Iqtisodiyot 26.07.2019 129

YOSH TADBIRKORLARGA - MOLIYAVIY KO‘MAK

Dastur ijrosi – amalda

O‘tgan yili O‘zbekiston yoshlar ittifoqi huzurida "Yoshlar - kelajagimiz" jamg‘armasi, shuningdek, uning tuman va shahar filiallari tashkil etilishi tadbirkorlikni boshlash istagida yurgan, ammo buning uchun yetarli mablag‘ga ega bo‘lmagan yoshlar uchun ayni muddao bo‘ldi. Buni o‘z biznes rejalari bilan jamg‘armaga murojaat etayotgan, imtiyozli kredit olib, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yayotgan yigit-qizlar sonining ortib borayotganida ham ko‘rish mumkin. G‘uzor tumanidan ham jamg‘arma ko‘magi bilan ish boshlagan yosh tadbirkorlar soni ko‘pchilikni tashkil etadi.

- O‘tgan yili jamg‘arma tomonidan hududdagi 14 nafar yoshning biznes-loyihalarini amalga oshirish uchun 1 milliard 658 million so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratilgan edi, - deydi  "Yoshlar - kelajagimiz" jamg‘armasi G‘uzor tuman filiali bosh mutaxassisi Faxriddin Xayrullayev. - Bu mablag‘ evaziga yosh tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda yangi faoliyat turlari yo‘lga qo‘yildi. Joriy yilda esa 53 ta loyiha uchun 12 milliard 810 million so‘m mablag‘ ajratilishi belgilangan. Hozirga qadar ayrim yosh tadbirkorlarimiz mablag‘ni to‘liq olib, allaqachon o‘z loyihasini ishga tushirishga ham ulgurdi.

Tumanning Guliston mahallasida yashovchi Mirjahon Toshqorayev  hududdagi talab va ehtiyojdan kelib chiqib, non va non mahsulotlari ishlab chiqarish faoliyatini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirgandi.

- Faoliyat uchun zarur bo‘lgan uskunalarning narxi bilan qiziqqanimda, bunga 60 million so‘m atrofida mablag‘ kerakligi ma’lum bo‘ldi, - deydi u. - Shundan so‘ng, imtiyozli kredit olish uchun "Yoshlar - kelajagimiz"  jamg‘armasiga murojaat etdim. Jamg‘arma tomonidan biznes-rejam o‘rganilib, loyiham ma’qullandi va kerakli  texnologiyani sotib olish uchun zarur miqdorda imtiyozli kredit ajratildi. Natijada qisqa muddat ichida texnologiyalarni olib kelib va o‘rnatib, mahsulot ishlab chiqarishni boshladik. Endi faoliyatni yanada kengaytirish haqida o‘ylayapman.

Yana bir yosh tadbirkor, "Fitnes XXX" mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Mirzabek Qurbonov esa tuman markazida fitnes klub tashkil etishni rejalashtirgandi. Jamg‘arma tomonidan ajratilgan 120 million so‘m miqdoridagi imtiyozli kredit uning bu rejasini amalga oshirishida qo‘l keldi.

- Ushbu mablag‘ evaziga fitnes klub uchun kerak bo‘lgan barcha sport anjomlarini xarid qildik, - deydi tadbirkor. - So‘ng o‘zimizga tegishli binoni moslashtirib, faoliyatni yo‘lga qo‘ydik. Hozir haftaning ikki kuni xotin-qizlar, qolgan kunlari esa o‘g‘il bolalar kelib, sport bilan shug‘ullanishmoqda. Asosiysi, bundan mahalla ahli ham xursand. Hozir mijozlarimiz orasida nafaqadagi kishilar, uyda o‘tirgan ayollar ham bor.

Darhaqiqat, bugun mamlakatimizda yoshlarning intilish va tashabbuslarini rag‘batlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar aholi bandligini ta’minlash, va odamlar turmush farovonligini oshirish, shuningdek, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda ham muhim omil bo‘lmoqda.

Jahongir BOYMURODOV

Suratlarda: "Fitnes XXX" MCHJ faoliyatidan lavhalar.

Jamshid NORQOBILOV olgan suratlar.