YOT G‘OYALARGA QARSHI SOG‘LOM RUH BILAN

Spartakiada

Qarshi shahrida "Biz buyuk yurt farzandlari - terrorizm, diniy ekstremizm va missionerlikka qarshimiz" shiori ostida spartakiada bo‘lib o‘tdi.

Yoshlarni turli yot g‘oyalardan asrash, ularni vatanparvarlik, milliy qadriyatlarimizga hurmat va sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan mazkur musobaqa bu gal yanada keng qamrovli va shukuhli kechdi.

Spartakiadada nafaqat yoshlar, balki nuroniylar, oilaviy jamoalar ham ishtirok etdi. Jumladan, Qarshi shahridagi "Nuroniylar maskani"da shaxmat musobaqasi tashkil etildi. Unda viloyatning turli hududlaridan kelgan 40 nafardan ortiq nuroniy "aql bahsi"da bellashdi.

Qizg‘in va bahslarga boy kechgan musobaqada 1-o‘rinni Qarshi shahrilik Rahim Rajabov qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 2-o‘rinni shahrisabzlik Xayrullo To‘rayev egalladi. E’tiborli tomoni, 3-o‘rin ham Shahrisabz shahri vakili Zafar Primovga nasib etdi. Shahrisabz tumanidan kelgan Toshpo‘lat Rahimov esa "Eng yoshi katta shaxmatchi" nominatsiyasi g‘olibi sifatida e’tirof etildi.

Shuningdek, umumta’lim maktablari o‘qituvchilari va xodimlari, ularning farzandlari o‘rtasida "Otam, onam va men - sportchilar oilasimiz" shiori ostida o‘tkazilgan oilaviy estafeta musobaqasi ham jo‘shqin ruhda kechdi. Oilalar bir qator shartlar bo‘yicha epchilligu chaqqonliklarini namoyish etishdi. Ularning harakatlari hakamlar tomonidan baholab borildi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, 1-o‘rin Shahrisabz tumani jamoasiga nasib etgan bo‘lsa, 2-o‘rinni Kitob tumani, 3-o‘rinni esa Chiroqchi tumani jamoalari qo‘lga kiritdi.

Bundan tashqari, o‘quvchi yoshlar o‘rtasida suzish, stol tennisi hamda sprint (estafeta), oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida armrestling va kurash, tibbiyot xodimlari o‘rtasida esa futbol bo‘yicha musobaqalar tashkil etildi.

Spartakiadada umumiy hisobda o‘n ming nafardan ziyod kishi (uch ming nafardan ortig‘i xotin-qizlar) ishtirok etib, sportda ham o‘z iqtidorlarini namoyon qildilar.

Sport musobaqalarining g‘olib va sovrindorlari diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Spartakiada viloyat san’at ustalari, talabalar va yosh iste’dod egalari tomonidan namoyish etilgan ajoyib shou dasturi bilan yakunlandi.

J.BOYMURODOV

Suratlarda: spartakiadadan lavhalar.