YOSHLARIMIZ BIRINCHI, KATTALAR IKKINCHI BO‘LISHDI

Duatlon

YOSHLARIMIZ BIRINCHI, KATTALAR IKKINCHI BO‘LISHDI

Qarshi shahrida duatlon sport turi bo‘yicha O‘zbekiston birinchiligi va chempionati musobaqalari tashkil etildi.

Ma’lumki, duatlon sport turi uch  bosqichdan iborat bo‘lib, birinchi bosqichda ishtirokchilar belgilangan masofani yugurib o‘tadi va keyin velosipedda harakatni davom ettiradi. Oxirgi bosqich - yana yugurish. Yugurib yoki velosipedda bosib o‘tish lozim bo‘lgan masofa ishtirokchilarning yoshi va imkoniyatlaridan kelib chiqib belgilanadi.

Shunga ko‘ra, bahslar yoshlar va kattalar o‘rtasida alohida-alohida o‘tkazildi. Jumladan, yosh sportchilar O‘zbekiston birinchiligi bahslarida ishtirok etishdi. Unda viloyatimiz terma jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 2-o‘rin Buxoro, 3-o‘rin esa Xorazm vakillariga nasib etdi.

Kattalar jamoalari o‘rtasidagi kuchlilarni aniqlab bergan O‘zbekiston chempionati bahslarida esa Buxoro viloyati terma jamoasi vakillari shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. Shuningdek, kuchli uchlikdan viloyatimiz hamda Navoiy viloyati sportchilari joy oldi.

Musobaqaning taqdirlash marosimi Qarshi shahridagi "Vatanparvarlar bog‘i"da tashkil etildi. O‘ziga xos sayr va vatanparvarlik darsi sifatida o‘tkazilgan marosimda mehnat faxriylari, nuroniylar, viloyatimizning faol yoshlari va harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.

G‘olib va sovrindor sportchilar tadbir tashkilotchilari tomonidan diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Jahongir BOYMURODOV

Suratlarda: musobaqadan lavhalar.