Siyosat 31.01.2017 833

YOSHLARGA OID DAVLAT SIYOSATI – AMALDA

Qonun ijodkorligi

YOSHLARGA OID DAVLAT SIYOSATI – AMALDA

bo‘lishi uchun tegishli soha vakillarining mas’uliyati va javobgarligini yanada kuchaytirish zarur

Ma’lumki, mamlakatimizda mustaqillik yillarida har tomonlama yetuk barkamol avlodni voyaga yetkazish, yoshlarning zamonaviy bilim hamda kasb-hunar sohibi bo‘lishi, jamiyat hayotida munosib o‘rin egallashi uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi.

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov 1989-yilning 25-oktabridayoq yoshlar masalasiga alohida e’tibor qaratib, ularni tarbiyalash ishiga munosabatimizni mutlaqo o‘zgartirishimiz kerakligini, agar shuni qilmasak, bu yurishda katta yo‘lga chiqishimiz qiyin bo‘lishini ta’kidlagandi.

Ana shu fikrlarning amaldagi ifodasi sifatida istiqlol yillarida ertangi kun egalari – yoshlarning har tomonlama chuqur bilim olishi, o‘z iqtidor va qobiliyatini to‘la namoyon etishlari uchun zarur imkoniyatlar muhayyo etildi. Yoshlarga oid dastlabki qonun 1991-yil 20-noyabrda qabul qilingan bo‘lib, u “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida”gi Qonun hisoblanadi. Shuningdek, Oila kodeksi, Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi, “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Ta’lim to‘g‘risida”gi, “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi, “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi, “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi Qonunlar yoshlar tarbiyasida, ularni sog‘lom turmush tarziga o‘rgatishda, ish bilan ta’minlashda, huquqbuzarliklarning oldini olishda muhim huquqiy baza vazifasini o‘tadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan o‘tgan yilning 14-sentabr kuni imzolangan “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonun bu boradagi ezgu ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Qonun 4 ta bob, 33 moddadan iborat bo‘lib, yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi amaldagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirishni ko‘zda tutadi. Unda yoshlarga oid davlat siyosati, yoshlar (yosh fuqarolar), yosh oila, yosh mutaxassis hamda yoshlar tadbirkorligi kabi bir qator tushunchalarga izoh berildi.

Xususan, qonunning 3-moddasida qayd qilinganidek, yoshlar deganda o‘n to‘rt yoshga to‘lib, o‘ttiz yoshdan oshmaganlarni, yosh oila deganda o‘ttiz yoshdan oshmagan er-xotindan iborat bo‘lgan oilani, yosh mutaxassis deganda oliy yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasini bitirgan, ishlayotganiga ko‘pi bilan uch yil bo‘lgan o‘ttiz yoshdan oshmagan xodimni tushunish kerak. Yoshlarga oid davlat siyosati davlat dasturlari va boshqa dasturlar asosida amalga oshiriladi.

Yoshlarga oid davlat siyosati deganda, davlat tomonidan amalga oshiriladigan hamda yoshlarni ijtimoiy jihatdan shakllantirish va ularning intellektual, ijodiy va boshqa yo‘nalishdagi salohiyatini kamol toptirish uchun shart-sharoitlar yaratishni nazarda tutadigan ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy va huquqiy chora-tadbirlar tizimi nazarda tutiladi.

Qonunning 5-moddasiga muvofiq, yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:

yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash; hayoti va sog‘lig‘ini saqlash; ma’naviy, intellektual, jismoniy va axloqiy jihatdan kamol topishiga ko‘maklashish; ular uchun ochiq va sifatli ta’limni ta’minlash; ishga joylashtirish va ularning bandligi uchun shart-sharoitlar yaratish; vatanparvarlik, fuqarolik tuyg‘usi, bag‘rikenglik, qonunlarga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida, zararli ta’sirlar va oqimlarga qarshi tura oladigan, hayotga bo‘lgan qat’iy ishonch va qarashlarga ega qilib tarbiyalash; axloqiy negizlarni buzishga olib keladigan xatti-harakatlardan, terrorizm va diniy ekstremizm, separatizm, fundamentalizm, zo‘ravonlik va shafqatsizlik g‘oyalaridan himoya qilish; iqtidorli va iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirish; yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish; yosh oilalarni ma’naviy va moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ular uchun munosib uy-joy va ijtimoiy-maishiy sharoitlarni yaratish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar tizimini amalga oshirish va hokazolardan iborat.

Shuni ham ta’kidlash joizki, yoshlar tadbirkorligi davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishining belgilanishi muhim ahamiyatga molik. Qonunda ularga imtiyozli kreditlar berish, tadbirkorlikka o‘qitish, dasturlar ishlab chiqish, ta’lim muassasalari va ish beruvchilar o‘rtasida shartnomalar tuzish nazarda tutilgan. Shuningdek, iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash masalalari tartibga solinib, bular mukofotlar, stipendiyalar belgilash, ta’lim grantlarini taqdim etish, fan, madaniyat va san’at sohasida ijodiy ustaxonalar va maktablarni tashkil etishga ko‘maklashish, sport seksiyalari faoliyatini tashkil etish orqali amalga oshiriladi.

Ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng sharoitlarda raqobatlashishga qodir bo‘lmagan yoshlarni ishga joylashtirishga yordam qo‘shimcha ish o‘rinlari va ixtisoslashtirilgan korxonalarni barpo etish, o‘qitish bo‘yicha maxsus dasturlarni tashkil etish, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan yoshlarni ishga joylashtirish uchun korxonalar, muassasalar, tashkilotlarda ish joylarining eng kam miqdori zaxirasini yaratish yo‘li bilan ta’minlanadi.

Kam ta’minlangan yosh oilalarga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda moddiy yordam berish choralari ko‘rilishi mumkin.

O‘quv jarayoni vaqtida o‘quvchilar va talabalarni jamoatchilik ishlariga jalb qilishga yo‘l qo‘yilmaydi, bundan ular tomonidan tanlangan mutaxassislikka mos va o‘quv-ishlab chiqarish amaliyotining shakli bo‘lgan hollar yoxud o‘quvchilar va talabalar o‘qishdan bo‘sh vaqtida ixtiyoriy mehnat qilgan hollar mustasno. Mazkur mehnat faoliyatiga mehnat to‘g‘risidagi yoki fuqarolik qonun hujjatlariga muvofiq shartnoma mavjud bo‘lgan taqdirda yo‘l qo‘yiladi.

Qonun hujjatlarida yoshlarni ijtimoiy himoya qilishning boshqa kafolatlari ham berilishi mumkin.

Qayd etish joizki, qonunda muhim masalalardan biri – yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda ishtirok etuvchi organlar va muassasalarning vakolatlari hamda sohadagi ishtiroki belgilab berildi.

Jumladan, qonunning 9-moddasiga ko‘ra, yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda ishtirok etuvchi organlar va muassasalar tizimiga ta’limni davlat tomonidan boshqarish organlari va ta’lim muassasalari, davlat sog‘liqni saqlash tizimini boshqarish organlari va sog‘liqni saqlash muassasalari, madaniyat va sport ishlari bo‘yicha organlar, mehnat organlari, prokuratura, ichki ishlar, adliya, mudofaa ishlari bo‘yicha organlar kiritilgan. Shuningdek, yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda boshqa organlar va muassasalar ham qonun hujjatlariga muvofiq ishtirok etishi mumkinligi belgilab qo‘yildi.

Qonunning 30-moddasida esa yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘lishi qayd etildi.

Umuman olganda, amalga oshirilayotgan mazkur islohotlardan ko‘zlangan pirovard maqsad yoshlarning kuchli, bilimli, dono va albatta, baxtli bo‘lishi, mamlakatimiz istiqboli uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir, Vatan tuyg‘usini chuqur anglaydigan, irodasi mustahkam, yuksak ma’naviyatli bo‘lib yetishishiga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Xurshida URAKOVA,

O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i