Tibbiyot 27.08.2019 35

ZAMONAVIY TEXNIKA, SO‘NGGI TEXNOLOGIYA VA ZARUR SHAROIT

Tibbiyot va islohot

ZAMONAVIY TEXNIKA, SO‘NGGI TEXNOLOGIYA VA ZARUR SHAROIT

xo‘sh, bundan unumli foydalanilayaptimi?

Tibbiyot - inson hayot mezoniga bevosita ta’sir etadigan soha. Shu bois unda bo‘ladigan har qanday o‘zgarish, islohot tezda ko‘zga tashlanadi, samaralari yuzaga chiqadi.

Uzoqqa bormaylik, birgina viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida muassasa binolarini zamon talablari asosida ta’mirlash, yangilarini qurish, ilg‘or tibbiy uskunalar bilan ta’minlash, dori-darmon yetkazib berish sifatini oshirish, tibbiyot xodimlari malakasini uzluksiz yuksaltirib borish bo‘yicha keyingi yillarda amalga oshirilgan ishlardan aholi mamnun. Bu yerga davo istab keluvchilarga avvalo zamonaviy texnologiyalar asosida tashxis qo‘yilib, muolaja olishlarida ilg‘or tajribalarga tayanilayotgani, murakkab jarrohlik amaliyotlarining yo‘lga qo‘yilgani bemorlar uchun ayni muddao.

- Markaz 421 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, 25 ta davolash-profilaktika va o‘ndan ziyod yordamchi bo‘limlar ishlab turibdi, - deydi muassasa bosh shifokori To‘lqin Rasulov. - 100 nafarga yaqin malakali shifokor va 500 nafarga yaqin o‘rta tibbiyot xodimlari aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Ayni paytda markazimiz zarur tibbiy jihozlar hamda yangi texnologik uskunalar bilan ta’minlangan. Masalan, viloyatda yagona ko‘p funksiyali rentgen apparati o‘pka, jigar, ko‘krak qafasi, bo‘g‘im, suyak chiqishi va sinishlari, bir qancha ichki a’zolarni yaqqol ko‘rsatib, kasallik tashxisini aniq qo‘yish imkonini beradi.

Darhaqiqat, bemorni davolash ishlari samarasini avvalo to‘g‘ri tashxis belgilaydi. Bugungi zamonaviy tibbiyotda esa bu boradagi imkoniyatlar ancha keng bo‘lib, ilg‘or tibbiy texnologiyalar bunda qo‘l kelayapti. Endi davolash ishlarida ham ulardan samarali foydalanilayotganini e’tirof etish joiz.

- Joriy yilning may oyida bo‘limimizga yangi magnitli terapiya apparati olib kelindi, - deydi fizioterapiya bo‘limi boshlig‘i Nasiba Boymurodova. - Undan tayanch-harakat a’zolari kasalliklari,  har xil bo‘g‘im artrit va artrozlari, periferik nerv tizimi xastaliklari, nevralgiya, turli jarohatlar, qandli diabet asoratlari kabilarni davolashda foydalaniladi. Qon-tomir jarrohlik va travmatologiya bo‘limlariga olib kelingan elektroxirurgik koagulyator esa operatsiyalar jarayonida qon ketishini to‘xtatish uchun qo‘llanilayotgani e’tiborga molik.

Yaqin-yaqingacha "Urologiya yo‘nalishida eng murakkab kasalliklarni ham samarali davolay olish imkoniyatiga ega davlatlar qaysi?" degan savol o‘rtaga tashlansa, bu borada Germaniya, Italiya va AQSH yetakchi sifatida tilga olinardi. Bugun ular qatorida O‘zbekiston nomi ham haqli ravishda e’tirof etilayapti. Sababi, ilg‘or mamlakatlar tibbiyotida joriy qilingan davolashning deyarli barcha zamonaviy usullari endilikda o‘zimizda ham mavjud.

- Urologiya bo‘limida yo‘nalishga oid eng murakkab amaliyotlarni ham bajarish yo‘lga qo‘yildi, - deydi To‘lqin Rasulov. -   Shu bilan bir qatorda mutaxassislarimiz mavjud ilg‘or tibbiy apparatlar yordamida odam bosh miyasidagi patologik holatlar, ya’ni o‘smalar, qon aylanishi buzilishi, qon bosimining oshib ketishi holatlarini bexato aniqlash amaliyotini yaxshi o‘zlashtirib olishdi. Laboratoriya bo‘limida PSR usulida va tezkor tahlillar asosida 200 turga yaqin tekshirishlar o‘tkazilayapti.

Ma’lumki, har qanday soha istiqboli kadrlar salohiyatiga bog‘liq. Xususan, tibbiyotning ham. Garchi, eng zamonaviy apparatlar, so‘nggi texnologiyalar yordamidan foydalanish imkoniyati kengayib, ularni samarali qo‘llash malakasi yetarli bo‘lmasa, kutilgan natija chiqmaydi.

- Shundan kelib chiqib, mutaxassislarimizni Koreya, Turkiya, Rossiya kabi davlatlarning ilg‘or tibbiyot muassasalariga tajriba almashish uchun yuborayapmiz, - deydi To‘lqin Rasulov. - Bu borada Koreya va Rossiya davlatlari bilan memorandum imzolanib, ayni paytda 3 nafar shifokorimiz xorijda malaka oshirmoqda.

Albatta, kechagi tibbiyot bilan bugungisini solishtirib bo‘lmaydi. Chunki davolash, tashxis sohasida juda tez o‘zgarishlar bo‘layapti, yangi tadqiqotlar, ilg‘or tajribalar natijalari amaliyotga shiddat bilan kirib kelmoqda. Shunga monand, kasalliklar turi va ko‘rinishlari ham ortib borayotgani hech kimga sir emas. Bunday sharoitda o‘qish-izlanishdan, harakatdan to‘xtash yaramaydi. Viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi faoliyatiga nazar tashlab, ana shu haqiqatni   muassasa jamoasi  teran  anglashini his etdik. Zero, mamlakatimizda tibbiyot  sohasida amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar samaralarini xalq ular vositasida ko‘radi, sezadi.

Shohista BOZOROVA

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.