YUGURISH MARAFONIDA - QARSHI DAVLAT UNIVERSITETI TALABALARI G‘OLIB

Yoshlarga oid davlat siyosati – amalda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 18-dekabrdagi "Yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi, sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va aholining jismoniy faolligi darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori hamda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish va ijtimoiy-ma’naviy sohadagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha beshta muhim tashabbus asosida viloyatimizdagi oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida yugurish marafoni o‘tkazildi.

Viloyat hokimligi, jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi, aloqador tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilgan musobaqada talaba-yoshlar Qarshi ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatidan madaniyat va istirohat bog‘ida joylashgan amfiteatrgacha bo‘lgan masofani yugurib o‘tishdi.

O‘g‘il bolalar o‘rtasida 1-o‘rinni Qarshi davlat universiteti talabasi Islombek Rahmatov qo‘lga kiritgan bo‘lsa, qizlar o‘rtasida ham shu universitet talabasi Go‘zal Jo‘rayevaga yetadigani topilmadi.

- Har kuni tongda yuguraman, buning ortidan o‘zimni kun bo‘yi tetik his qilaman, - deydi musobaqa qatnashchisi, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti talabasi Gulbadan Saidmurodova. - Bugun esa tezkorlik, chaqqonlik sinovdan o‘tdi. Sport bilan jamoa bo‘lib shug‘ullanilsa, mashg‘ulot mazmunli o‘tishi yugurish marafonida ham o‘z isbotini topdi.

Musobaqa g‘olib va sovrindorlariga tashkilotchilarning esdalik sovg‘alari topshirildi.

SOJIDA