"YOSHLAR" JAMOASI - KUBOK SOHIBI

Sog‘lom turmush tarzi

27-mart - Xalqaro teatr kuni munosabati bilan O‘zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi viloyat kengashi hamda viloyat qo‘g‘irchoq teatri hamkorligida "Sport - barkamollik sari" shiori ostida musobaqalar o‘tkazildi.

Shaxmat, shashka, voleybol, basketbol va futbol bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqalarda mazkur muassasalarda faoliyat yuritayotgan xodimlar, sportsevar aholi vakillari, yosh sportchilar qatnashishdi.

Ayniqsa, futbol uchrashuvlari qiziqarli o‘tdi. "Yoshlar", "Do‘stlik", "Faxriylar" va boshqa jamoalar o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazishdi.

Murosasiz o‘tgan bahslarda barcha raqiblarini ishonchli tarzda mag‘lubiyatga uchratgan "Yoshlar" jamoasi musobaqaning mutlaq g‘olibiga aylandi va kubokni qo‘lga kiritishdi.

Yakunda g‘olib jamoalar tashkilotchilarning esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.

  SOJIDA