Jarayon 11.12.2018 198

YURIDIK XIZMATLAR FAOLIYATINI YO‘LGA QO‘YISHDA QANDAY KAMCHILIKLAR MAVJUD?

Yig‘ilish

YURIDIK XIZMATLAR FAOLIYATINI YO‘LGA QO‘YISHDA QANDAY KAMCHILIKLAR MAVJUD?

Viloyat adliya boshqarmasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi tomonidan davlat organlari va tashkilotlarida yuridik xizmatning yo‘lga qo‘yilganligi holatini o‘rganish natijalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.

Deputat va senatorlar, Adliya, Mudofaa, Ichki ishlar, Xalq ta’limi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirliklari, mahalliy hokimliklar vakillari qatnashgan tadbirni Senatning Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi Botir Matmuratov kirish so‘zi bilan ochdi.

Qayd etilganidek, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, korxona, muassasa va tashkilotlar faoliyatida qonun ustuvorligi va qonuniylikni ta’minlash demokratik-huquqiy islohotlarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Prezidentning 2017-yil 19-yanvardagi "Yuridik xizmat faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ham ayni shu maqsadga qaratilgandir.

Senat qo‘mitasi o‘rganishlarida viloyatda ushbu yo‘nalishda salmoqli ishlar bajarilgani, xususan, Mudofaa vazirligi tizimidagi barcha yuridik xizmatlar faoliyati tegishli meyoriy-huquqiy hujjatlar asosida yo‘lga qo‘yilgani ma’lum bo‘ldi. Yuridik xizmat xodimlarining kasb malakasini oshirish maqsadida Mudofaa vazirligi tizimidagi 25 nafar xodim, shu jumladan, viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan huquqshunoslar shu yilning 17-29-sentabr kunlari Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazida o‘qitildi hamda adliya organlarida attestatsiyadan o‘tkazildi, shahodatlangan 12 nafar xodim tegishli martaba darajasiga ega bo‘ldi.

Biroq ayni yo‘nalishda qator kamchiliklar ham ko‘zga tashlangan. Xususan, tegishli hujjatlarda yuridik xizmatlar uchun ajratiladigan alohida xonalar o‘lchami, ularning jihozlanishi bo‘yicha aniq meyorlar belgilangan bo‘lsa-da, ayrim muassasalarda yuridik xizmat xodimlariga ajratilgan xizmat xonasi hajm jihatidan juda kichik bo‘lib, ishlashda noqulaylik tug‘dirmoqda. Bundan tashqari, ularga zarur asbob-uskunalar va jihozlar ham taqdim etilmagan.

Ma’lumki, yuridik xizmatlar zimmasiga yuklatilgan asosiy vazifalardan biri davlat organlari va tashkilotlarining norma ijodkorligi faoliyatida ishtirok etish, qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflarni tayyorlashda ularning tarkibiy tuzilmalari ishini muvofiqlashtirishdan iborat. Ushbu vazifani yuqori darajada bajarish uchun xizmat xodimlari doimiy ravishda tajriba orttirishi va 3 yilda kamida bir marotaba markazlashtirilgan holda o‘qitilishi shart. Biroq viloyatdagi ayrim idoralarda bu tartibga rioya qilinmayapti, oqibatda ular tomonidan tegishli idoralarga kiritilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari tayyorlash, yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirish va huquqiy ekspertizadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida uslubiy ko‘rsatmalar talablariga mos kelmagani sababli ko‘rib chiqilmasdan qaytarilgan. Bu esa o‘z navbatida ortiqcha hujjat aylanishi va bir loyihaning Adliya vazirligiga ikki va undan ko‘p marotaba taqdim etilishiga, ortiqcha vaqt sarfiga sabab bo‘lgan.

Majlisda shu va boshqa kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan takliflar bildirildi. Xususan, hozirgi kunda ko‘plab yuridik xizmat lavozimlari vakantligini inobatga olgan holda, lavozim razryadlari qayta ko‘rib chiqilishi maqsadga muvofiqligi qayd etildi.

Kun tartibidagi masala yuzasidan qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

N.XO‘JAYEV