Jarayon 10.09.2019 24

YONG‘INLAR NATIJASIDA O‘TGAN 8 OYDA 4 KISHI HALOK BO‘LDI

Olov - tilsiz yov

O‘tgan oyda Kitob tumanidagi novvoyxonada sodir bo‘lgan chaqnash haqidagi xabar ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali keng tarqalgan edi. Hodisa joyi — Hamid Olimjon mahallasi Zilolbuloq ko‘chasidagi xonadonlarda o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida ma’lum bo‘lishicha, chaqnashga novvoyxonada turgan sig‘imi 50 kilogrammlik maishiy gaz ballonining payvandlangan joyidan yorilishi va undan gaz sizib chiqishi sabab bo‘lgan. Kelib chiqqan alanga oqibatida xonadon va novvoyxonaning 60 kvadrat metr hajmdagi tomi yonib ketgan. Afsuski, yo‘qotish faqat bular emas.

Achinarli tomoni, ro‘y bergan chaqnash natijasida o‘sha paytda novvoyxonada bo‘lgan, 1994-yilda tug‘ilgan T.S., 1999-yilda tug‘ilgan B.M., 1994-yilda tug‘ilgan O.R. hamda 2000-yilda tug‘ilgan N.J. og‘ir darajadagi kuyish tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan. Ko‘rsatilgan tezkor tibbiy yordamlarga qaramay, 19 yoshli N.J. shifoxonada vafot etgan.

Ayni paytda bu holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergov, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Yoki boshqa bir misolga e’tibor qarataylik: Chiroqchi tumani Choshtepa mahallasida yashovchi U.I.ning yashash xonadoni hovlisida yong‘in sodir bo‘lgan. Bu haqda yong‘in xavfsizligi xizmatiga xabar berilgan va alanga o‘t o‘chiruvchilar tomonidan bartaraf etilgan.

Ushbu holat bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida ma’lum bo‘ldiki, hovlida turgan 20 kilogramm sig‘imli maishiy gaz ballonidan nosozligi bois doimiy ravishda gaz sizib chiqib turgan. Natijada yong‘in sodir bo‘lgan.

Bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Tahlillarga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan sakkiz oyi davomida viloyatimizda jami 757 marotaba yong‘in holatlari qayd etilgan. Ular oqibatida 32 kishi tan jarohati olgan, 4 nafar fuqaro halok bo‘lgan.

Sodir bo‘lgan yong‘inlarning 70 foizi bevosita aholi turar joylarida, gaz, elektr energiyasi, neft mahsulotlari yoki shunga o‘xshash vositalardan e’tiborsizlik bilan foydalanish natijasida kelib chiqqan.

Sohibjon VAYITOV,

Otabek SHERBOYEV,

viloyat YOXB xodimlari