ZAMONAVIY SHART-SHAROIT KUTILGAN NATIJALAR OMILI BO‘LMOQDA

Bolalar sporti

Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Bu jarayonda aholi, ayniqsa, yoshlarning sport bilan shug‘ullanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar e’tiborga molik.

Nishon tumanidagi bolalar-o‘smirlar sport maktabi ham uzoq yillardan buyon ijara binoda faoliyat yuritib kelayotgan edi. O‘z binosiga ega bo‘lmagan, turli maktablarning sport zallaridan najot topgan muassasaning ishi qanday bo‘lganini tasavvur etish qiyin emas.

Ahamiyatlisi, o‘tgan yili Nishon tumani bolalar-o‘smirlar sport maktabining yangi binosi qurilib, foydalanishga topshirilishi hududdagi sportsevar yoshlar uchun muhim voqelik bo‘ldi. Loyiha qiymati 3 milliard 800 million so‘mni tashkil etgan zamonaviy majmuada maktab ma’muriyatining faoliyat olib borishi hamda yoshlarning bir qator sport turlari bilan shug‘ullanishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.

- Majmuamiz keng va shinam ish kabinetlari, 18x42 metr o‘lchamdagi zamonaviy yopiq sport zali hamda ochiq o‘yingohga ega, - deydi maktab  direktori Obid Sayfiyev. - Barcha sport inventarlari, jihozlari mavjud. To‘g‘risi, bunday shart-sharoitni ko‘rib hududdagi yoshlar orasida sportga qiziqish yanada oshib ketdi. Ayni paytda bu yerdagi 11 to‘garakda qariyb 500 nafarga yaqin o‘g‘il-qiz muntazam ravishda sport bilan shug‘ullanmoqda. Keluvchilar ko‘pligi bois, to‘garaklarimiz ertalab 7:30 dan kechki 19:30 ga qadar ishlamoqda. 15 nafar malakali murabbiy yoshlarga sportning sir-asrorlarini o‘rgatib borayapti.

E’tiborli tomoni, majmuada yoshlarning sport bilan shug‘ullanishi uchun zarur shart-sharoit yaratilgach, natijalar ham bo‘y ko‘rsata boshladi. So‘nggi bir yilga yaqin vaqt ichida o‘nlab o‘quvchilarning viloyat, mamlakat va xalqaro miqyosdagi musobaqalardan medallar bilan qaytgani bunga misol.

- Tumandagi 5-o‘rta maktabda o‘qiyman, - deydi 13 yoshli Bobur Rizvonov. - Bir yarim yildan buyon darsdan tashqari ushbu sport maktabida boks bilan shug‘ullanayapman. Shu vaqt mobaynida ko‘plab musobaqalarda ishtirok etdim. Eng yaxshi natijam esa joriy yilning 26-30 iyun kunlari tumanimizda o‘tkazilgan 2001-2009-yillarda tug‘ilgan bolalar va o‘smirlar o‘rtasidagi xalqaro chempionatda g‘oliblikni qo‘lga kiritishim bo‘ldi. Endi yanada ko‘proq shug‘ullanib, bundan-da yuksak yutuqlarga erishmoqchiman.

Sobir NARZIYEV

Suratlarda: maktab faoliyatidan lavhalar.