Ma'naviyat 20.12.2018 59

YURIY GAGARINNING SIRLI O‘LIMI

Tarix va talqin

YURIY GAGARINNING SIRLI O‘LIMI

Insonning koinotga ilk bor parvoz qilishi... bu olamshumul voqea edi. 1961-yil 12-aprel kuni fazogir Yuriy Gagarin "Vostok" raketasida "Boyqo‘ng‘ir" kosmodromidan fazoga uchgandi. 108 daqiqa davomida raketa Yer sharini bir marta aylanib chiqqach, fazogir Saratov viloyati Smelovka qishlog‘i hududiga "qo‘ndi". Oradan yetti yil o‘tib, Gagarin parvoz qilgan o‘quv-mashq samolyoti halokatga uchradi va u hayotdan ko‘z yumdi. Biroq bugungi kunga qadar uning o‘limi ko‘plab shov-shuv, bahs-munozaralarga sabab bo‘lib kelayotir...

Negaki, ilk fazogirning o‘limi sabablari hamon sirliligicha qolmoqda, uning falokati haqida turli-tuman taxminu farazlar bildiriladi: "samolyot nosoz bo‘lgan", "mazkur sirli o‘limda o‘zga sayyoraliklarning qo‘li bor", "Gagarin havodayoq bu dunyoni tark etgan", "uchuvchi uchish oldidan spirtli ichimlik iste’mol qilgan" (ekspertiza xulosalariga ko‘ra, uning qonidan hech qanday spirtli ichimlik alomatlari topilmagan), "Yuriy Gagarin qandaydir suiqasd natijasida o‘lgan. Bunda hukumatning qo‘li bor. Chunki hukumat uning erksevarligidan avvaldan cho‘chib yurgan", "Aslida fazogir o‘sha kuni o‘lmagan. U tirik edi. Samolyotda fazogirning o‘rnida boshqa birov uchgan va halok bo‘lgan". Ammo hech bir taxmin, faraz va talqin o‘z isbotini topmayapti. Ishonarli yechim esa yo‘q. Xo‘sh, aslida qaysi talqin haqiqatga yaqinroq?

1968-yilning 27-martida Yuriy Gagarin va uchuvchi-konstruktor Seryogin so‘nggi parvozlarini amalga oshirishdi. Ular parvoz qilgan MiG-15 UTI o‘quv-mashq samolyoti dastavval nazorat va kuzatish majmuasida sinchkovlik bilan parvozga tayyorlangandi, tibbiy tekshiruvdan ikkala uchuvchi ham muvaffaqiyatli o‘tdi. Biroq kutilmagan halokat sodir bo‘ldi. Mutaxassislarning fikricha, samolyot o‘quv-mashqini bajarish jarayonida shtopor (samolyotning pastga qarab buralib sho‘ng‘ishi)ga tushib qolgan va kuchli sho‘ng‘ib uchishdan chiqib ketish vaqtida yerga urilgan. Biroq nima uchun juda tajribali uchuvchilar boshqaruvidagi samolyot shtoporga tushib qoldi?

Samolyot kunduzgi soat 10:31 da Vladimirsk viloyatining Kirjach shahridan 18 kilometr uzoqlikdagi Novoselovo hududida qulab tushgan. Halokat sodir bo‘lgan joyda paydo bo‘lgan chuqurlik tezda botqoq suviga to‘ladi. Atrofda alyumin parchalari har yonga sochilib yotardi. Eng qizig‘i, portlash sodir bo‘lmadi. Samolyot shunchaki quladi. Kun yarmiga kelib esa radiodan "ilk fazogir Yuriy Gagarin halok bo‘ldi", degan xabar e’lon qilindi.

Ajablanarlisi, Gagarinni halokat sodir bo‘lishidan mashhur rus munajjimi Sergey Vronskiy ogohlantirgan. Ammo bu fazogirni sarosimaga yoki hayratga solmagan. Balki bid’atga qattiq ishonib qolishni xohlamagan. O‘z navbatida esa munajjimning ogohlantirishiga shunchaki qo‘l siltamagan ham. Buni uning g‘alati harakatlari dalillaydi. Fazogir o‘limidan bir necha kun oldin xonadoniga barcha do‘stlari, hamkasblari qavm-qarindoshu yaqinlarini bir dasturxon atrofida to‘plashga astoydil harakat qiladi. Hattoki, bazmga uzrli sabablarga ko‘ra bora olmaydigan ayrim yaqinlarini ham qat’iyat va tirishqoqlik bilan taklif qilaveradi. Shifoxonada davolanayotgan rafiqasi Valentinani ham bazmga olib keladi. U kutgandek dasturxon atrofida barcha jamuljam bo‘ldi. Yaqinlar, do‘stlar uning xonadoniga 23 mart kuni kelgan bo‘lsa, yana ikki kun mehmon bo‘lib qolishdi. Chunki Gagarin ularni holi joniga qo‘ymay olib qoldi. Ikki kun o‘tib esa u halok bo‘ldi. Shundan so‘nggina bu xayrlashish bazmi ekanligiga ko‘pchilikning fahmi yetdi.

Mutaxassislarning samolyot halokati haqidagi rasmiy talqini quyidagicha bo‘ldi: Gagarin va Seryogin samolyoti yaqinidan xuddi qiruvchi Su-22 samolyotiga o‘xshash bahaybat tezuchar jism uchib o‘tgan va u tomonidan berilgan kuchli havo zarbasi MiG-15 UTI o‘quv-mashq samolyotining navigatsiyali boshqaruv ruliga jiddiy zarar yetkazgan. Samolyotni esa shtoporga tushirgan. Tajribali uchuvchilar samolyotning buralib aylanishini bartaraf etishga muvaffaq bo‘lishganu, uning pastga sho‘ng‘ishini to‘xtatishga ulgurishmagan. Afsuski, ularga samolyotni o‘nglash uchun atigi bir necha lahza yetmagan.

Yuriy Gagarin koinotga ilk bor parvoz qilishi oldidan har ehtimolga qarshi xayrlashuv maktubini yozib qoldiradi. Mazkur maktub uning rafiqasiga oradan yetti yil o‘tib, o‘quv-mashq samolyoti halokatidan so‘ng topshirildi. Ilk fazogir halok bo‘lgani bois mamlakatda umummilliy motam kuni e’lon qilindi. Bu voqea butun dunyoni larzaga keltirdi.

AZIZBEK tayyorladi.