Tibbiyot 22.12.2018 38

YUQUMLI KASALLIKLARNI DAVOLASHDA ENDI YUQORI TEXNOLOGIYALARGA TAYANILMOQDA

Tibbiyot

YUQUMLI KASALLIKLARNI DAVOLASHDA ENDI YUQORI

TEXNOLOGIYALARGA TAYANILMOQDA

Achchiq bo‘lsa-da, tan olish kerak, yaqin-yaqingacha viloyatimizda aholi o‘rtasida uchraydigan yuqumli kasalliklarni davolash darajasi u qadar qoniqarli emasdi. Aniqroq tasavvur hosil qilish uchun oxirgi yillarda hududda kuzatilgan bu yo‘nalishdagi umumiy tibbiy ahvolga baho berish yetarli, nazarimizda. Birgina so‘nggi paytda 2 yoshdan 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida virusli gepatit "A" va o‘tkir ichak infeksiyalari bilan og‘rish ko‘rsatkichi 1,5 barobar oshgani misolida ham buni ravshan ko‘rish mumkin. 2016-yilda 2380 nafardan ortiq bemor bola o‘tkir diareya bilan davolanib chiqqan bo‘lsa, bultur ushbu raqam salkam 3 ming nafarga yetgan.

 

Shunga yarasha, bemorlarning tegishli tartibda yotib davolanishiga ham zarur maqbul sharoit yo‘q edi, hisobi. Bunda quyi tibbiyot muassasalariga namuna sanalishi lozim bo‘lgan viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi ham ayanchli holga kelib qolgandi. O‘tgan asrning 50-yillarida yotoqxona sifatida qurilgan mavjud binolar esa zo‘rma-zo‘raki shifoxonaga moslashtirilgan. Shu vaqtgacha doimiy ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan, kanalizatsiya tizimi mavjud bo‘lmagan. Binoni isitish masalasi haqidaku umuman gapirmasa ham bo‘ladi. Boz ustiga, shifoxona xodimlari ishlab chiqarilganiga yarim asr bo‘layozgan tibbiy asbob-uskunalarni ishlatishdan boshqa chora topolmagan.

- Davlatimiz rahbari 2017-yil fevralda viloyatimizga tashrifi davomida hududdagi ijtimoiy soha obyektlari moddiy-texnik bazasini o‘rganar ekan, shifoxonamizga ham alohida e’tibor qaratgandi, - deydi mazkur muassasa bosh shifokori Qahramon Qurbonov. - Prezident vohamizda virusli gepatitlar bilan kasallanish holati oldingi yillarga nisbatan ancha ko‘paygani, shifoxonamiz nochorlashib qolganini ta’kidlab, ahvolni ijobiy tomonga o‘nglash bo‘yicha topshiriqlar bergandi. Muassasamiz imkoniyatlarini yanada oshirish, uni zamon talabiga javob beradigan darajaga keltirish vazifasi qo‘yildi. Jumladan, 120 o‘ringa mo‘ljallangan yangi davolash bo‘limlari barpo etish hamda 100 o‘rinli ishlab turgan bo‘limlarni rekonstruksiya qilish, eng so‘nggi tibbiy asbob-uskunalar bilan to‘liq jihozlash belgilandi. 2017-yil may oyida esa qurilish ishlarini bajarishga kirishildi. Loyihani to‘la ro‘yobga chiqarish uchun 80 milliard so‘mdan ko‘p mablag‘ ajratildi.

Aytish joizki, shifoxonaning yangi binosini qurishda uning o‘ziga xos va mavjud standartlarga mos bo‘lishi har jihatdan hisobga olingan. Ilgari deyarli poydevorsiz, shunchaki qo‘r to‘kib turgan, devorlari nuray boshlagan, tibbiyot maskani deyishga ham til bormaydigan bir qancha imoratlar butkul yangidan bunyod etildi. Aksar davolash bo‘linmalari kasallik yuqishi yo‘liga qarab bir-biridan ajratilgan. Bu esa tibbiy xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan. Qavatlar o‘rtasida qatnov oson bo‘lishi uchun lift o‘rnatilgan. Shunday qilib, bugungi kunda URVI va tif-paratif kasalliklar, bolalarda o‘tkir ichak infeksiyasi, parazitologiya va reanimatsiya bo‘limlari o‘zida barcha qulayliklarni mujassam etgan yangi binoda ish boshlagan. Shifoxona laboratoriyasi zamonaviy mikroskop, bioximik analizator, IFA analizator va gemotologik analizator bilan ta’minlandi. Qabul - diagnostika bo‘limiga UZI, rentgen, gastrofibroskop, EKG apparatlari olib kelindi. Reanimatsiya bo‘limining larengoskop kopmlekti, defibrillyator, kardiomonitorlar bilan jihozlangani og‘ir ahvoldagi bemorlarga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatini yaratdi.

- Ushbu xayrli tashabbus amalga oshishi natijasida eng so‘nggi rusumdagi qariyb 40 turdagi tibbiyot jihozi va apparatlarga ega bo‘ldik, - deydi bosh shifokor o‘rinbosari Rahim Ro‘ziyev. - Ularning deyarli hammasi dunyoning yetakchi kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan. Ilgari qo‘limiz ko‘p masalada kaltalik qilgan bo‘lsa, endilikda ancha uzaydi. Birgina virusni sifatli aniqlash, miqdoriy ko‘rsatkichlarni tekshirish uchun bemorlar Toshkentga borib kelishga majbur bo‘layotgandi. Hozirda bunga umuman hojat qolmadi. Ayni paytda shifoxonamizda ishlatilayotgan bioximik analizator yordamida soatiga 300 ga yaqin test o‘tkazish mumkin. Bunda natija 17 xil ko‘rsatkich bo‘yicha olinadi. Gepatit turlarini aniqlash ham osonlashdi. Bunday sharoitda faqat sidqidildan ishlash kerak, xolos.

Shifoxona rahbariyatining bildirishicha, muassasa qoshida viloyatda yagona gepotologik markaz ochildi. Bu yerga yuqori aniqlikda ishlovchi yangi UZI apparati o‘rnatildi. Ahamiyatlisi, bu faoliyat yo‘nalishi bemorda jigar sirrozi, xronik diabetni oldindan aniqlash va tezkor davolash chorasini ko‘rish imkonini beradi. Shu orqali yuqumli kasalliklar profilaktikasini kuchaytirishga ham erishiladi. 

Yana bir jihati, butkul o‘zgacha qiyofa kasb etgan shifoxonada yangi tibbiyot texnologiyalarini ishlata olishga qodir, davolashning takomillashgan usullarini o‘zlashtirgan malakali kadrlarga ham talab paydo bo‘ldi. Ayni vaqtda 80 nafardan ziyod oliy va o‘rta ma’lumotli tibbiyot  mutaxassislari mehnat qilayotgan bu shifo maskanida mazkur masala ham e’tibordan chetda qolmagan. O‘tgan davrda bir qancha yosh kadrlar ishga olingan. Tajriba almashish maqsadida esa 7 nafar shifokorning chet elda o‘qib qaytishi tashkil etilgan. Kelgusida ham bu amaliyotni muntazam davom ettirish maqsad qilingan.

Albatta, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida amalga oshirilgan yaxshi o‘zgarishlarni bugun bemorlar ham his etishayapti.

- 9 yoshli qizim Nozima to‘satdan ichi bezovta qilib, betob bo‘lib qoldi, - deydi Qarshi shahrilik Muhabbat Samadova. - Darrov shu yerga olib keldik. Bilsak, kasallikka qizim maktab oldidagi do‘kondan sotib olib yegan xotdog sabab bo‘lgan ekan. Shifokorlar buni darhol aniqlab, muolaja belgilashdi. Ikkinchi kundirki, Nozima o‘zini juda yaxshi his qilyapti. Rosti, shifoxonadagi sharoitlar bu darajada bo‘ladi, deb tasavvur qilmagandik. Barchasi juda yaxshi. Xonalar issiq va shinam. Aholi  salomatligi yo‘lida shuncha ish qilinganidan rosa quvondik.

Hech shubha yo‘q, insonning sihat-sog‘lig‘i barchasidan ustun.  Jamiyatni ham sog‘lom kishilar taraqqiyotga yetaklaydi. Bugun davlatimiz tomonidan mazkur sohaga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani sababi ham shunda aslida. Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida eng ilg‘or tibbiy texnologiyalar asosida kasalikka erta va aniq tashxis qo‘yish imkoniyati kengaygani, davolashning zamonaviy usullari amaliyotga joriy etilishi esa kelgusida vohada yuqumli kasalliklar bilan bog‘liq ko‘rsatkichlar keskin pasayishiga olib kelishi shubhasiz.

M.SHUHRATOV

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.