Qishloq xo'jaligi 04.06.2019 118

YAYLOVLARDA CHORVA MOLLARINGIZNI BOQA OLAYAPSIZMI?

Inson va qonun

Bugun qishloqlarda istiqomat qilayotgan aholining katta qismi hamon  dehqonchilik va chorvachilik orqasidan kun ko‘radi. Shunga monand, tadbirkorlar, fermerlar va dehqon xo‘jaligi rahbarlari uchun dehqonchiligu chorvachilik qilish uchun imkoniyat bor. Biroq bu toifadagilardan tashqari, qishloq joylarda yashovchi har bir oilaga chorvachilik uchun imkoniyat yaratib berish dolzarb vazifaga aylanmoqda.

Zero, unumdor va lalmi yerlar, yaylovlar, daryo va ko‘l bo‘ylari turli tarzda egallab olinayotgani sababli hamma uchun birdek chorvachilik qilishda qiyinchiliklar paydo bo‘layotgani sir emas. Holbuki qishloqda yashovchilar uchun chorva mollari asosiy tirikchilik manbai, bu boradagi faoliyat uchun keng imkoniyat yaratib berish esa doimiy ish o‘rniga, chorva soni ko‘payishi, go‘sht va go‘sht mahsulotlari arzonlashishiga olib keladi.

Viloyat hokimligiga jismoniy va yuridik shaxslardan tushayotgan murojaatlarning uchdan bir qismi yerga oid munosabatlarga bog‘liq. Nazarimizda bu boradagi shikoyatlar tegishli qonun va qonunosti hujjatlarining adolatliligi hamda barqarorligiga bog‘liq. Zero, eng ko‘p o‘zgarib turadigan normativ-huquqiy hujjatlar ham aynan yer munosabatlariga oid. Maqsad yerlardan unumli foydalanish va muhofaza qilishga qaratilgan. Davlatimiz rahbari tomonidan 2019-yil 20-mayda imzolanib, kuchga kirgan "Yaylovlar to‘g‘risida"gi Qonun ana shunday rasmiy hujjatlardan biridir.

Unda davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining yaylovlardan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish sohasini tartibga solish doirasidagi vakolatlari belgilangan. Yaylovlar bilan bog‘liq ishlar Vazirlar Mahkamasi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Yaylovlar cho‘ldagi, yarim cho‘ldagi, tog‘ oldidagi, tog‘dagi va tekislikdagi, suv bilan ta’minlangan va suv bilan ta’minlanmagan yaylovlarga ajratiladi.

Xo‘sh, yaylovlardan foydalanish qay tartibda amalga oshiriladi? Yuridik va jismoniy shaxslar yaylovlardan doimiy egalik qilish, ijaraga, shuningdek, vaqtincha foydalanishga olish yo‘li bilan foydalanishi mumkin. Yaylovlar mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarori asosida, o‘rmon fondiga qarashli yaylovlar davlat o‘rmon xo‘jaligi organlarining ruxsatnomasi asosida vaqtinchalik beriladi. Tog‘dagi yaylovlar mavsumiy bo‘lib, ulardan yilning faqat muayyan vaqtida foydalaniladi. Yaylovlarni foydalanish uchun berish tartibini Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydi. Hokimliklar yaylovlarda pichan o‘rish va chorva mollarini o‘tlatish hamda muddatlarini tasdiqlaydi.

Yaylovlardan foydalanganlik uchun haq yer solig‘i yoki ijara haqi tarzida undiriladi. Yaylovlarga yetkazilgan zarar yaylov berilgan yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan qoplanadi. Maxsus vakolatli davlat organlari tomonidan ulardan foydalanishga cheklovlar belgilanishi mumkin. Bundan maqsad yaylovlardan unumli foydalanish, yaylovlar yaroqsiz holga kelishining oldini olish, ayrim turdagi noyob o‘simliklarni asrash va ko‘paytirishga qaratilgan.

Fuqarolarning ayrim murojaatlarida qishloq aholisi chorva mollarini boqib kelayotgan qishloq yaqinidagi kichik yaylovlar, daryolar va ko‘llarning himoya zonalari ayrim fuqarolarga dehqon xo‘jaligi yoki obodonlashtirish uchun berib yuborilishi, bir qismi noqonuniy egallab olinishi oqibatida chorva mollarini boqish, ko‘paytirish qiyinlashib borayotgani bildirilgan. Yaylovlarni egallab olgan ayrim "tadbirkorlar" tomonidan aholi chorva molini boqishi uchun "soliq" solinishi aytilgan. Yer masalasida aka-ukalar va qishloqdoshlar o‘rtasida turli kelishmovchiliklar, janjallar kelib chiqayotgani ham sir emas.

Shunda savol tug‘iladi: "Yaylovlar to‘g‘risida"gi Qonun bu kabi masalalarga javob beradimi? Qishloq aholisining barchasiga chorvachilik bilan shug‘ullanishi uchun imkoniyat yaratib bera olamizmi?

Qonunda fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolarning yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza etishdagi ishtiroki belgilab qo‘yilgan. Ular yaylovlardan foydalanishga oid davlat dasturlarini tayyorlashda ishtirok etib, yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi.

Mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari va faollari yaylovlardan oqilona, adolatli foydalanishga, chorvachilik bilan shug‘ullanayotgan har bir oilaga chorva mollarini ko‘paytirishga imkon yaratib berishga harakat qilishi zarur. Buning uchun tegishli davlat dasturlari va tuman hokimi qarorlari loyihasini tayyorlashda e’tiborli bo‘lish, yaylovlardan foydalanuvchilar birlashmalari samarali ishlashi kerak. Yaylov uchun to‘lanadigan soliqlarni qishloqda yashovchi xonadonlardagi chorva soniga qarab birgalikda to‘lash mexanizmini yaratish va bu bilan har bir oilaning yaylovlardan foydalanishga imkoniyat yaratib beruvchi mexanizmlarni joriy qilish, Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan yaylovlarni foydalanish uchun berish tartibi qishloqda yashovchi har bir oilaga chorvachilik bilan shug‘ullanishiga sharoit yaratishi lozim.

Yangi qabul qilingan bir qator normativ-huquqiy hujjatlarga binoan tomorqa,  dehqon xo‘jaligi va chorvachilik bilan shug‘ullanuvchi fuqarolarning pensiya stajini hisoblashga oid o‘zgarishlar bo‘ldi. Bu o‘zgarishlar fuqarolarimizning keksayganda pensiya olish huquqini yaxshilashga xizmat qiladi. Klasterlar tashkil qilish, fermer xo‘jaliklarini maqbullashtirish (yerlarini kengaytirish)ga oid qonunlarning qishloq joylarda ish o‘rinlarini ko‘paytirish, dehqonu chorvadorlarning yer (ish joyi)dan siqib chiqarilishining oldini olishga oid normalarini samarali ishlatish zarur. Buning uchun fuqarolar yer munosabatlariga oid qonunchilikdan yaxshi xabardor bo‘lishi, qonunlar ijrosi uchun mas’ul davlat idoralari va davlat xizmatchilari qonunlarning asosli hamda adolatli qo‘llanishini ta’minlashi kerak.

Abdishukur OMONOV,

viloyat hokimligi yuridik xizmat rahbari