Madaniyat 02.04.2019 105

"YURTIN DOSTON ETAR BAXSHI"

Ko‘rik-festival

Dehqonobod tumanida viloyat hokimligi ma’naviyat va ma’rifat markazi, viloyat madaniyat boshqarmasi, "Dehqonobod kaliy zavodi" MCHJ hamda "Voris" folklor va nomoddiy madaniy merosni rivojlantirish  markazi hamkorligida o‘tkazilgan tadbir shunday nomlandi. Ushbu tadbir doirasida tashkil etilgan davra suhbati va ko‘rik-festivalda  bugungi kunda viloyatimizda samarali faoliyat ko‘rsatayotgan baxshi-shoirlar, folklorshunos olimlar, madaniyat sohasi xodimlari, baxshichilik san’ati ixlosmandlari hamda "Dehqonobod kaliy zavodi" MJCH mehnat jamoasi qatnashdi.

Festivalni tuman hokimi Z.Aliqulov hamda "Dehqonobod kaliy zavodi" MJCH direktori H.Shermatov kirish so‘zi bilan ochib berishdi. Ushbu tadbirni o‘tkazish uchun  aynan Dehqonobod tumani bejiz tanlanmagani, chunki bu hududda  dostonu termalarni sevib tinglamaydigan kishilar deyarli uchramasligi, bugungi kunda bu yerda nafaqat viloyatda, balki respublikada va xalqaro maydonda ham tanilib ulgurgan ko‘plab baxshi-shoirlar samarali ijod qilayotgani bildirildi. Tumanda biror bayram-tantana yo‘qki, baxshilarsiz o‘tsa.

- Shu ma’noda ushbu tadbirga avvaldan puxta va yuqori saviyada tayyorgarlik ko‘rilgandi, - deydi viloyat madaniyat boshqarmasi bosh mutaxassisi Fotima Jumayeva. - Xalq og‘zaki ijodining yetakchi janri bo‘lgan baxshichilikni keng targ‘ib qilish, folklor an’analari va qadriyatlarini saqlash, o‘rganish, rivojlantirish va viloyatda yashab ijod etayotgan baxshichilik san’atining mohir ijrochilarini rag‘batlantirish kabi maqsadlar ko‘zlangan bundan. Shuningdek, festival kishilar, ayniqsa, yosh avlod qalbida baxshichilik san’atiga bo‘lgan mehr-muhabbat tuyg‘ularini yanada kuchaytirishga xizmat qila oldi. Axir bu san’at odamlarni mardlikka, halollikka undaydi, yurtni sevishni o‘rgatadi.

Darhaqiqat, so‘nggi vaqtda mamlakatimizda xalqimizning noyob merosi sanalgan baxshichilik san’atini yanada yuksaltirishga va eski a’nanalarni qayta tiklashga, soha ijodkorlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga, yurtdoshlarimiz va chet elliklarning ushbu o‘lmas san’atimiz namunalaridan ko‘proq bahramand bo‘lishiga katta e’tibor berilmoqda. Davlatimiz rahbari qaroriga muvofiq, Surxondaryoda birinchi marta shu yildan boshlab "Xalqaro baxshichilik san’ati festivali" o‘tkazilayotgani ham fikrimiz tasdig‘idir. Shuningdek, hukumat qaroriga asosan, viloyatimizda kelgusida baxshichilikni yanada rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilgan va allaqachon ular ijrosiga kirishilgan. Bugungi kunda Dehqonobod va Chiroqchi tumanlaridagi bolalar musiqa va san’at maktablarida baxshichilik va dostonchilik yo‘nalishidagi sinflar faoliyati yo‘lga qo‘yilgani ham mazkur qadriyatimiz sir-asrorlarini o‘rganishga ishtiyoqmand yoshlarga katta imkoniyat taqdim etdi. Hozir ularga o‘z sohasining ustalari bo‘lgan mahoratli baxshilar saboq bermoqda.

 "Dehqonobod kaliy zavodi" MJCH faollar zalida bo‘lib o‘tgan ushbu tadbirning birinchi qismida davra suhbatiga navbat berildi. Unda viloyatimizda baxchishilik san’ati ayni paytdagi rivoji holati, yutuq va kamchiliklar, bu san’at namunalarining aholi turmushida tutgan o‘rni haqida so‘z yuritildi. Filologiya fanlari doktori, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomli adabiyot muzeyi direktori Jabbor Eshonqulov, QDU folklorshunos olimlari Abduolim Ergashev, Nasim Ochilov, Xalq baxshilari Qahhor va Abdimurod Rahimovlar hamda boshqalar tomonidan ma’ruzalar qilindi. "Baxshichilik san’atini bugungi hayotimizga targ‘ib qilish", "Dehqonobod baxshichilik maktabi - yosh baxshilar uchun haqiqiy hayot maktabi", "Xalq og‘zaki ijodi materiallarini to‘plash, tatbiq etish va nashrga tayyorlash muammolari", "Baxshichilik san’atida "Ustoz-shogird" an’anasi" kabi mavzularga to‘xtalib o‘tildi.

Ta’kidlandiki, qashqadaryolik beqiyos iste’dod sohiblari bo‘lmish ijodkor va ijrochi baxshilarni dunyo tan olgan. Bu voha dostonchilari, jumladan, dehqonobodlik  (marhum) Qodir baxshi Rahim o‘g‘li, chiroqchilik (marhum) Azim shoir, qamashilik (marhum) Hazratqul baxshi Xudoyberdi o‘g‘li kabi baxshi-shoirlarning ovozlari Turkiya, Amerika, Rossiya, Fransiya, Tog‘li Oltoy, Hindiston, Mo‘g‘uliston va boshqa xorijiy mamlakatlargacha yetib borgan va dostonsevarlar qalbini zabt etgan. Ulardan ba’zilari o‘zga o‘lkalarda bo‘lib, xalqaro anjumanlarda ishtirok etishgan, xalq dostonlari va musiqasi shinavandalarini o‘z chiqishlari bilan lol qoldirishgan.

Ma’lumki, voha aholisi dilidagi quvonch tuyg‘ularini, orzu-umidlarini, o‘y-kechinmalarini dostonlarda kuylagan. "Alpomish", "Rustam", "Go‘ro‘g‘li", "Avaz" singari dostonlarni yaratgan xalq, tinglagan ajdodlarimiz ular kabi alp, jasur, mard, or-nomusli, elparvar va yurtsevar, axloqiy barkamol bo‘lishga intilgan va o‘z avlodlarini  shu ruhda tarbiyalaganlar. An’anaga izchil rioya qilish, farzandlarning otalar ishiga sadoqati, ma’naviyat, madaniyat va san’atdagi davomiylikni saqlab qolishi hozirgi kunda ham  qashqadaryolik baxshi-shoirlarning dostonlar kuylashiga, yangiliklar yaratishiga, ko‘plab dostonxonlik davralari, davra suhbatlari, ilmiy-amaliy anjumanlarning tashkil etilishiga imkon yaratmoqda.

Festival doirasida mashhur Qodir baxshi Rahimov xotirasiga bag‘ishlab, baxshilar bahsi tashkil etildi. Mazkur ko‘rik-festivalda orzu-umid bilan qo‘liga do‘mbira ushlagan 30 dan ziyod baxshi va havaskorlar qatnashdi. Asli Dehqonoboddan bo‘lgan, hozirda Surxondaryoning Muzrabot tumanida yashovchi Chori baxshi Umirov, Rasul baxshi Umirov, sakkiz yoshli Diyorbek Rasulov, Xalq baxshisi Shodmon Xo‘jamberdiyev o‘z mahoratlarini namoyish etishdi. Uchta shart asosida o‘tgan bahsda qatnashchilarga do‘mbira chertish, taniqli baxshilar ijodidan parcha aytish, o‘zi ijod qilgan termalarni kuylash vazifasi topshirildi. Buning uchun ularga ma’lum vaqt ham berildi.

- Bu o‘ziga xos musobaqada raqobat juda kuchli bo‘ldi, - deydi tanlovnig birinchi o‘rin sohibi Bahrom baxshi Rahimov. - Chunki bu yerga Qashqadaryoning chor tarafidan, qo‘shni Surxondaryodan manaman degan baxshilar kelishgandi. Bu ham kishiga yanada zavq va kuch berdi. Otam ijodiga mansub, "Go‘ro‘g‘li" turkumiga kiruvchi "Jorhun" dostonini ijro etdim. Keyin o‘zim yaratgan "Qolar" termasini kuyladim. Chiqishim hakamlarga ma’qul kelib, yuqori o‘ringa munosib ko‘rishdi. Bunday bahslar, yuqori e’tibor har qanday baxshini ruhlantiradi, albatta.

Ko‘rik-festival yakunlariga ko‘ra, ikkinchi o‘rin nishonlik Murodulla Aliqulovga, uchinchi o‘rin chiroqchilik Sanjar Chubayevga nasib etdi. "Eng keksa baxshi" yo‘nalishida 82 yoshli Chori baxshi Umirov, "Eng yosh baxshi" nominatsiyasida uning nabirasi Diyorbek Rasulov taqdirlandi. Shuningdek, baxshilar - Ahmad Shoto‘rayev, Aliyor Normatov, Anvar Bo‘riyev, Muhammadi Daminov, aka-uka Shoyqul va Boyqul Mirzayevlar, Erkin O‘rolov, Ilhom Rahimov singari qatnashchilar mahorati e’tirof etildi. Barcha ishtirokchilarga "Dehqonobod kaliy zavodi" MJCH rahbariyati tomonidan tayyorlangan maxsus sovg‘alar, g‘olib va sovrindorlarga esa sertifikatlar berildi.

Yakunda bu kabi festivalni har yili shu vaqtda Dehqonobod tumanida tashkil etishga kelishib olindi.

Qayd etish joiz, joriy yilning 5-10-aprel kunlari Termiz shahrida bo‘lib o‘tadigan "Xalqaro baxshichilik san’ati festivali"da ham viloyatimizdan asosiy g‘oliblikka da’vogar qator mahoratli baxshi-shoirlar ishtiroki ko‘zda tutilgan. Ularga katta ishonch bildirib qolamiz.

Abdiolim ERGASHEV

M.SHUHRATOV