Tibbiyot 21.06.2019 162

ZAMONAVIY ENDOUROLOGIK DAVOLASH USULLARI

Xalqaro forum

ZAMONAVIY ENDOUROLOGIK DAVOLASH USULLARI

an’anaviy "ochiq" usullardan ko‘ra bir qancha ustunliklarga ega

Shahrisabz shahrida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti hamda U-merge assotsiatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan "Zamonaviy endourologiya" I xalqaro ilmiy-amaliy forumida Germaniya, Buyuk Britaniya, Rossiya, Pokiston, Xitoy, Vyetnam, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Afg‘onistondan hamda respublikamizning barcha mintaqalaridan urologiya sohasi yetakchi mutaxassis-olimlari hamda amaliyotdagi shifokorlar ishtirok etishdi.

Endourologiya sohasida davolashning yangi usullari ishlab chiqilishi uning ulkan istiqbolini belgilamoqda. An’anaviy "ochiq" usullar bilan taqqoslaganda laparoskopik va endoskopik usullarning bir qancha ustunliklari bor. Bu avvalo, kamjarohatliligi - zararlangan a’zoga hech qanday jarohatlarsiz yetib borish, bundan tashqari,  yuqori aniqlikdagi ko‘rinish orqali operatsiyaning hamma bosqichlarini maksimal darajada sifatli va to‘g‘ri bajarish va asoratlarni kamaytirish imkonini beradi.

- Forumning  asosiy maqsadi yosh urologlarimizni zamonaviy kam jarohatli endourologik davolash usullari bilan tanishtirish, shu sohada endi ish boshlayotgan shifokorlarimizni dunyodagi eng tajribali endourologlar bilan tajriba almashishiga sharoit yaratishdan iborat, - deydi Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti urologiya va andrologiya kafedrasi mudiri, professor Asilbek G‘aybullayev. – Hozir O‘zbekistonda ilgarigidan farqli ravishda deyarli barcha viloyat shifoxonalariga endourologik asbob-uskunalar keltirilmoqda. Bundan tashqari, shu toifa kasalliklariga ixtisoslashgan yuzdan ortiq xususiy klinikalar tashkil etilib, ulardagi doktorlar ham bu usullarni o‘zlashtirmoqda. Mana shu shifokorlarni bir tizimga  solib ishlatish va nufuzli klinikalarda malakasini oshirish imkoniyatini yaratish uchun uchta katta klinika, ya’ni Yevropaning endourologik bilimlar beradigan   U-MERGE nodavlat assotsiatsiyasi, Rossiyaning Rostov tibbiyot akademiyasi va Pokistonning Karachi tibbiyot universiteti urologiya kafedrasi bilan memorandumlar imzolandi.

Forum doirasida Kitob tumanidagi "Salomatlik akademiyasi"da eng zamonaviy texnologiya asosida o‘tkazilgan prostata bezi adenomasi operatsiyasi onlayn rejimda translyatsiya qilindi. Unda lazer yordamida prostata bezi adenomasi enikulyatsiya qilindi. Shuningdek, zararsiz usulda buyrak tosh operatsiyasi o‘tkazilib, buyrakdagi tosh maydalab olib tashlandi.  

- Hozirgi paytda O‘zbekiston endourologlari yaxshi bilimga ega va zamonaviy texnikalarni puxta o‘zlashtirishayapti, - deydi ushbu operatsiyani o‘tkazgan xitoylik endourolog Fan Javzi. - Men o‘ylaymanki, hozir tayyorlanayotgan vrachlar mana shu uskunalar yordamida murakkab operatsiyalarni o‘tkaza oladigan zo‘r mutaxassis bo‘la olishadi. Biz bugun o‘tkazgan lazer asosidagi prostata bezi adenomasi operatsiyasi ham ana shunday ilg‘or tibbiy xirurgik amaliyot hisoblanadi.

Shuningdek, anjumanda urologiyaning zamonaviy endoskopik xilma xil davolash va tekshirish usullari, shu jumladan, prostata, siydik kanali va qovuq kasalliklarida endoskopik jarrohlik amaliyotlari, buyrak va yuqori siydik yo‘llarida rentgenoendoskopik operatsiyalarni o‘tkazish, urolitiaz endourologiyasi, urologiyada endoxirurgiya istiqbollari, pastki siydik yo‘llari endourologiyasi, transuretral operatsiyalarni o‘tkazish mavzularida ma’ruzalar va mahorat mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi.

Ikki kun davom etgan forumda ishtirokchilar o‘zaro tajriba almashib, o‘zlari uchun kerak bo‘lgan ma’lumotlarni oldilar.

SH.BOZOROVA