Jamiyat 29.12.2018 232

YIL VOQEALARI

YIL VOQEALARI

YAKUNIGA YETAYOTGAN 2018 YIL VILOYAT HAYOTIDA ULKAN VOQELIKLAR BILAN YODDA QOLARLI BO‘LDI. BIZ ULARNI SOHALAR BO‘YICHA, ENG MUHIMLARINI TASNIFLADIK. O‘YLAYMIZKI, QUYIDAGI TAFSILOTLAR YANGILANISHLAR SALMOFINI, NECHOFLIK O‘ZGARISHLAR YUZ BERGANINI YAQQOL KO‘RSATADI.

YIL VOQEALARI: TASHRIF

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida joriy yilda Qashqadaryo viloyatida 2 marta bo‘ldi.

28-29-yanvar, 13-14-dekabr kunlarida amalga oshirilgan har ikkala tashrif davomida Prezident o‘nlab ijtimoiy, iqtisodiy loyihalar ijrosi, ta’lim muassasalari, tibbiyot maskanlari, ishlab chiqarish subyektlari faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Xalq bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qildi, ularning  muammolari, fikrlari, orzu-istaklari bilan qiziqdi. Tashabbuskorlar tomonidan taklif etilgan yuzlab ijtimoiy-iqtisodiy loyihalar taqdimotida ularni amalga oshirish yuzasidan o‘zining muhim maslahatlarini berdi.  

Umuman olganda, davlat rahbarining viloyatimizga ushbu tashriflari hudud iqtisodiyotini rivojlantirish, aholi turmush sharoitini yanada yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etdi.

YIL VOQEALARI: BUNYODKORLIK

Yil boshida Yakkabog‘ tumanidagi Beshqo‘ton qishlog‘ida 44 milliard so‘m mablag‘ evaziga zotdor qorabayir otlar parvarishlanadigan yirik zamonaviy majmua qurib bitkazildi. 10,24 gektar maydonni egallagan majmuada ot sporti musobaqalarini o‘tkazishga mo‘ljallangan bitta ochiq va bitta yopiq manej barpo etildi. Har biriga 50 tadan ot sig‘adigan 4 otxona qurilib, u yerda 100 bosh ot alohida parvarishlansa,   1 yoshdan 3 yoshgacha bo‘lgan yana 100 bosh ot kelgusi musobaqalarga tayyorlab borilishi maqsad qilindi.

***

30-yanvar kuni Qarshi shahrida O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti Islom Karimov haykali ochildi. Marosimda davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.

***

Qarshi shahridagi Xonobod ko‘chasining Islom Karimov ko‘chasiga tutash qismida zamonaviy infratuzilma inshooti - vohadagi ilk yer usti piyodalar o‘tish yo‘li qurib foydalanishga topshirildi.

Uzunligi 36, eni 4, balandligi 4,5 metrni tashkil etadigan, barcha qulayliklarga ega yer usti piyodalar o‘tish yo‘lini bunyod etishga juda qisqa muddat - 3 oy vaqt kifoya qildi. Ko‘prik atrofi ham obodonlashtirilib, zarur kommunikatsiya tarmoqlari bunyod etildi. Ushbu qurilish ishlariga mahalliy budjet hisobidan jami 1 milliard 700 million so‘mdan ziyod mablag‘ sarflandi.

***

Davlat rahbari topshirig‘i asosida Qarshi shahridagi Islom Karimov ko‘chasida joylashgan Bolalar bog‘i o‘rnida "Vatanparvarlar" bog‘i barpo etildi. Qariyb 7 gektarlik bog‘da 2018-2019-yillarda 29,3 milliard so‘mlik rekonstruksiya ishlari amalga oshirilishi belgilangan. Bu yerda sun’iy ko‘l, amfiteatr, blendaj, o‘q otish joyi, lukodrom bo‘ladi. Muzey qurilishi tugallanish arafasida, parashyutdan sakrash minorasi qurilishi davom etmoqda. Bog‘ hududiga Mudofaa vazirligi tomonidan taqdim etilgan, turli yillarda xizmat qilgan 24 ta harbiy texnika o‘rnatilgan.

***

"Vatanparvarlar" bog‘i yonida yangi suv sporti majmuasi qad rostladi. Ushbu zamonaviy inshootda 25x11 metrlik to‘rt yo‘lakdan iborat ikkita suzish havzasi mavjud bo‘lib, suv maxsus filtrlar yordamida to‘liq yangilab turiladi. Majmuada yuvinish, ovqatlanish, tibbiyot va fitnes xonalari mavjud.

YIL VOQEALARI: TIBBIYOT

Shahrisabzda 20 o‘ringa mo‘ljallangan tumanlararo endokrinologiya bo‘limi ish boshladi. Tashkil etilishi uchun 1 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflangan tibbiyot maskani ayni vaqtda Shahrisabz, Chiroqchi, Yakkabog‘ tumanlari aholisiga xizmat ko‘rsatmoqda.

Kitob tumanida esa 1 milliard 700 million so‘m mablag‘ evaziga "SHo‘rtangazkimyo" majmuasi homiyligida qurilgan binoning birinchi qavatida 30 o‘rinli kardiologiya, 2-qavatida yana xuddi shuncha o‘ringa mo‘ljallangan endokrinologiya bo‘limi ish boshlab, bu yerda yurak, qandli diabet, teri-toksikoz, bo‘qoq kabi  kasalliklar davolanayotir.

***

Mirishkor tumanidagi Pomuq qishlog‘ida joylashgan 2-sonli shifoxona 3 milliard 200 million so‘m mablag‘ evaziga to‘liq rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi. Muassasaning 180 o‘rinli poliklinika, 25 o‘rinli tug‘ruqxona, bolalar kasalliklari, jarrohlik, shoshilinch tibbiy xizmat, ichki kasalliklar bo‘limlari binolari ta’mirlandi. Barcha bo‘limlar "Salomatlik-3" loyihasi asosida zamonaviy asbob-uskuna va jihozlar bilan ta’minlandi.

***

Viloyatda birinchi marta sun’iy bo‘g‘im qo‘yish bo‘yicha jarrohlik amaliyoti bajarildi. Ma’lumki, bo‘g‘im kasalliklari jahon tibbiyotining dolzarb muammosi sanalib, bemor hayot sifati buzilishiga, nogironlikka olib keladi. Ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi travmatologiya bo‘limi shifokorlari yirik bo‘g‘imlar artrozlari kasalligi bilan og‘rigan bemorni endoprotezlash, ya’ni sun’iy bo‘g‘im o‘rnatish operatsiyasini muvaffaqiyatli bajardi.

 

***

Prezidentimiz ko‘rsatmasiga asosan yangidan bunyod etilgan 120 o‘rinli zamonaviy Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda 150 o‘rinli Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qarshi filiallarida bemorlar davolana boshladi.

YIL VOQEALARI: MADANIYAT

 

9-aprel kuni Amir Temur tavalludining 682 yilligi ilk bor u zot tug‘ilgan joy - Yakkabog‘ tumanidagi Xo‘jailg‘or qishlog‘ida keng miqyosda nishonlandi. OAV vakillari uchun tashkil qilingan press-tur doirasida Xo‘jailg‘or qishlog‘idagi qadimiy quduq, Amir Temur yoshligida ko‘targan deb hisoblanadigan polvontosh, o‘sha davrlardan beri saqlanib kelayotgan masjid mehrobi va qadimiy tut daraxtlari, Chiroqchi tumani Tarag‘ay qishlog‘idagi Temur g‘ori, mahalliy aholi xonadonlarida saqlanib kelinayotgan qadimiy buyumlar va boshqa qator noyob yodgorliklar borib ko‘rildi.

***

May oyida zamonaviy o‘zbek adabiyotining ulkan namoyandasi, O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri, davlat madhiyasi muallifi Abdulla Oripov 1992-2016-yillarda yashagan Qarshi shahridagi uy peshtoqiga ijodkorning byusti va yodgorlik lavha o‘rnatildi.

***

Qarshi davlat universiteti tuzilmasida "Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi" ochildi. Unda "Sovet davlati qatag‘on siyosatining boshlanishi (1926-1936)", 1937-1938-yillardagi "Katta qirg‘in" oqibatlari, "1940-1950 yillarda O‘zbekiston janubida amalga oshirilgan siyosiy qatag‘onlar", "1980-yillardagi qatag‘on. "Paxta ishi" kampaniyasi" o‘z aksini topgan. Qarshi shahridagi Abu Ubayda ibn al-Jarroh ziyoratgohida joylashgan muzey faoliyati shu zamin, shu yurt tinchligi uchun jonlarini ayamay kurashgan vatandoshlarimiz nomlarini abadiylashtirishga qaratilgan bo‘lib, foto va video materiallar, qo‘lyozmalar, tarixiy xaritalar, kitoblar, suratlar yaqin tariximizning ayovsiz kunlari haqida yaqqol tasavvur hosil qilish imkonini beradi.

***

Madaniyat sohasida yilning eng muhim voqeasi, albatta, Prezident tashabbusi bilan Shahrisabz shahrida 6-10-sentabr kunlari o‘tgan Xalqaro maqom san’ati anjumanidir. Mamlakatimizda birinchi bor o‘tkazilgan ushbu san’at bayramida dunyoning 73 davlatidan 300 ga yaqin ishtirokchi va mehmonlar qatnashdi. Ular orasida nafaqat o‘z yurtida, balki jahon miqyosida ham mashhur xonanda va sozandalar, madaniyat va san’at arboblari, musiqashunos olimlar borligi e’tiborli.

Xalqaro hakamlar hay’ati xulosalariga ko‘ra, Ozarbayjonning "Hayrati" jamoasi solisti Nigor Shabanova va O‘zbekistonning "Saqil" ansambli 1-o‘ringa sazovor bo‘lib, har biri 10 ming AQSH dollaridan oldi. Bosh  sovrin - Gran-pri Tojikiston maqom akademiyasiga berilib, ular 15 ming AQSH dollari miqdoridagi pul mukofotini qo‘lga kiritishdi.

Shahrisabzda maqom muzeyi ochildi. Muassasa 5 bo‘limdan iborat bo‘lib, bu yerda musiqa san’ati tarixi haqida qimmatli ma’lumotlar beruvchi fotosurat va hujjatlar, eksponatlar bilan tanishish mumkin.

YIL VOQEALARI: IJTIMOIY HAYOT VA DIN

Prezidentning 2016-yil 28-dekabrdagi "O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash "Nuroniy" jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoniga muvofiq  tashkil etilgan "Mehnat faxriysi" ko‘krak nishoni bilan joriy yilda viloyatimizdan 62 nafar keksa-nuroniy taqdirlandi. Ularning 7 nafari I darajali, 55 nafari II va III darajali "Mehnat faxriysi" ko‘krak nishoni sohibiga aylanishdi.

***

"Obod qishloq" dasturiga muqobil Prezidentning 2018-yil 27-iyundagi "Obod mahalla" dasturi to‘g‘risida"gi farmoni asosida joriy yilda mamlakat bo‘ylab har bir shaharda 2 tadan, keyingi yillarda esa 3 tadan mahalla obod qilinishi belgilandi. Shunga ko‘ra, 2018-2019-yillarda qurilish, ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari olib boriladigan mahallalar ro‘yxatida Qarshi shahridagi Otchopar, Shayxali, Kunchiqar, Buyuk Turon, Qarliqxona hamda Shahrisabz shahridagi G‘alaba, Ipak yo‘li, Qushxona, Do‘stlik, Teparlik mahallalari bor. Buning uchun 188,7 milliard so‘m mablag‘ sarflanib, 50 mingdan ziyod aholi turmush tarzi, yashash sharoitlari yaxshilanishi ko‘zda tutilgan. "Obod qishloq" dasturi asosida esa viloyat tumanlaridagi 28 ta qishloq obod bo‘ldi.

***

Shavkat Mirziyoyev takliflari asosida yurtimizda birinchi marta Qur’on musobaqalari o‘tkazila boshlandi. Shu asosda viloyatimiz qori va qoriyalari ham 18-25 hamda 25-40 yoshlilar o‘rtasida hifz va tilovat yo‘nalishida bellashishdi.

E’tiborlisi, musobaqaning respublika bosqichida tilovat yo‘nalishi bo‘yicha viloyatimizdan qatnashgan Qarshi shahrilik, 1998 yilda tug‘ilgan Hasan qori Komilov 18-25 yoshlilar orasida 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Ayol-qizlar o‘rtasida esa oliy o‘ringa Toshkent islom instituti talabasi, qashqadaryolik Robiya Najmiddinova munosib deb topildi. Uning opasi Nozima Najmiddinova esa 18-25 yoshlilar orasida tilovat yo‘nalishi bo‘yicha 1-o‘rinni egalladi. Oliy o‘rin sohibasiga uch kishilik, 1-o‘rin g‘olibiga ikki kishilik Umra safari sertifikatlari taqdim etildi.

***

5-19 avgust kunlari viloyatimizdan 7 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Rossiya Federatsiyasining Kislovodsk shahridagi bahavo va xushmanzara hududda joylashgan, tabiiy minerallashgan buloqlari bilan mashhur "O‘zbekiston" sanatoriysida davolanib, o‘z salomatligini tiklab qaytdi. Ushbu safar davomida ularga o‘z yaqinlaridan bir nafardan kuzatuvchi hamrohlik qildi. Prezidentning tegishli qarori doirasidagi ushbu safar xarajatlari davlat hisobidan qoplandi.

Aytish joizki, Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, mehnat faxriylariga 5 million so‘m miqdorida pul mukofoti va qimmatbaho sovg‘alar ham berilgandi.

***

Mahalliy hokimlik budjetidan 4 milliard 600 million so‘m mablag‘ ajratilib, Qarshi shahridagi Shayxali mahallasida joylashgan, anchadan buyon foydalanilmasdan kelayotgan ko‘p qavatli binoda kapital qurilish ishlari olib borildi. Sentabr oyida 72 ehtiyojmand oila bu yerdagi 2 va 1 xonali xonadonlariga ko‘chib kirishdi.

***

"Yuksalish" axborot-maslahat resurs markazi direktori Zulfiya Haydarova, Turkman milliy madaniyat markazi viloyat bo‘limi rahbari Norboy Jo‘rayev, Qarshi davlat universiteti huzuridagi "Zamon" mintaqaviy tadqiqot markazi rahbari Gulbahor Erkayeva, O‘zbekiston ekologik harakati viloyat hududiy bo‘linmasi rahbari Nosir Halimov, "Ayollar maslahat markazi" rahbari Oydin Anorova jamiyatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlardagi faol ishtiroki uchun "Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun" ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

***

Prezidentning 2018-yil 8-dekabrdagi "Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan soha rivojiga munosib hissa qo‘shgan yurtdoshlarimizdan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida"gi farmoniga muvofiq, Qarshi tumanidagi "Baxt" fermer xo‘jaligi rahbari Ibrohim Xoliyorov "Mehnat shuhrati" ordeni bilan, viloyat asalarichilar uyushmasi a’zosi Qahramon Rahimov "Do‘stlik" ordeni, "Mirishkor tumanidagi "Tojikiston" suv iste’molchilar uyushmasi suvchisi Abdirashit Tashmatov va Kitob tumanidagi "Sharipov Qobil Komiddinovich" fermer xo‘jaligi boshlig‘i Qobil Sharipov "Shuhrat" medali bilan taqdirlandi.

***

Qarshi shahridagi "Muruvvat" nogiron bolalar uchun internat uyi 12 milliard so‘m mablag‘ evaziga kapital rekonstruksiya qilindi. 4 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan aqlan zaif va nogironligi bo‘lgan 285 nafar bola yashab, tarbiya olayotgan internat qisqa vaqt ichida butunlay yangi qiyofa kasb etdi, bosh bino, oshxona majmuasi, qozonxona, issiqlik, elektr va ventilyatsiya tizimlari ta’mirlandi, mebellar yangilandi, hudud obodonlashtirildi.

YIL VOQEALARI: TA’LIM

Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 18-iyuldagi qarori asosida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining Qashqadaryo hududiy bo‘limi o‘z faoliyatini boshladi.

***

Kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish maqsadida mart oyida viloyat maktablariga Prezident sovg‘asi - 92 nomdagi 110 ming dona kitob, maktabgacha ta’lim muassasalariga 50 turdagi 16 ming nusxadagi adabiyotlar yetkazib berildi.

***

Davlat rahbarining 2018-yil 2-martdagi qaroriga muvofiq, Kitob iqtisodiyot va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Yulduz Neymatova hamda Qarshi tumanidagi 59-umumiy o‘rta ta’lim maktabining o‘quvchisi Malika Choriyeva Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandi.

***

Aprel oyida Dehqonobod tumanidagi agrosanoat kolleji qoshida yosh baxshilar maktabi ish boshladi.

***

1 iyuldan Shahrisabzda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash maqsadlariga qaratilgan yana bir loyiha - Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) ko‘magi bilan kasb-hunarga o‘qitish markazi ish boshladi. O‘quv markazini bunyod etish uchun Koreya respublikasi tomonidan 8,5 million AQSH dollari miqdorida mablag‘ ajratildi. 250 o‘rinli o‘quv binosi, mashg‘ulot va laboratoriya xonalari, zamonaviy yotoqxona, kutubxona, oshxona va sport maydonchasi barcha zarur jihozlar bilan ta’minlangan.

Markazda mehnat bozorida talab yuqori kasb va mutaxassisliklarga o‘qitish nazarda tutilgan. Shu bilan birga, ingliz va rus tillari, tadbirkorlik va biznes asoslari chuqur o‘rgatilmoqda.

***

Davlatimiz rahbarining 2018-yil 6-avgustdagi qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasining  Guliston, Qarshi, Samarqand, Urganch va Farg‘ona shaharlarida hududiy filiallari tashkil etildi.

Qarshi davlat universiteti bosh binosida faoliyat boshlagan filialda dastlabki navbatda Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari shahar va tuman hokimlarining o‘rinbosarlari, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining shahar va tumanlardagi bo‘g‘inlari rahbarlari malaka oshirishdi. Malaka oshirish kursi 6 kun davom etib, 72 soatlik vebinar, suhbat, trening mashg‘ulotlaridan iborat.

***

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-noyabrdagi qaroriga muvofiq, ilk marta Qarshi davlat universitetiga abituriyentlar musiqa, rassomlik va jismoniy tarbiya yo‘nalishlarida test sinovlarisiz, faqat ijodiy imtihonlar natijalariga ko‘ra qabul qilindi.

***

Yaponiya tashqi ishlar vazirligi tomonidan ta’sis etilgan "Inson huquqlarini ta’minlash bo‘yicha kichik   miqyosli ijtimoiy loyihalarga beg‘araz yordam dasturi" asosida viloyat 18-sonli ko‘rish bo‘yicha imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat ta’lim muassasasiga 30 ming 710 AQSH dollarilik kompyuter sinfi jihozlari olib kelindi.

***

Janubiy Koreyaning Sejong universiteti doktoranti, qashqadaryolik yosh olim Elyorjon Jumayev "The Korean Institute of Metals and Materials" ta’lim muassasasi tomonidan olimlar o‘rtasida tashkil etgan konferensiyada o‘z kashfiyoti bilan g‘olib deb topildi.

Kashfiyotning mohiyati shundaki, unda yuqori legirlangan yangi metall qotishma taqdim etildi. Bunday material asosan yuqori temperaturada ishlaydigan, korroziyabardosh va mexanik xarakterini yo‘qotmaydigan qotishma bo‘lib, ichki yonuv dvigatellari va yuqori yuklamalarda ishlaydigan texnologiyalarda qo‘llaniladi.

YIL VOQEALARI: SUD-HUQUQ SOHASI

2018-yil 1-yanvardan O‘zbekiston Respublikasi xalqaro aeroportlarida ikki yo‘lakli tizim joriy qilindi. Unga ko‘ra, "yashil" yo‘lak orqali harakatlanayotgan yo‘lovchi tovar va valyuta boyliklarini og‘zaki, "qizil" yo‘lak orqali harakatlanayotgan yo‘lovchi yozma deklaratsiyalaydi. Ushbu tizim 2021-yil 1- yanvardan O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali avtomobil va temir yo‘l o‘tkazish punktlarida ham yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.

***

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tashabbusi bilan Shahrisabz tumanida "Fuqarolar davlat organlariga emas, davlat organlari fuqarolarga xizmat qilishi kerak" shiori ostida ilk marta "Adliya sayli" o‘tkazildi. Viloyat hokimligi, adliya boshqarmasi va uning tizimidagi davlat notarial idoralari hamda FHDYO bo‘limlari, sudlar, soliq, ichki ishlar, tijorat banklari, bandlikka ko‘maklashuvchi idoralar, Yoshlar ittifoqi vakillari xalq bilan muloqot asnosida huquqiy targ‘ibot olib borishdi.

***

May oyidan viloyat iqtisodiy sudi o‘z ishini yangi binoda boshladi. Loyiha qiymati 6 milliard 67 million so‘mni tashkil qilgan ushbu zamonaviy binoda faoliyatni samarali olib borish uchun barcha sharoit muhayyo etilgan. Shuningdek, 20 o‘ringa mo‘ljallangan oshxona, trenajyor zali, ochiq va yopiq avtomobillar turargohi, fuqarolar kutish zallari mavjud.

***

Avgust oyida Qarshi shahrida "Xavfsiz shahar" tizimi ishga tushdi. Shu asosda 4 ta sektor joylashgan 4 hududda Qarshi shahar IIBning alohida bo‘limlari hamda ularning faoliyatini muvofiqlashtiruvchi boshqarma tashkil etildi. Xodimlar xizmat avtomobillari, skuterlar bilan ta’minlandi.

***

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan tarkibdagi yig‘ilishida bergan ko‘rsatmasiga ko‘ra, bundan buyon askarlar harbiy qasamyod qilishdan oldin albatta O‘zbekiston tarixi va "Temur tuzuklari" fanidan sinov topshiradi.

***

Prezidentning 2018-yil 14-maydagi O‘zbekiston Respublikasi Harbiy-havo kuchlari jangovar qobiliyatini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qaroriga asosan Qarshi shahridagi harbiy shaharchaga Oliy harbiy aviatsiya bilim yurti joylashtirilishi munosabati bilan 7 ta obyektda mahalliy budjet hisobidan obodonlashtirish va kapital ta’mirlash ishlari bajarilishi belgilangan bo‘lib, hozirgi kungacha loyiha qiymati 18 milliard 457 million so‘m bo‘lgan ushbu ishlarga mahalliy budjetdan 1 milliard 500 million so‘m va respublika harbiy-ma’muriy sektorlarni rivojlantirish jamg‘armasidan 10 milliard so‘m ajratildi.

***

Viloyat IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasida "Ezgulik patruli" faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Buning uchun yo‘l patrul xizmati inspektorlari ichidan muomalasi, o‘zini tutishi namunali bo‘lgan to‘rt nafari tanlab olindi va "Ezgulik patruli"ga jalb qilindi. Ular uchun alohida avtomobil ajratilib, maxsus ko‘rinishda jihozlandi.

Mazkur patrulning asosiy vazifalari sirasiga yo‘l harakati qoidalarini targ‘ib qilish, piyodalar, keksalar, bolalarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, madaniyatli harakat ishtirokchilarini rag‘batlantirish, yo‘llarda noxush vaziyatlarga tushib kolganlarga yordam qo‘lini cho‘zish kabi ishlar kiradi.

***

8-9-noyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan viloyatdagi jazoni ijro etish muassasalarida o‘tkazilgan insonparvarlik aktlarini qo‘llash bo‘yicha sayyor sud majlislarida jazoni o‘tash mobaynida yaxshi xulq-atvorga ega, mehnatga vijdonan yondashgan 8 kishi muddatidan ilgari jazodan ozod qilindi va 19 mahkumning jazosi ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan yengilroq jazo turi bilan almashtirildi. 34 mahkumning saqlash sharoiti yengillashtirilib, manzil-koloniyalarga o‘tkazildi. 2 nafar shaxsga nisbatan sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlanib, sud zalidan qamoqdan ozod qilindi.

YIL VOQEALARI: XIZMAT KO‘RSATISH VA TRANSPORT-KOMMUNIKATSIYA

"Ural havo yo‘llari" aviakompaniyasi tomonidan Moskva-Qarshi-Moskva yo‘nalishi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri ilk parvoz amalga oshirildi. Mazkur aviakompaniyaning "Airbus A320" rusumli yo‘lovchi samolyoti Moskvaning Domodedovo aeroportidan havoga ko‘tarilib, 3 may kuni Qarshi xalqaro aeroportiga qo‘ndi. Shundan beri ushbu yo‘nalishda haftada 2 marta reys yo‘lga qo‘yilgan.

***

Mustaqillikning 27 yilligi arafasida "Afrosiyob" poyezdi Shahrisabzga ilk yo‘lovchilarini olib bordi. Ushbu liniyada harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida 14 jamlanma yo‘l o‘tkazgichlar yangisiga almashtirilgan bo‘lsa, qurilish ishlariga 100 ga yaqin ilg‘or texnika, 300 nafardan ziyod tajribali mutaxassis jalb qilindi.

E’tiborlisi, "Afrosiyob" poyezdining mamlakatimiz qadimiy shaharlari - Samarqand, Buxoro, Qarshi va Shahrisabzga qatnovni amalga oshirishi ularni bir yo‘lda birlashtirish imkonini beradi, o‘ziga xos turistik zanjir yaratishga sharoit hozirlaydi. Agar "Afrosiyob" poyezdi Toshkentdan Qarshiga 3 soatdan kamroq vaqtda yetib kelsa, Shahrisabzgacha yana 54 daqiqa vaqt sarflaydi.

***

Viloyat hududidagi 49 mehmonxona va oilaviy mehmon uylari yagona reyestriga kiritilgan 16 ta uy-mehmonxonada "YE-mehmon" elektron tizimi asosida xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.

***

Koson tumani Mustaqillik ko‘chasida yangi innovatsion loyiha asosida xavfsiz piyodalar yo‘lakchasi ishga tushirildi. 50 va 30 metr masofada vibroshovqinli qoplamalar yotqizilib, detektorlar "Audio vositalar va qo‘l telefonlaridan foydalanmang", deb piyodalarni ham ogohlantiradi.

YIL VOQEALARI: IQTISODIYOT

Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va ilg‘or texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yilida viloyatimiz iqtisodiyoti jabhasi o‘zgarish va yangiliklarga to‘la bo‘ldi. Investitsiyaviy faollik har qachongidan ko‘proq oshgani kuzatildi. Talaygina investitsiya loyihalari muvaffaqiyatli ro‘yobga chiqarildi, ba’zilarini hayotga tatbiq etish uchun muhim poydevor quyildi. Chel el sarmoyasini kengroq jalb qilish maqsadida muhim chora-tadbirlarga qo‘l urildi.

2018-yil avvalida viloyatimizda birinchi marta qattiq chiqindini utilizatsiyalash va qayta ishlash bo‘yicha yangi va yuqori texnologiyali tizim ishga tushirildi. Hududda shu yo‘nalishda ish boshlagan yangi korxona - Qarshi shahridagi "Qashqadaryo eko trans" MCHJda bunga keng sharoit yaratildi. Ushbu loyihani ro‘yobga chiqarish uchun tadbirkor tomonidan 2 million AQSH dollari miqdorida sarmoya yo‘naltirildi. O‘ziga xos klaster sanalgan mazkur korxonada chiqindi to‘plashdan tortib, undan xaridorgir sanoat mahsuloti ishlab chiqarishgacha bo‘lgan jarayon to‘liq qamrab olingan. Qurilish chiqindisidan shlakoblok, mokalaturadan karton qog‘oz, rezina mahsulot va shinadan piroliz, ya’ni suyuq yoqilg‘i, plastik idishlardan sintefon - sintetik tola tayyorlash shular sirasiga kiradi.

***

Issiqxona  xo‘jaligi yuritishda xarajatni kamaytirishning innovatsion yechimini qo‘llash miqyosi yanada ommalashdi. Gap shundaki, shu vaqtgacha ishlab chiqarish maqsadi uchun ishlatilgan ikkilamchi issiq suvdan bugun issiqxona inootlarida maqbul xaroratni saqlashda keng foydalanilmoqda. Misol uchun, Muborak tumanidagi "Aziz agro trans fayz" MCHJ tomonidan 5 gektardan oshiq maqdonda barpo qilingan parniklarda shu usulda mahsulot yetishtirilmoqda. Asosan pomidor, bodring va bulg‘or qalampiri singari sabzavot yetishtirishga e’tibor qaratgan tadbirkorlik subyekti gektaridan 60-70 tonna atrofida hosil olishga erishayapti. Hozirgi vaqtda ushbu hududda ikkilamchi suv bilan isitiluvchi issiqhonalar umumiy maydoni 100 gektardan oshib ketdi. Yaqindan boshlab mazkur amaliyot Nishon tumani ishbilarmonlari tomonidan ham keng qo‘llanilmoqda.

***

O‘tayotgan yilda Qashqadaryoda mamlakatimiz agrar sohasida butkul yangilik sanalgan ilk paxta-to‘qimachilik klasteri tashkil etildi. "Guzor Tekstil Impeks" MCHJ esa bu loyiha tashabbuskori bo‘ldi. Tadbirkorlik subyekti birinchi bosqichda paxta yetishtirishni klaster tarzida yo‘lga qo‘ydi. Shu maqsadda korxonaga Mirishkor tumanidan 10 ming gektar, Suxrondaryo viloyatining Angor tumanidan esa 3,5 ming gektar yer maydoni uzoq muddatga ijaraga berildi. Yerga ishlov berishga ixtisoslashgan yuzlab zamonaviy texnikalar xarid qilingan. Joriy mavsumda klasterda xirmon ham ko‘tarildi. Hozircha xom ashyoga chuqur ishlov berish imkoniyati yo‘q. Ammo keyingi bosqichlarda, xususan, 2019 yilda tolani yigirishni tashkil etish maqsad qilingan. Mato to‘qish va tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarish quvvatlari ham izma-iz ishga tushiriladi. Ahamiyatlisi, hukumatimizning tegishli qaroriga muvofiq, klaster tizimiga o‘tish bo‘yicha vohamizdan yana 4 ta potensial tashabbuskor tanlab olingan. Jumladan, Qarshi shahridagi "Sulton tex group" mas’uliyati cheklangan jamiyati ham faqat xom ashyoni qayta ishlash bilan cheklanmay, endilikda uni yetishtirish jarayonida ham bevosita ishtirok etadi. Bu korxonaga Qarshi tumanidagi 10 ming gektar ekin maydoni biriktirilgan. Shunday qilib, 2019 yil hosili uchun viloyatimizdagi 31 ming 700 gektar maydonda paxta xom ashyosini yetishtirish va qayta ishlash yangicha tizimda bajariladi.

***

Shu vaqtgacha faqat Qarshi shahri, Shahrisabz va Nishon tumanlarida kichik sanoat zonalari faoliyat ko‘rsatib kelgan bo‘lsa, 2018-yilda ularning soni ko‘shimchasiga 7 taga ko‘paydi. Prezidentimizning 2018-yil 29-martdagi "Qashqadaryo viloyatida kichik sanoat zonalarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori shunga sharoit hozirladi. O‘ziga xos kichik industrial majmualar Qarshi, Qamashi, Kitob, Muborak, Chiroqchi tumanlari, Qarshi hamda Shahrisabz shaharlaridagi davlat mulki bo‘lgan va davlat ulushi mavjud xo‘jalik yurituvchi jamiyatlarning ishlab chiqarish maydonlari va obyektlari negizida barpo qilindi.

***

Qashqadaryoda shu vaqtgacha yuqori darajadagi elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha birorta ham zamonaviy quvvat tashkil etilmagan. Biroz avval esa mahalliy ishbilarmonlar sa’y-harakati bilan vohada  birinchi marta zamonaviy televizor ishlab chiqarishga ixtisoslashgan "Biss electronics system" MCHJ ishga tushirildi. Ushbu korxona Qarshi tumanidagi 10 yildan ortiq vaqt mobaynida qarovsiz yotgan bino negizida ish boshladi. Import o‘rnini bosish imkonini beruvchi bu loyihaga 6 milliard so‘mga yaqin sarmoya kiritilgan. Tadbirkorlik subyekti hozirgacha o‘zi ishlab chiqargan 3 ming donadan ortiq LED-televizorni realizatsiya qilishga ham ulgurgan. Mavjud quvvat esa oyiga 4500 dona mahsulot tayyorlashga yetadi. Kelgusida bu turdagi maishiy texnikaning yana 2 xilini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish ko‘zda tutilgan.

***

Ma’lumki, asalarichilik viloyatimiz qishloq xo‘jaligining muhim tarmog‘i sanaladi. Mazkur faoliyat rivoji uchun hududda barcha sharoit yetarli. Bu esa mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishni taqozo etadi. Qarshi tumanidagi "Asl aktiv logic" xususiy korxonasi tomonidan joriy yilda hayotga tatbiq etilgan loyiha ham juda keng qamrovli. Bunda asalarichilikni rivojlantirishga kompleks yondashuvni ko‘rish mumkin. Shu maqsadga 1,3 milliard so‘m mablag‘ tikib, sohaga ixtisoslashgan yirik majmua barpo etilgan. Natijada barcha zarur yumushlarni bir joyda bajarish imkoni paydo bo‘ldi. Subyekt nafaqat asal yetishtirish, balki naslchilik ishlarini yuritish, asalarichilik uchun zarur asbob-uskunalar ishlab chiqarish, mahsulotni sifatli qadoqlash kabi jarayonlarni ham to‘liq qamrab oldi.

***

Koson tumanidagi "Bunyodkor" MCHJ tekstil mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, korxona mavjud quvvatlarning ma’nan eskirganligi, sifat talablariga javob bermasligi bois bir necha yildan buyon faoliyat ko‘rsatmay kelayotgandi. Joriy yildan esa  korxona negizida zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan, paxta tolasiga chuqur ishlov berishdan tortib, tayyor mahsulotlar tayyorlashgacha bo‘lgan barcha bosqichlarni amalga oshirishga mo‘ljallangan yirik majmua bunyod etishga kirishildi. Ilk bosqichda qiymati qariyb 4 million AQSH dollariga yaqin bo‘lgan quvvat ishga tushdi. Yiliga 800 tonna ip-kalava ishlab chiqarish imkoni yuzaga keldi. Bu ipdan asosan trikotaj mato to‘qiladi. Korxona ushbu yarim tayyor mahsulotni xorijga eksport qilishni ham boshlab yuborgan.

***

Mamlakatimizga o‘zimizda ishlab chiqarish imkoni bo‘lgan tovarlar importini cheklashga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Bunday mahsulotlarni yurtimizda tayyorlashni yo‘lga qo‘yishga rag‘bat bildirgan mahalliy ishbilarmonlar har jihatdan qo‘llab-quvvatlanadi. 2018-yilda Nishon tumanida ishga tushgan "S-Grand" MCHJ viloyatimizda tayyorlanishi hali deyarli ommalashmagan mahsulot - charm-attorlik buyumlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanmoqda. Asosan chetdan import qilinadigan ayollar sumkasi, karmonini shu yerda tayyorlash to‘liq o‘zlashtirildi. 70 ta tikuv mashinasi o‘rnatilgan ishlab chiqarish sexida 100 nafarga yaqin kishi mehnat qilayapti.

***

Yakunlanayotgan yilda Qashqadaryo va dunyo mamlakatlari muayyan mintaqalari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari har qachongidan rivojlangani ko‘zga tashlandi. Misol uchun, viloyat hokimi boshchiligidagi mahalliy ishbilarmonlardan iborat delegatsiya Koreya va Turkiyada bo‘lib qaytdi. Ushbu safarlar davomida imzolangan kelishuvlar hudud ravnaqi uchun yuksak ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Mustahkam va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan mazkur tashriflar asnosida viloyatimiz iqtisodiyoti tarmoqlariga ushbu ikki xorij mamlakati sarmoyadorlari investitsiyalarini faol jalb etish, birgalikda yirik istiqbolli loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Xususan, qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida Koreya sarmoyadorlari bilan umumiy qiymati 49,5 million dollarlik 7 ta investitsiya loyihasini hayotga tatbiq etish bo‘yicha hujjatlar imzolangan.

Shuningdek, 2018-yilda Qashqadaryo va Ukraina Respublikasining Suma, Eron Islom Respublikasining Qazvin viloyatlari o‘rtasida qator sohalarni qamrab olgan hamkorlik aloqalari o‘rnatildi. Ikki o‘rtada imzolangan rasmiy hujjatlarda taraflar o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirishdan manfaatdor ekanini bayon qilishgan. Aloqalar turizm, sport, madaniyat, san’at, ta’lim, sog‘liqni saqlash, fan-texnika, sanoat, qishloq xo‘jaligi va savdo kabi sohalarni qamrab oldi.

***

So‘nggi vaqtda vohamizga chet ellik sarmoyadorlar qiziqishi sezilarli ortgani sir emas. Xorijlik ishbilarmonlar hududdagi mavjud xom ashyo-resurslardan samarali foydalanish, zamonaviy quvvatlarni barpo etishga xohish bildirishgan. Jumladan, Xitoy mamlakatining "AnHui Conch Cement Company Limited" korporatsiyasi sarmoyadorlari viloyatimizga 200 million AQSH dollari miqdorida sarmoya olib kirayapti. Chiroqchi tumanida sement ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish yangi tashkil etilgan "Qarshi konch sement" xorijiy korxonasining asosiy yo‘nalishi bo‘ladi. Loyiha 2019 yilda to‘liq hayotga tatbiq etilishi lozim. Buning natijasida 500 yangi ish o‘rni yaratiladi. Hozirda sanoat korxonasi qurilishi ishlari davom etmoqda.

***

Joriy yilda viloyatimizda pillachilik tarmog‘ida to‘liq ishlab chiqarish zanjiriga ega yangi sanoat parkini ishga tushirish uchun poydevor quyildi. Gap shundaki, viloyatimizda ushbu sohada ikki muhim istiqbolli loyiha amalga oshirilmoqda. Xususan, yaratilajak klaster hududda pilla xom ashyosini yetishtirishdan tortib, uni chuqur qayta ishlashgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni qamrab oladi. Loyihaning umumiy qiymati 32 million AQSH dollariga baholangan. Uning asosiy qismini xorijiy sarmoya tashkil etadi. Natijada 450 ta doimiy ish o‘rni yaratiladi.    

***

"Muborak teks" MCHJ o‘zi ishlab chiqarayotgan mahsulot - paypoqni eksport qilishga kirishdi. Hozirgacha BAA va Moldova singari mamlakatlarga katta hajmda tovar yetkazib berilgan. Asosan ichki bozorni import o‘rnini bosuvchi mahsulot bilan ta’minlab kelgan yengil sanoat korxonasi uchun bu jiddiy natija sanaladi. Fabrikaning yillik quvvati 8 million juft paypoqni tashkil etadi. U ilg‘or texnologiyalar bilan jihozlangan bo‘lib, mahsulotni tayyor holga keltirish uchun zarur barcha jarayonlar to‘liq shu yerning o‘zida bajarilmoqda. Hozirgi vaqtda 60 xildan ortiq xaridorgir va raqobatbardosh paypoq tayyorlanayapti.

***

Vazirlar Mahkamasi Chiroqchi, Mirishkor va Dehqonobod tumanlarini 2018-2019-yillarda kompleks rivojlantirish bo‘yicha alohida-alohida qarorlar qabul qildi. Bu yuzasidan maxsus chora-tadbirlar dasturlari ham tasdiqlandi. Ularning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi esa har bir hududning sanoat salohiyatini yanada kengaytirishga imkon beradi. Zarur muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va zamonaviy ishlab chiqarish infratuzilmasi ham bunyod etiladi. Muayyan istiqbolli lo-yihalar ro‘yobi esa ushbu tumanlarda qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish va servis sohasi ravnaqiga keng yo‘l ochishi kutilmoqda. Bularning barchasi joylarda aholi bandligi va daromadlari oshishiga muhim sharoit hozirlashi lozim. Tegishli muddatda uchala tumanni qo‘shib hisoblaganda, jami 1 ming 305 ta loyiha hayotga tatbiq etilishi darkor. Ularni tanlashda har bir hududning o‘ziga xosligi, salohiyati e’tiborga olingani muhim. Buning uchun esa turli manbalar hisobidan 1,3 trillion so‘mga yaqin mablag‘ o‘zlashtiriladi. Natijada 4420 ta yangi ish o‘rni yaratilishi reja qilingan.

***

Shu vaqtgacha sayyohlar borishi taqiqlangan obyekt va hududlar sirasiga vohamizdagi ayrim diqqatga sazovor joylar ham kiritilgandi. Vazirlar Mahkamasining joriy yil 29-maydagi qarori bilan qator manzillar ro‘yxatdan chiqarildi. Jumladan, viloyatimiz hududida joylashgan va ilgari borish cheklangan Qalasoy darasidagi Amir Temur g‘ori, dinozavr izlari va sharshara, Suvtushar sharsharasi, Toshqo‘rg‘on, Jovuz, G‘ilon va Kul qishloqlari, "Xo‘ja Karshavar" platosi, Janqa ko‘li, Seversev muzligi, Hazrat Sulton muqaddas qadamjosi barcha uchun ochiq bo‘ldi. O‘tgan davrda qanchadan-qancha sayyohlar xushmanzara va fusunkor tabiatli, shuningdek, g‘aroyibotlarga boy bu maskanlar jozibasidan bahramand bo‘lish baxtiga  muyassar bo‘ldi.

YIL  VOQEALARI: YOSHLAR HAYOTI

27 aprel kuni viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev xorijda tahsil olayotgan va mehnat qilayotgan qashqadaryolik yoshlar bilan videokonferensaloqa tizimi hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali muloqot qildi.

Tadbirni Rossiya, Germaniya, Xitoy, Janubiy Koreya, Turkiya, Qozog‘iston davlatlarida istiqomat qilayotgan viloyat yoshlari O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalarida tashkil qilingan studiyalar orqali, shuningdek, AQSH, Avstraliya, Daniya va jahonning turli mamlakatlarida faoliyat olib borayotgan qashqadaryoliklar "Facebook" ijtimoiy tarmog‘i orqali kuzatib bordilar.

Muloqot xorijdagi o‘zbekistonlik yoshlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa tizimini yo‘lga qo‘yish, ularni mamlakatimizda yosh kadrlarga yaratib berilayotgan imkoniyat va shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishtirish, xorijdagi salohiyatli yoshlarni yurtimiz sohalarini rivojlantirishga istiqbolda jalb qilish, xorijdagi yoshlar imkoniyatlaridan foydalanib Qashqadaryo viloyatining turistik, iqtisodiy va investitsion salohiyatini targ‘ib qilish, ularni qiynayotgan muammolarni hal qilish choralarini ko‘rish kabi maqsadlarni ko‘zlagani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

***

May oyida O‘zbekiston davlat konservatoriyasida o‘tkazilgan "Navro‘z sadolari" IV xalqaro xalq cholg‘ulari orkestrlari va ko‘p ovozli ansambllarning musiqa festivalida Qarshi san’at kollejining 40 nafar iste’dodli yoshlaridan iborat xalq cholg‘ulari orkestri jamoasi 3-darajali diplom va g‘oliblik sertifikati bilan taqdirlandi.

***

19-24-may kunlari Shahrisabz tumanidagi "Lochin"  bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va "Kamalak" bolalar tashkiloti sardorlarining "Vatan, do‘stlik va baxtli bolalik uchun!" shiori ostidagi an’anaviy XVII anjumani o‘tkazildi. Unda yil davomida samarali faoliyat ko‘rsatgan, noan’anaviy loyihalari bilan boshqalarga o‘rnak bo‘lgan 800 nafardan ortiq sardorlar ishtirok etishdi.

***

30-iyun Yoshlar kuni munosabati bilan Yakkabog‘ tumanidagi Ayg‘irko‘l mahallasi hududida qurib bitkazilgan 84 xonadonli "Yoshlar uyi" tantanali tarzda o‘z egalariga topshirildi.

***

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoni bilan 1 iyuldan barcha tuman va shaharlarda "Yoshlar - kelajagimiz" Davlat dasturi amalga oshirila boshlandi.

Shakllantirilgan tegishli ro‘yxatga ko‘ra, viloyatimizda 400 nafar yoshga 52 milliard 997 million so‘m kredit taqdim etilishi ko‘zda tutilgan edi. Hozirgacha 216 nafar ishbilarmonning loyihalari moliyalashtirildi. Buning uchun 31 milliard 651 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Qator loyihalar qisqa muddatda ishga tushishi ortidan 2 mingdan ortiq ish o‘rni tashkil etilgan.

***

Joriy o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha kirish test sinovlari viloyatimizda yagona binoda - Qarshi ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internati maneji va sport zalida 1- avgustdan 15-avgustgacha davom etdi. Bu o‘zgarish test sinovlarini takomillashtirish, uning adolatli va xolis o‘tishini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etdi.

Qarshi davlat universitetiga topshirilgan hujjatlar yana rekord darajaga yetdi. Bir o‘ringa talabgorlar soni 17 kishini tashkil etdi.

***

Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi raisi Jinoyat Kodeksining 164-moddasi 2-qismi, "b" bandi bilan ayblangan, Qarshi tumanilik Sunnat Shomurodovning jinoyat ishi bo‘yicha o‘tkazilgan sudda jamoat himoyachisi sifatida ishtirok etdi. Endigina 23 yoshga to‘lgan S.Shomurodov bir guruh tengdoshlari aldoviga uchib, qoramol o‘g‘irlash maqsadida bosqinchilik jinoyatini sodir etgan edi. Sud unga nisbatan qo‘llanilgan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq jazoni bekor qildi va sudlanuvchi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi kafilligi evaziga sud zalidan ozod etildi.

Shuningdek, chiroqchilik, ayni paytda Qoraqalpog‘istondagi harbiy qismda xizmat qilayotgan oddiy askar Humoyun SHermatov ham Yoshlar ittifoqi kafilligi evaziga  ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tamaydigan bo‘ldi.

"Tashabbus-2018" ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida Chiroqchi tumanidagi "Abdurahmon asali" xususiy korxonasi rahbari, yosh ishbilarmon Zahriddin Boboyev "Yilning eng yosh tadbirkori" nominatsiyasida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Tanlovning mamlakat  bosqichida esa u shu nominatsiyada 3-o‘ringa sazovor bo‘ldi.

***

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi tashabbusi bilan o‘tkazilgan "Yosh kitobxon" tanloviga topshirilgan eng ko‘p ariza viloyatimizda qayd etildi. Ishtirokchilar orasida 10 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lganlar 45 520, 15 yoshdan 19 yoshgacha bo‘lganlar 35 754, 20 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar 11 415 nafarni tashkil etdi.

***

Tegishli dastur asosida joriy yilda mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan qashqadaryolik 110 dan ortiq yosh oilaga yangi uylar qurib berilishi ko‘zda tutilgan edi. Bu uy-joylarning 50 ga yaqini vohamiz markazida, qolgani tumanlar hududida bunyod etildi. Imtiyozli ipoteka krediti asosida taqdim etiladigan bu uy-joylarning dastlabki badal pullari esa Yoshlar ittifoqi mablag‘lari hisobidan, keyinchalik qaytarish sharti bilan to‘lab berilmoqda.

***

"Vatanparvarlik oyligi" doirasida Qarshi shahridagi "Vatanparvarlar bog‘i"da ta’lim muassasalari o‘quvchi va talaba yoshlari uchun "Mardlik va jasorat" darslari tashkil etildi.

YIL VOQEALARI: SPORT

21-22-aprel kunlari Shahrisabz shahri O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun Amir Temur xotirasiga bag‘ishlangan VII xalqaro turnirga mezbonlik qildi. Umumiy sovrin jamg‘armasi - 50 ming AQSH dollari bo‘lgan turnirda dunyoning 30 ga yaqin mamlakatidan 300 ga yaqin sportchi g‘oliblik uchun bahs olib bordi.

Mutlaq vazn toifasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini - 10 ming AQSH dollarini g‘uzorlik SHerali Jo‘rayev qo‘lga kiritdi.

SHerali Jo‘rayev sentabrda Prezident sovrini uchun Toshkentda o‘tkazilgan xalqaro musobaqada ham kurash bo‘yicha mutlaq vazn toifasida g‘oliblikka erishib, 50 ming AQSH dollari miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlandi. Indoneziyadagi Osiyo o‘yinlarida dzyudo bo‘yicha ishtirok etib, (-) 100 kilogrammlik vazn toifasidagi bahslarda bronza medalga sazovor bo‘ldi.

***

May oyida Qarshi shahrida "Umid nihollari" sport musobaqalarining viloyat bosqichi g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Umumjamoa hisobida g‘olib bo‘lgan Koson tumani jamoasiga Prezident sovg‘asi - "Damas" avtomashinasi topshirildi.

***

6-11-avgust kunlari shaxmat bo‘yicha "Qarshi Open" II xalqaro turniri o‘tkazildi. Musobaqada bir qancha davlatlardan 6 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan 200 nafar shaxmatchi ishtirok etdi.

***

18-avgustdan 2-sentabrgacha Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida bo‘lib o‘tgan XVIII Osiyo o‘yinlarida umumjamoa hisobida 5-o‘rinni qayd etgan yurtimiz sportchilari tarkibida qashqadaryolik 9 nafar sportchi ishtirok etib, 1 ta oltin, 1 ta kumush, 2 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi.

***

6-13-oktabr kunlari Indoneziyaning Jakarta shahrida o‘tkazilgan III yozgi Paraosiyo o‘yinlarida yurtimiz sportchilari tomonidan  jamg‘arilgan 35 oltin, 24 kumush va 18 bronza medalning salmoqli qismi viloyatimiz atletlari hissasiga to‘g‘ri keldi. Xususan, suzish bo‘yicha bahslarda Fotimaxon Amilova 4 ta oltin, 2 ta kumush, 1 ta bronza, Shohsanam Toshpo‘latova 3 ta oltin va 4 ta kumush medalga ega chiqdi. Erkaklar o‘rtasidagi suzish bahslarida ishtirok etgan Dmitriy Xorlin 3 ta oltin, 2 ta bronza medalni o‘z hisobiga yozib qo‘ydi. Yana bir bronza medalni esa yosh atletchimiz Asila Mirzayorova uzunlikka sakrash bahslarida qo‘lga kiritdi.

***

Qarshining "Sevinch" ayollar futboli jamoasi o‘n yetti marta o‘tkazilgan O‘zbekiston Kubogi musobaqasida o‘ninchi bor kubok sohibi bo‘ldi.

***

Prezident Shavkat Mirziyoyev 13-14-dekabr kunlari viloyatimizga tashrifi chog‘ida III Paraosiyo o‘yinlari g‘olibi, Qarshi davlat universitetining 3-bosqich talabasi Shohsanam Toshpo‘latovani munosib taqdirlab,  ikki xonali kvartira sovg‘a qildi. Prezident sovg‘asini sportchiga topshirish marosimi katta tantanaga aylandi. 

Yil voqeasi sifatida viloyatimizga oid bunday misol, fakt va raqamlarni yana yuzlab keltirish mumkin. Biroq, sanab o‘tilganlari bilan ham vohamizda, butun respublikada kechayotgan rivojlanish shiddatini bemalol tasavvur etish mumkin. Binobarin, ana shu o‘zgarishlar, har bir sohada esayotgan taraqqiyot nasimlarini barchamiz o‘z hayotimiz misolida ham his etib, ko‘rib, guvohi bo‘lib turibmiz.

Bekzod SAYFIYEV, Mirzohid JO‘RAYEV, Nuriddin EGAMOV tayyorlashdi.

Suratlarni Sobir NARZIYEV olgan.