Tibbiyot 27.11.2018 257

YOPIG‘LIQ BANKA YOPIG‘LIG‘ICHA QOLAVERSIN...

Qish tashvishi

YOPIG‘LIQ BANKA YOPIG‘LIG‘ICHA QOLAVERSIN...

Yoxud chiroqchilik ovsinlar sabog‘i

Joriy yilning 26-oktabr kuni soat 10:10. Chiroqchi tumani tibbiyot birlashmasining shoshilinch tez yordam bo‘limiga  Guliston mahallasida yashovchi ikki nafar ayol olib kelinadi. Shifokorlar bemorlarga “Botulizm kasalligining og‘ir kechishi, o‘tkir toksik shakli, toksik miokardit” tashxisini qo‘yishdi.

Aniqlanishicha, bemorlar ovsinlar ekan. Ular uch kun avval 1,5 litrli shisha bankadagi “pomidor+bulg‘or qalampiri+ko‘kat+sarimsoq” aralashmali konserva mahsulotini ochib, ta’mini bilish uchun yeb ko‘rishadi va aynigan gumon qilib, to‘kib tashlashadi. So‘ng xuddi shunday ikkinchi bankadagi (pomidor+bulg‘or qalampiri+karam+sarimsoq) mahsulotni ochib, “shuncha mehnat, xarajat qilib yopganmiz, uvol bo‘lmasin, hech narsa qilmas” qabilida iste’mol qilishadi.

25-oktabr kuni bemorlarda nafas yetishmovchiligi, ko‘ziga jismlarning ikkita bo‘lib ko‘rinishi, qayt qilish, holsizlanish, tana haroratining ko‘tarilishi, yutinish va gapirish qobiliyatining buzilishi hamda qorin sohasida og‘riq kuzatilgan. Bundan tashqari, bo‘yin va oyoq mushaklari zaiflashib, yurishga qiynalib qolishgan.

***

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, botulizm mikrobi oziq-ovqatlarda kislorodsiz muhitda ko‘payadi. Chunki uy sharoitida konserva tayyorlash uchun yetarlicha texnologiya mavjud emas, sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilinmaydi. Bu esa botulizm mikrobi ko‘payishi uchun ayni muddao.

Shifokorlar konservalarni uy sharoitida tayyorlashdan, ko‘cha-ko‘yda notanish kishilardan, noqonuniy savdo tarmoqlaridan sifat sertifikati bo‘lmagan oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olishdan tiyilish haqida ko‘p gapirishadi. Shuningdek, bayram va to‘y dasturxonlariga tortiq etiladigan turli konservalar, qandolat va boshqa tez aynuvchi mahsulotlarning tayyorlanish jarayoni, tashish va saqlash talablariga alohida e’tibor berish zarurligini ta’kidlashadi.

Statistik ma’lumotlarga e’tibor qaratsak, o‘tgan yilda viloyatimizda 36 nafar kishi botulizm va qo‘ziqorindan zaharlangan bo‘lsa, 2018-yilning o‘tgan davri mobaynida ushbu kasallik bilan 34 nafar kishining og‘rigani aniqlangan. Ulardan biri vafot etgan.

Ko‘pchilikda savol tug‘iladi, botulizmni qanday aniqlash mumkin? Eng avvalo, yetarli tajribangiz bo‘lmasa, konservalarni uy sharoitida tayyorlay ko‘rmang! Meva-sabzavotlardan tayyorlangan konserva bankalarini ochishdan oldin uni chayqamasdan, yaxshilab ko‘zdan kechirish, bankadagi suyuqlik tiniqligiga, ichidagi mahsulot ezilmaganligiga e’tibor berish lozim. Agar konserva bankasi qopqog‘i shishgan, ochilgan bo‘lsa, bunday mahsulotni iste’mol qilish taqiqlanadi. Agar sizda shubha uyg‘onsa, aslo “hech narsa qilmas”, deya o‘zingizni aldamang, bankadagi mahsulotning bahridan o‘ting...

Agar sizda, yo yaqinlaringizda yuqoridagi bemorlar holatiga o‘xshash belgilar paydo bo‘lsa, yoki biror noxushlik sezsangiz, darhol shifokorga murojaat qiling. Bunday paytda o‘zboshimchalik bilan davolanish qat’iyan man etiladi.

...Chiroqchilik ovsinlar yozda zahmat chekib qilgan mehnatlaridan ko‘z yumib bo‘lsa-da, qolgan “banka”larni nima qilishni yaxshi bilishadi endi... 

Ortiq AMINOV,

viloyat davlat sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi ovqatlanish gigenasi bo‘limi mudiri