Ma'naviyat 03.05.2019 40

YAXSHILIK, XAYRU SAXOVAT ESHIKLARI BARCHAGA BAROBAR OCHILADI

Ramazon - rahmat oyi

Ma’lumki, insonni kamolot sari yetaklovchi milliy va diniy qadriyatlarimizdan biri Ramazon oyi bilan bog‘liq marosimlardir. Bu oyda tutiladigan ro‘za amali insonda o‘z nafsini boshqara olish, sabr-qanoatli bo‘lish, maqsad sari sobitqadamlik bilan intilish kabi fazilatlarning shakllanishiga xizmat qiladi. Bu fazilatlarni kasb etgan inson hayotda duch keladigan har qanday to‘siqni osonlik bilan yengib o‘ta oladi.

Ro‘za islomning besh asosidan biri bo‘lib, payg‘ambar yuborilgan har bir ummatga farz qilingan. Qur’oni karimdagi "Baqara" surasi 183-184-oyatlari bilan ro‘zaning farzligi sobit bo‘lgan va uning asoslari haqida bahs yuritilgan. Hammaga farz qilingan ro‘za qamariy Ramazon oyining ro‘zasidir. Dinning ustuni va tayanchi namoz bo‘lsa, jamiyatniki - zakot, ruhniki esa ro‘zadir.

Ramazon oyi ro‘zasini tutmoq ikkinchi hijriy sanada farz qilingan bo‘lib, ro‘za tutishning inson uchun foydalari juda ko‘p. Jumladan, kishining taqvodorligi oshadi. Har bir ilohiy amrda o‘ziga xos hikmat bo‘ladi. Ro‘zaning barcha xususiyati va hikmati yolg‘iz Allohga ayon. Bir narsa aniqki, Ramazon - rahmat va mag‘firat oyi, oylarning sultoni va eng ulug‘idir. Ro‘za jasadga ham, ruhga ham fayz bag‘ishlaydi, uni qayta tiriltiradi. Moddiy va ma’naviy zararlardan muhofaza qiladi. Boshqa oylarga nisbatan  bu oyda Allohga yaqinlashish, ulug‘ ajru mukofotlarga sazovor bo‘lish imkoniyatlari ko‘proq. Qadr kechasining ming oydan afzalligi, bu kechada qilingan ibodatning savobi ming oylik ibodatning savobidan ortiqligini bir tasavvur qilib ko‘ring. Bu oyda ixlos, samimiyat ila tavba qilsak, gunohlarimiz kechiriladi, duolar qilsak, ijobat bo‘ladi, inshaolloh. Hatto farishtalar ham bu  oyda Allohning maxsus farmonini bajarish uchun Yerga tushadilar.

Qur’oni karim shu oyda nozil bo‘ldi. Allohning rasuli odamlarni islom diniga da’vat qilishni shu oyda boshladi. Shu oydan boshlab islom dini zafarga, kuch-quvvatga, nurga to‘laverdi. Shuning uchun ham Ramazon oyi va ro‘zasi butun musulmon ummati tarafidan buyuk bir muhabbat va ayricha hurmat bilan e’zozlanadi.

Bu oyda Yer yuzining turli tarafidagi musulmonlar mushtarak tuyg‘u va qarashlar bilan birlashadilar, bir xil vaqtda ochiqadilar, chanqaydilar, jamoat bo‘lib  tartibli, e’tiqodli holatda Allohga taslim bo‘ladilar, muhabbat namunasini ko‘rsatadilar. Yaxshilik, xayru saxovat eshiklari barchaga barobar ochiladi. Allohning afv va mag‘firat xazinasidan har bir mo‘min o‘z ulush va nasibasini olishga harakat qiladi. Mo‘min-musulmonlar ro‘za davomida ruhlarini sabr-qanoat, mashaqqat va qiyinchiliklarda toblaydilar. Alloh bergan ne’matlarning qadriga yetish haqida o‘ylay boshlaydilar.

Ro‘za islomning boshqa ahkomlari va ibodatlari kabi jamiyat hayoti va taraqqiyotiga ham shubhasiz ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Xatmi Qur’on, taroveh namozlari va iftorliklar musulmonlarni yanada jipslashtiradi, ulardagi mehr-oqibat, dinu diyonat tuyg‘ularini junbushga keltiradi.

Ramazoni sharifni har bir musulmon yaxshi kutib olib, hurmat va izzatini joyiga qo‘ygan holda kuzatishni orzu qiladi. Buning uchun avvalo, biz bu muborak oyning xislat va fazilatlaridan xabardor bo‘lmog‘imiz lozim. Chunki ro‘za oyi har yilda bir kelib ketadigan aziz mehmon kabidir. Uyimizga bir mehmon keladigan bo‘lsa, uni yaxshi kutib olib, hurmatini joyiga qo‘yib, ko‘ngildagidek kuzatish uchun bor imkoniyatlarimizni ishga solamiz.

Xuddi shuningdek, Ramazon oyini ham ishtiyoq va ixlos bilan kutib olib, unda qo‘limizdan kelgancha solih amallarni qilishga harakat etmog‘imiz lozim. Har bir inson bu oyda o‘zining iymon va ixlosini charxlab, unga sayqal berib, e’tiqodu iymon nurini ziyoda qilib olishi zarur. Zero, har qanday musulmon odam ham yil mobaynida nafsoniy ishtiyoqlarini qondirish bilan ovora bo‘lib, kundalik turmush jarayonida sodir bo‘layotgan turli salbiy holatlardan ta’sirlanishi natijasida uning nuri iymoni ancha xiralashib, aqidasi ham ancha-muncha zaiflashib qoladi.

Ramazon oyi dillarimizni yig‘ilib qolgan g‘uborlardan tozalab, vujudimizni axloqiy fazilatlar kasb etishga tayyorlab oladigan g‘animat bir fursatdir. Binobarin, bu oy boshqa o‘n bir oydan farq qilishi kerak. Shuning uchun masjidlarda xatmi Qur’on joriy etiladi. Bunday marosimlarda Qur’oni karim bir karra to‘liq o‘qib, eshittiriladi. Bilamizki, Qur’oni karim Yer yuzidagi barcha musulmonlarning eng muqaddas kitobi va diniy hayotlari uchun dasturilamal hisoblanmish ilohiy qonun-qoidalar majmuasidir.

Ro‘zador kishi ruhiy poklanishga erishadi. Aqlini nafsidan g‘olib bo‘lishga o‘rgatadi. O‘zini har xil shahvatlardan tiya oladi. Qalbida beva-bechora, och-nahorlarga nisbatan mehr paydo bo‘ladi.

Ro‘za qiyomat kuni ro‘zadorlarni shafoat qilib: "Yo Robbim, bular sening roziliging uchun yeyish va ichishni, shahvatni tark qilib ro‘za tutdilar, bularni bizga bag‘ishla!", deydi. Ro‘zaning shafoati ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shafoatlari kabi rad etilmaydi, qabul bo‘lib, mag‘firati ilohiyga va jannatga doxil bo‘lishga sabab bo‘ladi.

Hazrati Umoma roziyallohu anhu "Ey rasululloh, menga bir vazifa buyuring", debdi. Payg‘ambarimiz esa "Ro‘za tutishda davom eting, shubhasiz, uning savobining tengi yo‘qdir", deb marhamat qilganlar. U kishi takroran uch bor so‘raganida ham, u zot "Ro‘za tutishda davom eting, zero, ro‘zaning bahosi yo‘qdir", dedilar. Shuning uchun Umomaning  uyida faqat mehmon kelgandagina o‘choqqa olov yoqilardi.

Ro‘zani o‘z qoidasiga muvofiq tarzda tutishga diqqat va ahamiyat berish kerak. Bunday ro‘za sohibini ham jahannam olovidan qutqaradi, ham jannatga doxil qiladi.

Ramazonda ro‘zadorga besh xislat berildiki, bular boshqa ummatlarning hech biriga berilmagan:

1. Ro‘zadorning og‘zidan keladigan hid Alloh taolo nazdida mushk hididan ham yaxshiroqdir.

2. Iftor qilinguncha farishtalar ham ro‘zador uchun istig‘for aytib, unga mag‘firat talab qiladilar.

3. Haq taolo har kuni jannatning ziynatini oshiradi.

4. Shaytonlarning sarkashlari band etiladi.

5. Oxirgi kechada butun ro‘zadorlar mag‘firat qilinadilar.

Rahmati ilohiy shunchalar kengki, uni tasavvur qilishga insoniyatning aqli yetmaydi. Besh vaqt namoz har namoz orasidagi xatolarga, juma kungi namoz ikki juma orasidagi xatolarga, Ramazon oyi ibodatlari bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi. Faqat mo‘min kishi gunohi kabiradan, ya’ni katta gunohlardan o‘zini saqlashi kerak.

Ro‘za Alloh uchundir. Ro‘zada urushish, yomon so‘zlar aytish esa insonni u kutayotgan, umid qilayotgan savoblardan mahrum qiladi.

Ro‘zador yeyish-ichishni, uyqu va zavqni, kunduzi jinsiy munosabatni tark qilishi, hammaga samimiy muhabbat va yordam ko‘rsatishi faqat Alloh taoloning roziligini qozonishi uchundir.

Ramazon oyida mag‘firat kunlari bo‘lib, bu kunlarda Allohning farzi bo‘lgan ro‘zani tutib, kechalari ibodat va duo bilan mashg‘ul bo‘lgan odamlarni  Alloh taolo farishtalarga ko‘rsatib: "Ey farishtalar, mana bu bandalarimni qaranglar, ularning dasturxonga qo‘l uzatmasdan o‘tirishlari ochlikka, tashnalikka sabr qilishlari faqat mening roziligimni topish uchundir. Sizlar guvoh bo‘linglarki, Ramazon oyi mening oyim bo‘lgani va men itoat qilgan bandalarimga o‘zim xohlaganimcha, behisob mukofotlar beraman, deb va’da qilganim uchun ularning barcha gunohlarini bugun mag‘firat qildim", deydi.

Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: "Jannatda alohida bir eshik bo‘lib, u Rayyon (chanqoqlik yo‘q) deyiladi. Qiyomat kuni bu eshikdan faqat ro‘za tutgan kishilargina kiradilar".

Alloh taolo barchamizga Ramazon oyini muborak qilsin, gunohlarimizdan poklanib, qalb ko‘zlarimiz ochilishini, dunyo va oxiratda baland  martabalarga yetishimizni nasib aylasin.

Muhammadi QORAYEV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasining viloyatdagi vakilligi yetakchi mutaxassisi, Qarshi shahridagi "Qum qishloq" jome masjidi imom-xatibi