Iqtisodiyot 05.04.2019 30

ZAMONAVIY XIZMAT KO‘RSATISH MAJMUASI

Yoshlar tadbirkorligi

Bo‘laman degan bola boshidan ma’lum, deydi xalqimiz. Farzandingiz yoshligidanoq pulni pulga chaqib, halol mehnat bilan 1 so‘mni 2 so‘m qilib kelayaptimi, shunga qo‘yib bering. Demak, unda ishbilarmonlik qobiliyati bor, bir kun kelib ko‘zga ko‘ringan tadbirkor bo‘lishi hech gap emas. Ahamiyatlisi, bugun mamlakatimizda yoshlarning tadbirkorlik bilan mashg‘ul bo‘lishi uchun barcha imkoniyat bor. Ularning tashabbus va intilishlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun ham muhim asos yaratilgan. "Yoshlar - kelajagimiz" davlat dasturi shulardan biridir.

Mazkur dastur kosonlik bir qancha yoshlar uchun ham ayni muddao bo‘ldi. O‘z biznes-g‘oyasini amalga oshirishni o‘ylab yurgan ayrim ishbilarmonlarga o‘tgan yili bu borada zarur ko‘mak ko‘rsatildi. 17 nafar tashabbuskorning g‘oyasi ma’qul topilib, ularga tegishli jamg‘arma tomonidan 4 milliard so‘mdan oshiq moliyaviy ko‘mak ajratilishi chorasi ko‘rilgandi. Ushbu loyihalarning aksariyati allaqachon o‘z samarasini bera boshlagan.

Misol uchun, tumandagi "Koson trans servis" mas’uliyati cheklangan jamiyati hududda aholiga tashish xizmati ko‘rsatib kelayotgandi. Korxona rahbari Javlon Husanov mavjud salohiyat va imkoniyatini chamalab, faoliyatni diversifikatsiyalashga, yangi tarmoqlarni yo‘lga qo‘yishga ahd qildi. Loyihani tayyorlab, jamg‘armaga taqdim etdi. Fursat o‘tib, tashabbus qo‘llab-quvvatlandi. Tadbirkorga biznes-g‘oya ro‘yobi uchun 650 million so‘m imtiyozli kredit ajratib berildi.

- Biz tanlagan tarmoqlar avvalgi faoliyatimiz yo‘nalishidan uzoq emas, - deydi yosh ishbilarmon. - Transport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish, avtomobillarni yuvish shoxobchasi shular jumlasidan. Ishni majmua sifatida tashkil etdik. Shoxobchalarni zarur apparatura va dastgohlar bilan jihozladik. Bugun bu yerda to‘laqonli xizmat ko‘rsatilmoqda. Shuningdek, mehmonxona xizmatini yo‘lga qo‘ydik. Bir martada 30 nafargacha mehmonni qabul qilish quvvatiga ega zamonaviy otel barpo qildik.

Albatta, zamonaviy majmuaga malakali ishchilar kerak. Tadbirkor tegishli loyiha doirasida 60 nafar kishini ishli qilishni taklif etgan. Bugungi kunda esa 40 ishchining mustahkam daromad manbaiga ega bo‘lishiga sharoit yaratilgan. Yosh ishbilarmon kelgusida yana qo‘shimcha tarmoqlar, jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish orqali mazkur mo‘ljalga yetishni ko‘zda tutgan.

Suratlarda: majmua faoliyatidan lavhalar.

Mirzohid JO‘RAYEV.

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.