So'nggi yangiliklar 24.09.2019 29

YONG‘INLAR SONI NEGA OSHMOQDA?

Mavsum mavzusi

O‘tgan 2018-yil davomida viloyatimiz hududida 1 ming 26 marotaba yong‘in, 11 marotaba is gazi bilan bog‘liq ko‘ngilsiz holatlar qayd etilgan. Ular oqibatida 88 kishi shifoxonaga yotqizilgan bo‘lsa, ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay, 11 nafar inson hayotdan ko‘z yumgan.

Bu haqda kuz-qish mavsumida yong‘in xavfsizligi talablarini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahliliga bag‘ishlangan davra suhbatida ta’kidlab o‘tildi.

Viloyat yong‘in xavfsizligi boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur tadbirda Yong‘inga qarshi kurash jamiyati viloyat bo‘limi, hududiy gaz ta’minoti filiali, "Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari" aksiyadorlik jamiyati, xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash boshqarmalari va qator tashkilotlarning mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

Unda so‘zga chiqqanlar tomonidan ta’kidlanganidek, odatda kuz-qish mavsumida aholi xonadonlarida chaqnash, yong‘in yoki is gazidan zaharlanish bilan bog‘liq holatlar ko‘p uchraydi. Buning asosiy sabablaridan biri esa fuqarolarimizning isitish vositalaridan noto‘g‘ri foydalanishi, belgilangan yong‘in xavfsizligi talablariga yetarlicha rioya qilmasligidir. Aynan mana shunday e’tiborsizliklar oxir-oqibat qimmatga tushayapti.

Davra suhbatida kuz-qish mavsumida yong‘in va is gazidan zaharlanish holatlarining oldini olish, aholi xonadonlarida targ‘ibot va profilaktika ishlariga mas’ul tashkilotlar tomonidan olib boriladigan ishlar samaradorligini oshirish masalalari xususida fikrlashildi.

J.BOYMURODOV