Yilnoma 18.05.2017 747

YECHIMINI KUTAYOTGAN YUZLAB MASALALAR

2017-yil - Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili

YECHIMINI KUTAYOTGAN YUZLAB MASALALAR

parlament a’zolari o‘rganishlari asosida hal qilinishi belgilandi

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev xalq bilan muloqotni yanada samarali olib borish maqsadida har qaysi viloyatdan saylangan Oliy Majlis deputatlari va senatorlar har oyda 10-12 kun davomida bir tumanda bo‘lib, xalq bilan muloqot qilish orqali joylardagi haqiqiy ahvolni, hokimiyat idoralari, prokuratura va ichki ishlar bo‘limining faoliyatini puxta o‘rganib, tahlil qilishi hamda tegishli xulosa berishlari lozimligini ta’kidlagandi. Shunga muvofiq, deputat va senatorlarning navbatdagi muloqoti Qarshi tumani aholisi bilan bo‘lib o‘tdi.

Qayd etish joizki, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili"da amalga oshirishga oid Davlat dasturi ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan bunday muloqot va o‘rganishlar jarayonida hal qilinishi lozim bo‘lgan muammolar aniqlanib, ularning yechimi yuzasidan tegishli choralar belgilab olinayapti.

Ma’lumki, viloyat markaziga eng yaqin bo‘lgan ushbu tuman vohaning sanoat industriyasi va qishloq xo‘jaligi rivojlangan hududlaridan sanaladi. Tumanda hozirgi vaqtda 51 ta mahalla bor. 43 ming 700 dan ortiq xonadonda istiqomat qilayotgan 231 ming 730 nafardan ziyod tuman aholisining viloyat iqtisodiyotini yuksaltirishdagi o‘rni katta.

- Parlament a’zolari joylarda ikki yo‘nalishda faoliyat olib borishdi, - deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati O‘tkir Bo‘tayev. - Birinchidan, aholi xonadonlarida yuzma-yuz muloqotlar o‘tkazilgan bo‘lsa, ikkinchidan esa biriktirilgan soha va obyektlar o‘rganilib, ular faoliyatining samaradorligi tahlil qilindi va tegishli xulosalar chiqarildi.

Uchrashuvlar davomida aholi bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish, sog‘liqni saqlash va ta’lim muassasalari, tijorat banklari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati, pensiya ta’minoti, kommunal xizmatlar, ish haqi va ijtimoiy nafaqalarning to‘lanishi kabi qator masalalar chuqur o‘rganilib, atroflicha tahlil qilindi.

Ayni paytda, o‘rganish jarayonida tumanda erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda hali-hanuz yechimini kutayotgan masalalar, foydalanilmagan imkoniyatlar mavjudligi aniqlandi.

Xususan, tuman hududida joylashgan davlat mulki obyektlaridan investitsiya kiritish sharti bilan investorlarga “nol” xarid qiymatida berilgan 3 ta obyektda yaratilishi lozim bo‘lgan 83 ta ish o‘rnidan amalda 20 tasi yaratilgan, xolos.

Tumanda 2017-yil 1-aprel holatida ro‘yxatdan o‘tgan jami tadbirkorlik subyektlari soni 1427 ta bo‘lib (dehqon va fermer xo‘jaliklaridan tashqari), shundan 20 tasi yoki 1,4 foizi bugungi kunda turli sabablarga ko‘ra faoliyat ko‘rsatmayapti.

Tumanda turizm sohasining istiqbolli imkoniyatlari mavjud bo‘lsa-da, ichki turizmni rivojlantirish, ziyoratgohlarga sayyohlar oqimini jalb etish bo‘yicha imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmayapti.

Tumandagi qishloq vrachlik punktlarining deyarli barchasida umumiy amaliyot shifokorlari yetishmaydi, ayni paytda 49 ta umumiy amaliyot shifokoriga, qishloq oilaviy poliklinikalari uchun 6 nafar UTT mutaxassisi va 6 nafar xirurgga ehtiyoj mavjud.

QVPlarda hamda yangidan tashkil etilayotgan qishloq oilaviy poliklinikalarida doimiy toza ichimlik suvi ta’minotida, elektr energiyasi, gaz ta’minoti va isitish moslamalarining meyorida ishlashida jiddiy muammolar mavjud. QVPlarning fizioterapiya apparatlari ma’nan eskirgan, 2000-yildan beri birorta ham fizioterapiya apparati olinmagan.

Tuman markaziy shifoxonasi, xususan, bolalar bo‘limi o‘rganilganda 0-14 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi 2015-yilda 88 nafarni, 2016-yilda 80 nafarni tashkil qilib, yuqoriligicha qolmoqda.

Tumanda tibbiy profilaktika ishlari yetarlicha olib borilmagani natijasida yuqumli kasalliklar, jumladan, virusli gepatit o‘sishi kuzatilgan. 2015-yilda 135 ta virusli gepatit qayd etilgan bo‘lsa, 2016-yilda ushbu kasallik 271 taga, ya’ni 2 martaga oshgan.

Bundan tashqari, tumandagi 8 ta dorixona faoliyati o‘rganilganda, dorixonada bo‘lishi majburiy bo‘lgan dorilarning aksariyati yo‘qligi, sovutgichlar ishlamasligi, sovutgichlarda oziq-ovqat mahsulotlari dori bilan birga saqlanayotgani, sanitariya-tozalik holati yaxshi emasligi, provizorlarning tibbiy ko‘rik muddati o‘tgani, dori vositalarining alohida joylashuvi tashkil etilmagani kabi holatlar aniqlandi.

Tumanda bandlik markazining mas’ul xodimlari tomonidan ishsizlikni bartaraf qilish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rilmasligi natijasida ishsizlik darajasi yuqoriligicha qolmoqda. 2016-yilda muddatli harbiy xizmatdan qaytgan 199  nafar yoshning 30 nafari, chet eldan qaytib kelgan 1798 nafar mehnat migrantining 100 nafari ishga joylashmagan.

Tumanda joylashgan aksariyat umumta’lim maktablari hamda maktabgacha ta’lim muassasalari yetarlicha moddiy-texnika bazasiga ega emas, isitish tizimida muammolar mavjud, ayrim binolarning tomidan suv o‘tib, ayanchli ahvolga kelib qolgan. Shu bilan birga, kasb-hunar kollejlarining yo‘nalish va ixtisosliklarini o‘zgartirish ehtiyoji mavjud.

- Mazkur muloqotlar har bir qishloq va xonadondagi mavjud ahvolga xolisona baho berish va muammolarni joyida bartaraf etishning eng yaxshi yo‘li, - deydi Cho‘lli bo‘ston qishloq fuqarolar yig‘inida yashovchi Ro‘yiddin Ro‘ziyev. - Boshqa joyda bo‘lgani kabi bizning qishlog‘imizda ham muammolar bor. Xususan, hududdagi 62-maktabga boriladigan yo‘lda  piyodalar yo‘lakchasi va ko‘prik yo‘q. Bundan o‘quvchi va o‘qituvchilar qiyinchilik sezayotgandi. Deputatlarimiz bilan ushbu masalada gaplashib oldik va masalaga tez orada yechim topilishi belgilandi.

Shuni ham ta’kidlash o‘rinliki, tumanda obodonlashtirish va chiqindilarni yig‘ish ishlari talab darajasida yo‘lga qo‘yilmagan. Chiqindilarni to‘plash shoxobchalari vaqtida qurilmagani oqibatida joylarda noqonuniy chiqindixonalar soni ortgan.

Tuman aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash qoniqarsiz holatda, aholining 76,5 foizi toza ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan. Aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash ishlari ham talab darajasida emas. 1939 ta xonadonda gaz ballon yo‘q.

Tumandagi ichki yo‘llarning aksariyat qismi, ya’ni 882,7 kilometri (75 foizi) ta’mirtalab holatda.

Tuman markazida joylashgan madaniyat va aholi dam olish markazida mukammal ta’mirlash ishlari yakunlanmagan, madaniyat va istirohat bog‘iga zamonaviy attraksionlar o‘rnatilmagan.

Tumanda 51 ta fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi bo‘lsa, ularning 22 tasi o‘z balansida bo‘lmagan, boshqa korxona-tashkilot va muassasalar binolarida faoliyat olib bormoqda.

Prokuratura, ichki ishlar idoralari tomonidan huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash va oldini olish bo‘yicha yetarlicha choralar ko‘rilmagani oqibatida tumanda o‘tgan yilning mos davriga nisbatan jinoyatlarning qasddan odam o‘ldirish holati 2 taga, firibgarlik 4 taga, o‘g‘irlik 12 taga, tan jarohati bilan bog‘liq jinoyatlar soni 2 taga oshgan.

Sodir etilgan jinoyatlarning 5 tasini o‘ta og‘ir, 2 tasini og‘ir, 36 tasini uncha og‘ir bo‘lmagan va 18 tasini ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlar tashkil etib, umumiy jinoyatlar ko‘lamida og‘ir jinoyatlar soni 2016-yilga nisbatan kamaymagan.

Hozirgi vaqtda tuman hududidagi ta’lim muassasalaridan jami 18 nafar o‘quvchi chet ellarga chiqib ketgan bo‘lib, ulardan 11 nafari voyaga yetmaganlar ekani nihoyatda achinarlidir.

Tuman hududida noqonuniy diniy oqimlarga a’zo 189 nafar fuqaroning 69 nafari voyaga yetmagan va 26 nafari ayollardir.

Qarshi tuman ichki ishlar bo‘limi tomonidan joriy yilning 3 oyi davomida ro‘yxatga olingan 61 ta jinoyatning 7 tasi fosh etilmagan yoki jinoyatchilik o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4 taga yoki 7 foizga oshgan. Hozirda 48 ming 624 nafar fuqaro turli sabablarga ko‘ra biometrik pasportini olmagan.

Xalq deputatlari tuman Kengashi doimiy komissiyalari va deputatlik guruhlari faolligini oshirish bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rilmagan.

Umuman olganda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolarining Qarshi tumanida hududni rivojlantirishning eng muhim vazifalarini hal etish, fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini ta’minlash yuzasidan o‘tkazgan o‘rganish natijalari tumandagi yechimini kutayotgan aksar masalalarni ko‘rsatib berdi.

Joylardagi ahvolni o‘rganish asosida qonunlar, Oliy Majlis palatalari qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, davlat dasturlari, hududlarni rivojlantirish dasturlari, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati, prokuratura, ichki ishlar organlari va boshqa tashkilotlar zimmasiga yuklatilgan vazifalar hamda funksiyalarning ijro etilishi holati tahlil etiladi. Bu esa hudud uchun yangi istiqbol, aholi uchun yanada farovonlik olib keladi degani.

B.O‘KTAM