlash huquqi berildi. Prezident davlat xavfsizlik xizmati harbiy xizmatchilari tomonidan sodir etilgan jinoyatlar to‘g‘risidagi ishlar harbiy sudlarda ko‘rilishi belgilandi.

"Terrorizmga qarshi kurash to‘g‘risida"gi Qonun quyidagi mazmundagi 92-modda bilan to‘ldirildi: Prezident davlat xavfsizlik xizmati: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, uning oila a’zolari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan davrda qo‘riqlanishi lozim bo‘lgan chet davlatlar va hukumatlar boshliqlarining, xalqaro tashkilotlar rahbarlarining va boshqa shaxslarning xavfsizligini hamda shaxsiy daxlsizligini ta’minlaydi; qo‘riqlanuvchi shaxslarning doimiy va vaqtinchalik tashrif buyuradigan joylari, shuningdek, harakatlanish yo‘nalishlari xavfsizligini ta’minlaydi; qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

"Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida"gi Qonundagi "Harbiy qasamyod" degan so‘zlar "Vatanga qasamyod" degan so‘zlar bilan almashtirildi. Qasamyod matni o‘zgartirildi. Muddatli harbiy xizmat muddati kalendar hisobida o‘n ikki oy etib belgilandi. "O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi "Vatanparvar" tashkilotining o‘quv muassasalarida" degan so‘zlar "mudofaa ishlari boshqarmalari huzuridagi markazlarda" degan so‘zlar bilan almashtirildi.

Shuningdek, qonunga "Oliy ta’lim muassasalaridagi ta’limning kunduzgi va kechki shaklida tahsil olayotgan talabalar o‘z roziligi bilan safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatiga olinishi mumkin. Bunda talabalar bir oylik harbiy yig‘inlarni o‘tashga iyul-avgustda jalb etiladi", degan jumlalar kiritildi.

Prezident tomonidan 2019-yil 10-sentabr kuni "Ba’zi davlat organlarining faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi Qonun imzolanib, kuchga kirdi. Unga asosan "Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida"gi Qonundan "Mahalla posboni" jamoatchilik tuzilmasi rahbarining" degan so‘zlar chiqarib tashlandi. Chunki mahallalarda profilaktika inspektorlarining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha yordamchilari shtati tashkil etildi. O‘z navbatida "Ichki ishlar organlari to‘g‘risida"gi Qonun 15-moddasiga "inspektorlaridan va ularning jamoat tartibini saqlash bo‘yicha yordamchilaridan" degan so‘zlar kiritildi.

"Sudlar to‘g‘risida"gi Qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarga binoan 35 yoshdan kichik bo‘lmagan (muqaddam 30 yosh edi), oliy yuridik ma’lumotga va huquqni muhofaza qiluvchi organlarda kamida besh yillik mehnat stajiga ega bo‘lganlar sudya bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, sudyalik lavozimiga birinchi marta tayinlanadigan nomzodlar zaxirasida turgan shaxslar Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabida majburiy tartibda o‘qishi shart. O‘qish davrida ular asosiy ish joyi bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqi saqlanmagan holda mehnat majburiyatlarini bajarishdan ozod etiladi, biroq o‘qishning butun davrida ish joyi saqlanadi, deb qayd etildi.

Ayni paytda "O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida"gi Qonunga ham o‘zgartirishlar kiritildi. Jumladan, Kengash raisining o‘rinbosari Prezident tomonidan tasdiqlanishi va u bir vaqtning o‘zida Sudyalar oliy maktabini boshqarishi belgilandi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, ushbu kodeksning 193-moddasida nazarda tutilgan deputatlik va senatorlik faoliyatining kafolatlari buzilgan taqdirda, tegishincha Oliy Majlis palatalari devonlari va xalq deputatlari mahalliy Kengashlari kotibiyatlari ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzmasdan ariza bilan sudga murojaat qilish huquqiga ega bo‘ldi.

"Advokatura to‘g‘risida"gi Qonunga kiritilgan qo‘shimchaga binoan advokatlik guvohnomasining shakli va uni berish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan bo‘ldi.

Davlat rahbari tomonidan shu yil 12-sentabr kuni "Psixiatriya yordami ko‘rsatish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi Qonun imzolanib, kuchga kirdi. U bilan 13 ta hujjatda yangilanish bo‘ldi.

Jumladan, "Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida"gi Qonunga ko‘ra, ruhiy holati buzilgan shaxslar uchun internat uylarida yashovchi pensionerlarga pensiya to‘lanmaydi. Ushbu qonun 60-moddasi amaldagi tahririga ko‘ra, qariyalar va nogironlar internat uylarida (pansionatlarda) yashovchi yolg‘iz pensionerlarga pensiya bilan ular ta’minoti uchun sarf-xarajat o‘rtasidagi farq, lekin tayinlangan pensiyaning kamida 10 foizi, urush nogironlariga esa kamida 20 foizi to‘lanadi. Ruhiy bemorlar internat uylarida yashovchi pensionerlarga pensiya to‘lanmaydi.

Jinoyat kodeksi va Jinoyat-protsessual kodeksidagi "ruhiy kasalligi" degan so‘zlar "ruhiy holati buzilganligi" degan so‘zlar bilan almashtirildi. Jinoyat kodeksi  quyidagi mazmundagi 18-1-modda bilan to‘ldirildi: jinoyat sodir etish vaqtida ruhiy holati buzilganligi tufayli o‘z harakatlarining (harakatsizligining) ahamiyatini to‘liq darajada anglay olmagan yoki ularni boshqara olmagan aqli raso shaxs javobgarlikka tortiladi. Aqli rasolikni istisno etmaydigan tarzda ruhiy holati buzilgan shaxsga nisbatan sud tomonidan jazo bilan birga tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari tayinlanishi mumkin.

Shuningdek, bu kodekslarga boshqa bir qator o‘zgartish va qo‘shimchalar ham kiritildi.

Prezident tomonidan 2019-yil 9-sentabr kuni "Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish to‘g‘risida"gi  Qonun imzolanib, kuchga kirdi. Unda atom energiyasidan foydalanish obyektlari davlat mulkida yoki Prezident tomonidan belgilanadigan yuridik shaxslar mulkida bo‘lishi mumkinligi belgilab qo‘yildi.

Davlat mulkida yoki yuridik shaxslar mulkida bo‘lishi mumkin bo‘lgan atom energiyasidan foydalanish obyektlarining ro‘yxati Prezident tomonidan tasdiqlanadi.

Qonunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi yuridik shaxslarining yadroviy materiallarga, shuningdek, ishlatib bo‘lingan yadroviy yoqilg‘iga bo‘lgan mulk huquqini chet davlatga yoki chet davlatning yuridik shaxsiga o‘tkazish to‘g‘risidagi bitimlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda tuziladi.

Shuningdek, qonunda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, Geologiya va mineral resurslar, Davlat bojxona qo‘mitalari, Favqulodda vaziyatlar, Sog‘liqni saqlash, Qurilish, Ichki ishlar, Mudofaa vazirliklari, Gidrometeorologiya xizmati markazi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya atom energiyasidan foydalanish xavfsizligini davlat tomonidan tartibga solish bo‘yicha alohida vakolatlarga ega bo‘lgan davlat organlari etib belgilandi.

Albatta, ushbu yangilanishlar tinchlik-osoyishtalik va qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Abdishukur OMONOV,

viloyat hokimligi yuridik xizmat rahbari