So'nggi yangiliklar 07.01.2019 27

YOSHLAR MASALASI HAMISHA E’TIBORDA BO‘LADI

Uchrashuv

YOSHLAR MASALASI HAMISHA E’TIBORDA BO‘LADI

Viloyat hokimi Qarshi shahrida vohamizning bir guruh faol yoshlari bilan uchrashdi.

Tadbirdan avval yoshlar viloyat hokimi hamrohligida shahar bo‘ylab sayohat qilib, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishishdi. Ayniqsa, yangidan bunyod etilgan respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qarshi filiali, “Vatanparvarlar” bog‘i, rekonstruksiya qilingan Qarshi shahridagi “Muruvvat” nogiron bolalar uchun internat uyiga tashrif yoshlarda katta taassurot qoldirdi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi tashabbusi bilan “Hokim va yoshlar” uchrashuvi loyihasi doirasida tashkil etilgan uchrashuvda so‘zga chiqqan iqtidorli va faol yoshlar yurtimizda yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlardan mamnun ekanliklarini bildirishdi.

Shundan so‘ng yoshlarning kelgusidagi rejalari, ularni qiynayotgan muammolar haqidagi taklif-mulohazalar tinglandi. Viloyatimizda turizm va xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish, yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, talaba-yoshlar uchun yo‘nalishli avtobuslar tashkil etish, viloyat “Yoshlar markazi” binosini zamon talablari doirasida qayta qurish singari mavzulardagi ko‘plab taklif va muammolarga viloyat hokimi o‘z munosabatini bildirdi. 

– Jamiyatning eng ilg‘or qatlami sifatida yoshlarni hamisha qo‘llab-quvvatlash, ularning har jihatdan barkamol shaxs bo‘lib voyaga yetishlarini ta’minlash masalasi davlatimiz rahbarining Parlamentga Murojaatnomasida ham o‘z aksini topgan, – dedi Zafar Ro‘ziyev. – Murojaatnomada “Mamlakatimiz aholisining qariyb yarmini tashkil etadigan yoshlar bilan ishlash masalasi, bundan buyon ham eng asosiy vazifalarimizdan biri bo‘lib qoladi”, deya qayd etilgani bejizga emas.

Tadbirlar davomida uzoq masofadan maktabga qatnaydigan yoshlarga velosipedlar sovg‘a qilindi.

Ahror SODIQOV