Tibbiyot 08.02.2019 110

YOSHLARNI ASR VABOSIDAN HIMOYA QILAYLIK!

Fevral - giyohvandlikka qarshi kurash oyligi

YOSHLARNI ASR VABOSIDAN HIMOYA QILAYLIK!

Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda 500 milliondan ortiq odam giyohvandlik dardiga yo‘liqqan. Uning aksariyat qismini 30 yoshgacha bo‘lganlar tashkil etadi.  Oqibatda har yili 200 mingdan ortiq kishi hayotdan ko‘z yumadi. Shu bilan birga, sodir etilayotgan jinoyatlarning 57 foizi ham aynan giyohvandlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Qarshi shahridagi Mahallot mahalla fuqarolar yig‘inida o‘tgan  "Voyaga yetmaganlar o‘rtasida giyohvand moddalar iste’mol qilishning salbiy oqibatlari" mavzusidagi davra suhbatida shu haqda aytib o‘tildi.

Viloyat hokimligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy markazi va Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Qarshi shahar kengashi hamkorligida tashkil etilgan tadbirga maktab va akademik litsey o‘quvchilari hamda mahallaning uyushmagan yoshlari jalb etildi.

- Giyohvandlik yoshlar hayotiga  jiddiy xavf  solayotgan global muammoga aylangan, - dedi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy markazi bo‘lim boshlig‘i Shuhrat G‘ulomov. - OITS, zahm, virusli gepatit, sil kabi kasalliklar  ham shu illat ta’sirida yuzaga chiqadi. Buning oldini olish uchun "Biz    sog‘lom turmush tarzi tarafdorimiz" shiori ostidagi tadbirlarni yoshlar hayotining ajralmas qismiga aylantirishimiz zarur.

Tadbirda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar.

SH.BOZOROVA