Qishloq xo'jaligi 12.04.2019 13

YERGA KIRGANI EMAS, UNIB CHIQQANI AMAL

Qishloq xo‘jaligi

Joriy yil paxta xom ashyosi tayyorlash uchun Qashqadaryoda 135 ming 900 gektar maydon ajratilgan. Hozir muhim palla - chigit ekish mavsumi davom etmoqda. Albatta, ertangi hosildorlikni ta’minlash urug‘ni obi-tobida ekib, undirib olishdan boshlanadi.

Kosonliklar eng ko‘p ekadi

Hududlar kesimida oladigan bo‘lsak, eng ko‘p (21 ming 500 gektar) g‘o‘za Koson tumani yerlarida parvarishlansa, eng kam chigit G‘uzor va Shahrisabz tumanlarida (5 ming gektardan) ekiladi. Shuningdek, Yakkabog‘ tumanida 6 ming 700, Qamashida 8 ming, Chiroqchida 8 ming 300, Muborakda 8 ming 500, Qarshi tumanida 14 ming 800, Mirishkorda 18 ming, Nishonda 19 ming 300 hamda Kasbi tumanida 20 ming 800 gektar maydonda paxta xom ashyosini yetishtirish maqsad qilingan.

Shundan 39 ming 500 gektar maydonga chigit qo‘shqator usulda ekilsa, qolgan yerlarda qator orasi 60-90 santimetrni tashkil etadi.

Qator orasi o‘lchami nimani o‘zgartiradi?

Xo‘sh, qo‘shqator yoki qator orasini 60 yoxud 90 santimetr tashlab ekish nimasi bilan ahamiyatli? Agar biri foydali bo‘lsa, nega to‘liq o‘sha usuldan foydalanilmaydi?

Aytish joizki, bu borada har bir hududning iqlim-sharoiti, suv resurslari ta’minoti, tuproq tarkibi va boshqa jihatlar o‘rganilib, shunga asosan ekish usuli tanlanadi. Chunki har bir usulning o‘ziga xos tomonlari mavjud.

Misol uchun, chigitni qo‘shqator usulda ekkanda, bir gektarga joylashtiriladigan o‘simlik tup soni ancha ko‘p bo‘ladi.

Qator orasini 60 santimetr qoldirib ekish usulining afzalligi shundaki, suv biroz iqtisod qilinadi. Yа’ni, qator oralig‘i 60 santimetr bo‘lganda, 90 santimetrlikka  nisbatan tuproqning og‘irligi, zichligi sezilarli darajada pasayadi. Tabiiyki, bunday maydon tez namlanadi va ko‘p suv talab etmaydi. Bundan tashqari, qator oralig‘i 60 santimetr bo‘lgan egatlar torligi hisobiga o‘simliklar ularni ertachi qoplab olib, tuproq yuzasidagi namlikning parlanish darajasini kamaytiradi.

O‘z o‘rnida to‘xtalib o‘tish lozim, chigit ekishda qator oralarini 90 santimetr qoldirishning ham o‘ziga yarasha afzallik tomonlari mavjud. Jumladan, bu usul tarvaqaylab o‘sadigan g‘o‘za navlariga keng imkoniyat yaratadi.

Navlarni to‘g‘ri joylashtirish - dolzarb vazifa

G‘o‘za navlarini tanlashda ham hududning iqlim, tuproq sharoiti, suv imkoniyatlari hisobga olinadi. Shunga mutanosib, bu yil viloyatimizda sinalgan va istiqbolli hisoblangan "Buxoro-102", "Namangan-77", "Porloq-4", "Buxoro-6", "Buxoro-8" hamda boshqa yangi navlar ekilmoqda.

Ushbu navlardan "Buxoro-102", "Namangan-77" hamda "Porloq-4" ertapishar bo‘lsa, "Buxoro-6" va "Buxoro-8" o‘rtapishar nav hisoblanadi.

Joriy yilda viloyatimizda ertapishar navlar 68 ming 400 gektar,  o‘rtapishar navlar esa 65 ming 300 gektar maydonga ekilishi belgilangan. Yana 2 ming 200 gektar yerda esa "Ishonch", "O‘nqo‘rg‘on-2", "Namangan-102", "Buxoro-10", "AN-419" kabi yangi navlar joylashtiriladi.

Ushbu navlarning o‘ziga xos xususiyatlari haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, eng avvalo, o‘rtapishar navlarda dastlabki ko‘saklar ekish muddati va yildagi samarali harorat yig‘indisiga qarab 115-125 kunda ochiladi. Ertapishar navlarda esa ushbu ko‘rsatkich 100-115 kunga va ultratezpishar navlarda 90-100 kunga teng bo‘ladi.

Shunga asosan, havo harorati ancha issiq bo‘ladigan hududlarda o‘rtapishar navlardan, tog‘ oldi yoki harorat biroz past bo‘ladigan hududlarda ertapishar navlar joylashtirilgan.

Hamjihatlik talab etiladi

Chigit ekishning eng maqbul muddatini aniqlashda bahorning qanday kelishini inobatga olmaslikning iloji yo‘q. Biroq ushbu tadbirni 15-apreldan kechiktirmay amalga oshirish juda muhim. Bu yil bahorning seryog‘in kelgani tufayli, chigit ekish ishlarini tugallash muddati biroz ortga surilishi muqarrar. Shu bois yer egalari ob-havo imkoniyat berishi bilan ishni boshlashi va juda qisqa fursatda ekishni tugatishi lozim. Buning uchun ta’minotchi korxonalar tomonidan ham talab etiladigan moddiy resurslar o‘z vaqtida yetkazib berilishi shart.

Vazirlar Mahkamasi qarorida bu borada ham mas’ul tashkilotlar zimmasiga alohida vazifa, ya’ni 33 ming 600 tonna dizel yonilg‘isi, 32 ming 300 tonna azotli, 11 ming tonna fosforli hamda 4 ming 700 tonna kaliyli mineral o‘g‘itlarni xo‘jaliklarga o‘z muddatida yetkazib berilishini ta’minlash yuklatilgan.

Bundan tashqari, mavjud ekish texnikalari va agregatlaridan unumli foydalanish, ularning mavsumga to‘liq tayyorligini, fermerlar uchun imtiyozli kredit mablag‘larini o‘z vaqtida ajratish va uning maqsadli sarflanishini ta’minlash bo‘yicha ham mas’ul rahbarlarga qator topshiriqlar berilgan.

Daromadi muhim

Ma’lumki, bugungi bozor iqtisodiyoti sharoitida to‘g‘ri kelgan mahsulotni yetishtirish emas, balki shu yerdan qancha daromad olish ustuvor ahamiyatga ega. Misol uchun, ayrim hududlar borki, u yerning suv, tuproq yoki iqlim sharoiti paxta yetishtirish uchun mos emas. Ammo bu joyda boshqa biror mahsulotni ekish va salmoqli hosil olish mumkin. Binobarin u paxtadan ko‘ra ko‘proq daromad keltirsin.

Shunga muvofiq, so‘nggi yillarda mamlakatimizda past rentabelli yerlarda g‘o‘za parvarishlashdan voz kechilib, uning o‘rniga boshqa daromadli ekin turlarini ekishga e’tibor qaratilmoqda.

Misol uchun, viloyatimizning Kitob tumanida paxta yetishtirishdan voz kechildi. Shahrisabz va Yakkabog‘ tumanlarida ham paxta maydonlari keskin qisqartirildi. Tabiati, iqlimi meva-sabzavotchilik uchun juda mos bo‘lgan mazkur hududlarda uzum, meva-sabzavot, poliz va kartoshka yetishtirilib, ichki bozor servitamin ne’matlar bilan to‘ldirilayapti, eksportga chiqarilmoqda.

2018-yilda viloyatimizda 139 ming 800 gektar maydonda g‘o‘za parvarishlangan bo‘lsa, bu yil bu ko‘rsatkich qariyb 4 ming gektarga qisqartirildi. Bo‘shagan maydonlarda esa boshqa oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish belgilandi. Jumladan, 100 gektar maydonda sabzavot, 305 gektarda soya, 330 gektarda poliz, 1 ming 789 gektarda dukkakli o‘simliklar o‘stirilsa, 848 gektarda ozuqa ekinlari ekiladi. 310 gektar maydonda intensiv bog‘, 218 gektar maydonda esa tokzor tashkil etish rejalashtirilgan.

I.RAHMATOV,  qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor

S.JUMAYEV, kichik ilmiy xodim

S.NARZIYEV olgan suratlar.