Jarayon 16.08.2019 50

YER UCHASTKALARINI XUSUSIYLASHTIRISH TARTIBI QANDAY?

Qonun ijodkorligi

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida davlat rahbari tomonidan 2019-yil 13-avgustda "Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida"gi Qonun imzolandi. Mazkur qonun 2020-yil 1- martdan e’tiboran kuchga kiradi.

Xususiylashtirish subyekti kimlar bo‘lishi mumkin?

Xususiylashtiriladigan yer uchaskasiga qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun berilmagan va qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallanmagan yer uchastkalari kiradi.

Yer uchastkasini xususiylashtirish deganda ommaviy mulk bo‘lgan yer uchastkasini O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bo‘lgan jismoniy shaxslar va O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar mulkiga o‘tkazishni tushunish kerak. Chet ellik fuqarolar, fuqaroligi bo‘lmagan jismoniy  shaxslar va O‘zbekiston Respublikasining norezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar yer uchastkalarini xususiylashtirish subyektlari bo‘lmaydi. Shu o‘rinda yuridik va jismoniy shaxslarning ko‘chmas mulk obyektlari joylashgan yer uchastkalarini xususiylashtirish huquqi faqat ushbu obyektlarning mulkdorlariga tegishli ekanligini ta’kidlash joiz.

Qaysi yerlar xususiylashtirish obyekti hisoblanadi?

Yer uchastkalarini xusiylashtirish obyektlariga quyidagilar kiradi. Birinchidan, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga yakka tartibda uy-joy qurish va obodonlashtirish uchun berilgan yer uchastkalari. Ikkinchidan, yuridik shaxslarga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan yoki ular tomonidan xususiylashtirilayotgan binolar va inshootlar, ishlab chiqarish infratuzilmasi obyektlari joylashgan yer uchastkalari. Uchinchidan, bo‘sh turgan yer uchastkalari. To‘rtinchidan, O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Urbanizatsiyani rivojlantirish jamg‘armasiga berilgan yer uchastkalari. Yer uchastkalarini xususiylashtirishdan tushgan mablag‘lar Urbanizatsiyani rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.

Qonunga ko‘ra tasdiqlangan va e’lon qilingan rejalashtirish sxemalari bo‘lmagan hududlarda joylashgan yer uchastkalari, foydali qazilmalar konlari joylashgan yer uchastkalari, davlat mulkidagi strategik obyektlar, tabiatni muhofaza qilish, sog‘lomlashtirish, rekreatsiya maqsadlari va tarixiy-madaniy maqsadlar uchun mo‘ljallangan yerlar tarkibiga kiruvchi yer uchastkalari, shuningdek, o‘rmon va suv fondlarining yerlari, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari ishtirokchilariga berilgan yer uchastkalari xususiylashtirilmaydi.

Yer uchastkalarini xususiylashtirish doimiy foydalanish yoxud meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqlari asosida tegishli bo‘lgan yer uchastkalarini yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan sotib olish hamda yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion orqali sotish shakllari orqali amalga oshiriladi. Yer uchastkalarini xususiylashtirish qonuniylik, ixtiyoriylik, haq to‘lash, xususiylashtiriladigan yer uchastkalarining va ularda joylashgan ko‘chmas mulk obyektlari birligi, ochiqlik va shaffoflik prinsiplari asosida amalga oshiriladi.

Bo‘sh turgan yer uchastkalarini xususiylashtirish, xususiylashtiriladigan yer uchastkalari uchun haq miqdori va uni to‘lash, yer uchastkalarining bozor qiymatini aniqlash tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Mahalliy davlat hokimiyati organlari yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida qaror qabul qiladi, elektron onlayn-auksion orqali xususiylashtirish maqsadida bo‘sh turgan yer uchastkalarini va Urbanizatsiyani rivojlantirish jamg‘armasiga beriladigan yer uchastkalarini aniqlaydi. Qonunda boshqa davlat idoralarining ham vazifalari belgilab berilgan.

Ko‘chmas mulk obyektlari joylashgan bo‘lsa...

Ko‘chmas mulk obyektlari joylashgan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risidagi ariza yer uchastkasi joylashgan yerdagi tuman (shahar) hokimining nomiga davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali beriladi. Tuman (shahar) hokimligidagi yer uchastkalarini berish masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiya ariza olingan kundan e’tiboran o‘n ish kuni ichida uni ko‘rib chiqib, ijobiy yoki salbiy xulosasini tuzadi. Bu xulosa tuman (shahar) hokimining tegishli qarorini chiqarishga asos bo‘ladi. Yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi jismoniy  shaxsga o‘tganda mazkur yer uchastkasini xususiylashtirishga bo‘lgan huquq ham o‘tadi.

Xususiylashtiriladigan yer uchastkasi uchun to‘lov Yer uchastkalarini berish masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiyaning ijobiy xulosasi to‘g‘risida yozma yoki elektron bildirishnoma olinganidan keyin o‘n ish kunida jismoniy va yuridik shaxs tomonidan amalga oshiriladi. Yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risidagi qaror xususiylashtiriladigan yer uchastkasi uchun to‘lov amalga oshirilganidan so‘ng uch ish kunida qabul qilinadi. Bu qaror suddan tashqari tartibda qayta ko‘rib chiqilmaydi.

Bo‘sh turgan yer uchastkalari-chi?

Bo‘sh turgan yer uchastkalari aholi punktlarining va hududlarning bosh rejalariga muvofiq mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan aniqlanadi. Bo‘sh turgan yer uchastkalari Urbanizatsiya agentligi bilan kelishilgan holda elektron onlayn-auksion orqali yuridik va jismoniy shaxslarga mulk qilib sotiladi. Bo‘sh turgan yer uchastkalarini xususiylashtirish bo‘yicha elektron onlayn-auksionda ishtirok uchun buyurtma tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi rezidenti bo‘lgan yuridik shaxs tomonidan, yakka tartibda uy-joy qurish va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan jismoniy shaxs tomonidan beriladi. Xususiylashtiriladigan bo‘sh turgan yer uchastkasining qiymati o‘tkazilgan elektron onlayn-auksion natijalariga ko‘ra belgilanadi.

Xususiylashtirilgan yer uchastkasini olib qo‘yish mumkinmi?

Xususiylashtirilgan yer uchastkalari xususiy mulk va fuqarolik muomalasi obyekti hisoblanadi. Xususiylashtirilgan yer uchastkasiga bo‘lgan xususiy mulk huquqi ular davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan e’tiboran yuzaga keladi. Xususiy mulk amaldagi qonunlar talabi asosida davlat    tomonidan himoya qilinadi. Qonunda  xususiylashtirilgan yer uchastkalari mulkdorlarining huquqlari va majburiyatlari ham belgilab qo‘yilgan.

Xususiylashtirilgan yer uchastkasini mulkdordan olib qo‘yishga faqat mulkdorning majburiyatlari bo‘yicha undiruv qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda va tartibda ushbu yer uchastkasiga qaratilganda, shuningdek, natsionalizatsiya, rekvizitsiya va musodara qilish tartibida yo‘l qo‘yiladi. Olib qo‘yilayotgan yer uchastkasining qiymati amaldagi qonun talablari asosida aniqlanadi. Xususiylashtirilgan yer uchastkasini natsionalizatsiya qilish faqat davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun hamda yer uchastkasi mulkdorining roziligi olinganda amalga oshiriladi.

Natsionalizatsiya - fuqarolarga hamda yuridik shaxslarga natsionalizatsiya qilinayotgan mol-mulkka nisbatan mulk huquqini haq to‘lash asosida qonun hujjatlariga muvofiq davlat ixtiyoriga o‘tkazishdan iborat. Yer uchastkasi keyinchalik denatsionalizatsiya qilingan taqdirda, sobiq mulkdorlar uni xususiylashtirishda ustuvor huquqqa ega bo‘ladi. Rekvizitsiya deganda tabiiy ofatlar, avariyalar va favqulodda tusdagi boshqa vaziyatlarda mol-mulk jamiyat manfaatlarini ko‘zlab, davlat hokimiyati organlari qaroriga muvofiq mulkdordan unga mulk qiymatini to‘lagan holda olib qo‘yishni tushunish kerak. Rekvizitsiya qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori asosida amalga oshiriladi. Xususiylashtirilgan yer uchastkasi jinoyat-protsessual qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda mulkdordan sud qarori asosida olib qo‘yilishi mumkin.

Mazkur qonun mamlakatimizda yerga oid munosabatlarni tartibga solish va xususiy mulkni muhofaza qilish ishlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Abdishukur OMONOV,

viloyat hokimligi yuridik xizmat rahbari