Jarayon 05.04.2019 24

YOSHLAR VATANPARVARLIKNI HARBIYLARDAN O‘RGANISHMOQDA

Tadbir

Insonda yurtga, oilaga muhabbat va sadoqat yoshlikdan   shakllanadi. Vatanni sevgan, ardoqlagan kishidan esa aslo yomonlik chiqmaydi. Shu ma’noda mamlakatimizda o‘sib kelayotgan yosh avlod vakillarini vatanparvarlik ruhida voyaga yetkazish, ular ongiga yurt himoyasi muqaddas burch ekanini singdirishga muhim masala sifatida qaraladi. Vazirlar Mahkamasining "Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida"gi qarorida ham bu borada qator chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilangan. 

DXX Chegara qo‘shinlariga qarashli, viloyatimizda joylashgan harbiy qismda bo‘lib o‘tgan ochiq eshiklar kuni ham yoshlar o‘rtasida harbiy-vatanparvarlik tarbiyasining samaradorligini oshirish, ularda yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlar, fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish, harbiy xizmat borasidagi bilim va ko‘nikmalarni oshirish maqsadida tashkil etildi.     Tadbirga Abdulla Oripov nomidagi  maktab-internat va Nishon tumanidagi 15-maktabning 10-sinf o‘quvchilari hamda "Yosh chegarachilar" klubi a’zolari taklif etildi.

- Ma’lumki, armiya bilan yaqinlik xalqda, yosh yigit-qizlarda harbiy-vatanparvarlik hissini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi, - deydi mayor Aybek Dauletmuratov. - Bu tadbirni o‘tkazishdan ham shu muddaoni ko‘zlaganmiz. Ochiq eshiklar kunida o‘quvchilar harbiy qismdagi barcha sharoitlar, xususan, kundalik ish jarayoni, foydalanishda bo‘lgan zamonaviy qurol-yarog‘lar, meyor bilan tasdiqlangan harbiy kiyimlar, shuningdek, xizmat itlarining xatti-harakatlarini ko‘zdan kechirish imkoniga ega bo‘ldi. "Qahramonlar xotirasi barhayot" xotira maydonida esa yoshlarga turli yillarda davlat chegarasini qo‘riqlash chog‘ida mardlik ko‘rsatib halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar jasorati haqida so‘zlab berildi.  Shuningdek, yoshlar "Mard o‘g‘lonlar nomi barhayot" va "Unutilmas yorqin yulduzlar" kitoblarini mutolaa qilishdi.

Sobir NARZIYEV