Iqtisodiyot 13.09.2019 46

YOSH TADBIRKORNING YANGI LOYIHASIDAN HUDUD AHOLISI HAM MAMNUN

Kichik biznes

Yurtimizda qishloq xo‘jaligining taraqqiy etishi boshqa bir qator sohalar rivojiga ham turtki bo‘layotgani sir emas. Masalan, bugun chorvachilik, parrandachilik yoki dehqonchilik bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlik subyektlari, shaxsiy tomorqa egalarida urug‘lik, yem-ozuqa, mineral o‘g‘itlar yoki veterinariya vositalariga bo‘lgan ehtiyojning oshgani tabiiy.

Mirishkorlik Muzaffar O‘rinov shuni inobatga olgan holda, o‘z faoliyatini qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarga veterinariya dori-darmonlari yetkazib berish xizmatini yo‘lga qo‘yish bilan boshlagan.

- Bu loyihani amalga oshirish uchun "Yoshlar - kelajagimiz" jamg‘armasi tuman bo‘limiga murojaat etdim, - deydi u. - Loyiham jamg‘arma tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, ishni boshlashim uchun  zarur bo‘lgan 46 million 500 ming so‘m mablag‘ imtiyozli kredit tarzida ajratib berildi. Zarur bino esa o‘zimizda bor edi. U yerni jihozlab, kerakli dori-darmonlarni olib keldik va ishni boshlab yubordik.

E’tiborli tomoni, yosh tadbirkor tashkil etgan veterinariya dorixonasida uning o‘zi bilan birga yana 2 kishi ish bilan ta’minlangan. Hudud aholisi esa o‘zlariga kerakli veterinariya vositalarini shu yerdan sotib olish imkoniyati yaratilganidan mamnun.

S.NARZIYEV

Muallif olgan surat.