Jamiyat 21.05.2019 56

YIFIN RAISI JINOYATGA QO‘L URDI

Jinoyat va jazo

Bugungi kunda mahalla noyob institut sifatida mavqei baland, nufuzli jamoat tashkiloti hisoblanadi. Chunki insonning yaxshi-yomon kuni mahalla bilan. Shu bois mahallaga rais saylanayotganda birinchi navbatda uning halol, pok insonligi, katta hayotiy tajribaga ega ekanligi, turmushning past-balandini tushunib yetishiga e’tibor qaratiladi.

Chiroqchi tumani Sho‘rbozor mahallasi aholisi R.Q.ga ham katta ishonch bildirib, uni o‘zlariga bosh - mahallaga rais qilib saylashgandi. Insonning qandayligini bilmoqchi bo‘lsang, unga mansab berib ko‘r, deya bejiz aytishmagan chog‘i. R.Q. ham mahallaga rais bo‘lgach, ancha o‘zgarib qoldi. Ishi tushib kelganlarga qonun bir chekkada qolib o‘z nafsi doirasida talab qo‘ya boshladi.

Masalan, fuqaro J.N. mahalla idorasiga qatnab-qatnab,  bolasiga nafaqa puli olishga erishadi. Ammo uch oy o‘tar-o‘tmay nafaqa puli uzib qo‘yiladi.

Fuqaro bunga nima sabab ekanini bilish maqsadida oqsoqolning huzuriga kelganida, rais birdan dangaliga ko‘chib qo‘yaqoladi: "Ishingizni hal qilamiz. To‘lanmay qolgan uch oylik nafaqa pulingizni ham to‘lab beramiz,  kelgusida yana davom etadi. Ochig‘ini aytaman, buning evaziga 150 ming so‘m berasiz".

Ro‘zg‘orini amal-taqal qilib o‘tkazib turgan fuqaro rais so‘ragan pulni qayerdan topishni bilmay boshi qotadi. O‘ylab-o‘ylab masalaning yechimi huquq-tartibot idoralari orqali hal bo‘lishini anglab yetadi. Shunga ko‘ra, mahalla raisi 150 ming so‘mni pora sifatida sanab olayotganda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Chiroqchi tumani bo‘limi xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.

Pushaymonlik va nadomatdan boshi xam bo‘lgan mahalla raisi xalqning, hamqishloqlarining ishonchini yo‘qotdi. Qolaversa, jinoyat ishlari bo‘yicha Chiroqchi tumani sudining hukmiga ko‘ra,  qilmishiga yarasha jazosini ham oldi. Eng asosiysi, xalq ishonchini yo‘qotdi.

Muhammad BEGALIYEV,

departamentning viloyat boshqarmasi katta inspektori