Jamiyat 04.10.2019 24

YO‘LOVCHINING YUKI QIMMATGA TUSHDI

Bojxona nazorati

Sanoatda muhim ahamiyat kasb etuvchi qora va rangli metallga ehtiyoj hamisha yuqoriligi, hatto mazkur turdagi metallarning bo‘lak va chiqindilari ham o‘z qiymatini yo‘qotmasligi bois, bojxona organlari o‘z vakolati doirasida huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar bilan hamkorlikda, ishlab chiqarish-texnika buyumlari parchalari va rangli metallar chiqindilarining respublikamiz hududidan noqonuniy olib o‘tilishi va aylanmasining oldini olish, respublikaning iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, qimmatli xom ashyo resurslaridan oqilona foydalanish maqsadida qator chora-tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda.

Shunga qaramay, tarkibida rangli metallar bo‘lgan mexanizm va agregatlarni talon-toroj qilish bilan bog‘liq huquqbuzarlik faktlari, rangli metall parchalari va chiqindilaridan yashirincha foydalanish hollari uchrab turibdi.

Jumladan, Chiroqchi tumanida o‘tkazilgan navbatdagi tezkor tadbirda "UAZ" rusumli avtotransport vositasi shubha ostiga olinib, belgilangan tartibda xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, mashinada yo‘lovchi sifatida kelayotgan B.S.ga tegishli, hech qanday hujjatlari bo‘lmagan, umumiy og‘irligi 520 kilogramm rangli metall parchalari noqonuniy ravishda olib ketilayotgani ma’lum bo‘ldi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan tekshiruv va surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

N.XO‘JAYEV