Iqtisodiyot 07.06.2019 193

ZARGARLIK SANOATI ISTIQBOLI QANDAY?

Islohot qirralari

ZARGARLIK SANOATI ISTIQBOLI QANDAY?

Yoxud ichki va tashqi bozorni mahalliy mahsulot bilan ta’minlash mumkin(mi?)...

O‘zbekiston qimmatbaho metall - oltin ishlab chiqarish bo‘yicha dunyo  mamlakatlari orasida yetakchilardan biri sanalishi hech kimga sir emas. Strategik muhim ushbu xomashyoni asosan eksportga yo‘llayotganimiz ham rost. Nihoyatda kam ulushigina o‘zimizda qayta ishlanayapti. Shu metalldan tayyorlangan zargarlik buyumlari esa ko‘pincha yurtimizga chetdan import qilinayotganini ham rad etib bo‘lmaydi. Albatta, hayron qolasan kishi. Xomashyo holida o‘zimiz qazib olamiz, ammo tayyor mahsulot ko‘rinishida xorijnikini sotib olishga majburmiz. Boz ustiga, bir necha barobar qimmat narxda.

Agar sanoatning mazkur tarmog‘ini mahalliy sharoitda ravnaq toptirsak, ko‘p narsa yutishimiz turgan gap. Birinchidan, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotga ega bo‘lamiz. Qolaversa, hunarmandchilikning bu turini rivojlantirish orqali ko‘plab kishilarni foydali mehnat bilan band eta olish mumkindir.

Prezidentning joriy yil 18-maydagi "O‘zbekiston Respublikasida zargarlik tarmog‘ini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonidan ham aynan shu maqsad ko‘zlangan. Ushbu hujjat talablari hayotga to‘la tatbiq etilishi bilan yurtimizda zargarlik sohasida muhim o‘zgarishlar ro‘y berib, tarmoqning  sifatli va raqobatbardosh zargarlik mahsulotlari ishlab chiqarish imkoniyati kengaytiriladi. Buning uchun esa tarmoqqa nafaqat mahalliy, balki chet el investitsiyalari ham faol jalb etiladi. Mazkur hunar bilan shug‘ullanuvchi ishlab chiqaruvchilar - mahalliy zargarlar faoliyati davlat darajasida qo‘llab-quvvatlanib, o‘zini shu kasbga bag‘ishlangan insonlar uchun barcha shart-sharoitlar yaratib beriladi.

Tajriba kerakmi?! Yetarlicha...

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: nega aynan ushbu tarmoq rivojiga bu qadar e’tibor qaratilayapti? Buni esa quyidagicha izohlash mumkin. Ma’lumki, zargarlik mahsulotlari jahonda talab yuqori bo‘lgan tovarlar sirasiga kiradi. Yа’ni iste’mol bozori juda katta. Dunyoda faqat bir ayol qolsa ham, zargarga doim ish topiladi, deb bekorga aytmaydi xalqimiz. Jahon zargarlik sanoatida ishlab chiqarish hajmi yiliga 5-6 foizga o‘sayotgani ham shunga ishoradir. So‘nggi vaqtda jahon miqyosida bu turdagi tovar aylanmasi yiliga 250 milliard AQSH dollaridan ham oshib ketdi. Demak, zargarlik mahsulotlarini zarur talab va andaza asosida ishlab chiqara olsak, tashqi bozordan o‘rin egallash unchalik muammo bo‘lmaydi.

Asosiysi, zargarlik xalqimizga begona emas, aksincha, diyorimizda bu hunar qadimdan rivojlanib kelmoqda. Mamlakatimizdagi va xorijdagi ko‘plab muzeylarda saqlanayotgan bebaho topilmalar Buxoro, Samarqand, Toshkent, Xiva, Qo‘qon, Shahrisabz kabi qadimiy shaharlarimizda zargarlik san’at darajasiga yetganidan dalolat beradi. Bu buyumlar haligacha dunyo ahlini lol qoldirib keladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Sohibqiron Amir Temur va temuriylar davrida mazkur soha yangi rivojlanish bosqichiga ko‘tarilgan. Aynan shu paytda Qashqadaryoda zargarlik maktabiga ham asos solingan. Qarshi, Shahrisabz va Kitobda ko‘plab usta zargarlar faoliyat olib borgan, kichik-kichik mahallalar ahli shu hunarga ixtisoslashgani haqida tarix guvohlik beradi. Hozirda ham bu an’ana oz bo‘lsa-da davom etayapti.

Qoloq soha qanday o‘nglanadi?

Birgina viloyatimiz misolida olsak ham ayon bo‘ladiki, hududda yaxshigina tajriba to‘plangan, o‘ziga xos maktab yaratilgan. Biroq oxirgi vaqtda zargarlik buyumlari ishlab chiqarish jabhasida o‘sish ko‘zga tashlanmayapti. Yangilik yo‘q hisobi. Mahsulot tor doiradagi xaridorlarga mo‘ljallangan, xolos.

Davlat rahbari may oyi boshida o‘tkazilgan selektorda ham tarmoqning bugungi ahvoliga munosib baho bergandi. O‘shanda Prezident mamlakatimizda ushbu sanoat e’tibordan chetda qolganini afsus bilan qayd etgandi. Natija esa ayon. Zargarlik korxonalari asbob-uskunalarining 80 foizi eskirgan, ayrimlarida ishlab chiqarish to‘xtagandi.

Yurtboshi ta’biri bilan aytganda, O‘zbekistonda zargarlik asosan taqinchoqlar ishlab chiqarishga ixtisoslashib qolgani ham ayni haqiqat. Aslida esa bu sohaning yo‘nalishlari ko‘p. Tilladan yasalgan soat, ruchka va turli esdalik sovg‘alari, kumushdan tayyorlangan oshxona to‘plamlari jahon bozorida juda xaridorgir.

Masalan, 4 kilogramm kumush ishlatiladigan bitta oshxona to‘plami o‘rtacha 4 ming dollar turadi.  O‘zbekistonda yiliga yuz tonnadan ziyod kumush ishlab chiqarilishini inobatga olsak, bunday mahsulotlar eksportini bir necha million dollarga yetkazish mumkinligi oydinlashadi.

Tarmoqda yana bir muammo mavjud ediki, yakka tartibdagi zargar-tadbirkorlar o‘z mahsulotlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish huquqiga ega emasligi sababli vositachi do‘konlarga topshirishga majbur bo‘layotgandi. Qimmatbaho metallarni zargarlarga sotishda ham ko‘plab cheklovlar bor edi. Joriy yil 1-martdan boshlab qimmatbaho metallarni ishlab chiqaruvchilarga birja orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotishga ruxsat berildi.

Yuqorida qayd etilgan farmon  bilan ham bu boradagi ko‘plab to‘siqlar olib tashlandi, soha vakillariga bisyor yengilliklar taqdim etildi. Xususan, qimmatbaho metallar va mahalliy zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish va realizatsiya qilish bilan  mashg‘ul subyektlar 2022-yilning 1-iyuliga qadar oborotdan qo‘shilgan qiymat va aksiz solig‘i to‘lamaydigan bo‘ldi. Shuningdek, tegishli ro‘yxat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasiga olib kiriladigan qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlar 3 yilga bojxona to‘lovlaridan (bojxona yig‘imlari bundan mustasno) ozod qilindi.

Ilgari zargarlar o‘z mahsulotiga davlat asillik darajasi belgisini qo‘yishga majbur edi. 2019-yil 1-iyuldan boshlab esa tegishli litsenziyaga ega subyektlarga o‘zi ishlab chiqargan, zargarlik hamda qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan boshqa buyumlarning asillik darajasini mustaqil belgilash va ularga belgilangan namunadagi asillik darajasi belgisi izlarini qo‘yish huquqi berildi. Bunda ishlab chiqaruvchining ro‘yxatdan o‘tkazilgan shaxsiy tamg‘asini buyumga bosishi shart qilib qo‘yildi.

Bu bilan soha ravnaqiga g‘ov bo‘layotgan ko‘pgina muammolar barham topdi. Zargarlarning bemalol, hech bir qiyinchiliksiz faoliyat yuritishiga keng zamin hozirlandi. Albatta, bu yurtimizda ayni yo‘nalishda ishlab chiqarish hajmi ko‘payishini rag‘batlantirishga xizmat qiladi.

Qashqadaryoda ham tarmoq rivojlantiriladi

Prezident farmoni talablaridan kelib chiqib, viloyatimizda ham zargarlik sanoatini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha qator ishlarni amalga oshirish zarur. Buning uchun imkoniyat ham keng.

Birinchi galda, hududning yuqori turistik salohiyati tarmoq rivojini ta’minlab beradi, deya olamiz. Chunki oxirgi yillarda vohamizga xorijlik va mahalliy sayyohlar oqimi sezilarli darajada ortdi. O‘ziga xos, mahalliy an’analar bo‘yicha tayyorlangan, bejirim zargarlik buyumlari hech bir kishini befarq qoldirmaydi. Qolaversa, jismoniy shaxslarga qiymati 5 ming AQSH dollaridan ortiq bo‘lgan tayyor zargarlik buyumlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirgan holda O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqishga ruxsat berilgani bunga keng yo‘l ochadi.

Farmonda ham qator istiqbolli loyihalarni ro‘yobga chiqarishda shu jihat alohida e’tiborga olingan. Shu maqsadda respublikaning turistik markazlarida zargarlik ishlab chiqarishlarini tashkil etish va kengaytirish chorasi ko‘riladi. Viloyatimizdan esa Shahrisabz tanlab olingan. Ko‘hna Kesh markazida zargar hunarmandlarning ustaxonalari va do‘konlarini joylashtirish bo‘yicha ish olib boriladi. Ushbu tashabbus bir yildan so‘ng hayotga to‘liq tatbiq etilishi kerak.

Shuningdek, mazkur hujjatda tadbirkorlik subyektlari ishtirokida har bir hududda kamida ikkita zamonaviy zargarlik savdo-ishlab chiqarish markazlarini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda. Ularda tayyor zargarlik buyumlarini ishlab chiqarishdan sotishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar qamrab olinishi darkor.

Ahamiyatlisi, viloyatda bu jabhada allaqachon zarur chora-tadbirlarni bajarishga kirishilgan. Bugungi kunda Qarshi va Shahrisabz shaharlaridagi tarixiy obidalar qoshida shunday markazlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar o‘rganilmoqda. Bundan tashqari, vohamizda zargarlik komplekslari barpo etish bo‘yicha ham bir qancha loyihalar ishlab chiqilmoqda. "Dunar Gold" oilaviy korxonasi vakillari hamda yakka tartibdagi tadbirkor Yangiboy Xushvaqtov shunday tashabbusni ilgari surib chiqishdi. Ular barpo etmoqchi bo‘layotgan quvvatlarning har biri qimmatbaho metallardan yiliga qariyb 600 million so‘mlik zargarlik mahsulotlari ishlab chiqarish imkoniga ega bo‘ladi.

Yuqoridagilardan xulosa qilsak, mamlakatimizda zargarlik sanoati yuqori istiqbolga ega. Bu jabhada hali to‘la ishga solinmagan imkoniyatlar ko‘p. Hammasi bundan qanday foydalanishga bog‘liq. Samara albatta yaxshi bo‘ladi. Xaridorgir va raqobatbardosh zargarlik buyumlari ishlab chiqarish salmog‘i o‘sishi ham importni kamaytirishga, ham tashqi bozorlarga chiqishga imkoniyat yaratadi.

B.MAXMADALIYEV, 

viloyat iqtisodiyot va sanoat bosh boshqarmasi boshlig‘i

M.SHUHRATOV