Jamiyat 30.08.2019 62

ZULM VA BEDODLIK ISKANJASI

31-avgust - Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni

Istiqlol - hur, ozod Vatanimizda yashovchi har bir inson uchun eng ulug‘, eng aziz bayramdir. Dil yayraydigan, quvnaydigan farahbaxsh damda tarix zarvaraqlariga bitilgan o‘tmishimizning qora kunlari ham yodga keladi.

Taqdir taqozosiga ko‘ra, chorizm iskanjasida yarim asr yashadik, undan so‘ng yurtimizga sho‘rolar egalik qilishdi. Oq va qizil imperiya deb atalmish manfur kuchlar 130 yil davomida xalqimiz boshiga ne qora kunlarni solmadi?!

Fitrat domla so‘zlari bilan aytganda, "Qo‘limiz bog‘landi, tilimiz kesildi. Og‘zimiz qonadi. Yerimiz bosildi. Molimiz talandi. Sharafimiz yemirildi. Nomusimiz g‘asb qilindi. Insonligimiz oyog‘lar ostiga olindi..."

Ammo erksevar xalqimiz istilochilarga bosh egmadi. Hurriyat kelishini kutish emas, uni qo‘lga kiritish, tortib olish uchun jonbozlik qildi. Tarixchilarning qayd etishicha, Turkistonning chorizm tomonidan mustamlakaga aylantirilgan hududlarida 1856-1916-yillarda 4922 marta katta-kichik g‘alayon bo‘lib o‘tgan. Bu g‘alayonlar  tinkasi qurigan, xor-zor qilingan, azob va aziyatdan, zulm va bedodlikdan sabr kosasi to‘lgan oddiy xalqning isyonlari edi. Chunki bosqinchilar zulmining og‘ir toshlari, asosan ular boshiga tushgandi,  oq poshshoga qarshi qaratilgan bunday isyonlar chor amaldorlariga yoqmas, shuning uchun bosh ko‘targanlarni qurol kuchi bilan mahv etardilar. Bunda qanchadan-qancha erksevar o‘g‘lonlar, begunoh odamlar halok bo‘ldi. Birgina 1916-yilda bo‘lib o‘tgan qo‘zg‘olonlarda 677 ming kishi o‘ldirilgan, 163 ming kishi Sibirga surgun qilingan. 1 milliondan ziyod aholining mol-mulki qo‘zg‘olonni bostirishda qatnashgan rus askarlari va dehqonlariga bo‘lib berilgan.

Chorizm ma’murlari bosib olingan joylarda aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashga befarq qarashdi, oqibat ocharchilik boshlandi. Bu esa minglab odamlar, keksayu bolalarning yostig‘ini quritdi, turli kasalliklar tarqalishiga sabab bo‘ldi. Ustiga-ustak oq imperiyaning mardikorlik siyosati xalq boshiga tushgan yana bir balo bo‘ldi. Norg‘ul yigitlar, bilagi kuchga to‘lgan odamlar Rossiya o‘rmonlarida daraxt kesish, konlarda ishlash, boshqa og‘ir ishlarni bajarish uchun majburiy mardikorlikka jo‘natildi. Ular og‘ir sharoitlarda mehnat qilishdi, ba’zilar begona yurt ob-havosiga ko‘nika olmay, kasallikdan vafot etishdi, jasadlari esa vatanlaridan uzoqda qoldi. O‘sha yillarda mardikorlik qoralanib, xalq orasida qo‘shiqlar to‘qilgani, imperator Nikolay II hajv-mazax qilingani bejiz emas. Chorizmning bosib olingan yerlar xalqiga qaratilgan mash’um siyosati, qabix ishlari 1917-yil oktabr inqilobigacha davom etdi.

Ulardan hokimiyatni tortib olgan bolsheviklar chorizm tasarrufidagi bosib olingan hududlarga ham ko‘z olaytira boshladilar. Chunki ular chorizm amaldorlari kabi Turkiston o‘lkasida, shu jumladan, bizning yurtimizda turli boyliklar ko‘p ekanligidan xabardor edilar. Shunga havola qizil qo‘shinlar tomonidan Buxoro vayron qilinib, amirlik hokimiyati tugatildi. Amir xazinasidan barcha boyliklar tashib ketildi. So‘ngra Xiva va Qo‘qon xonliklari ham egallandi.

Kommunistlar hokimiyat tepasiga kelgach, barcha xalqlarga tenglik, o‘z istak-xohishlari, haq-huquqlarini o‘zlari belgilash, qashshoqlik, tengsizlikka barham berib, farovon hayot bilan ta’minlash, qadriyatlari, urf-odatlarini saqlash, diniy e’tiqodlarini hurmat qilish g‘oyasini e’lon qildi. Bolsheviklarning shiorlari umuminsoniy va go‘zal bo‘lib, har bir kishini o‘ziga tortar, mahliyo qilar edi. Shu bois inqilobning dastlabki paytlarida yurtimizdagi bir qator mahalliy ziyolilar kommunistlarning va’dalari, milliy masala sohasida e’lon qilgan shiorlariga aldanib, ularning xizmatiga o‘tishdi. Ko‘p o‘tmay, bu g‘oyalar aslida quruq shior va reklama-maqtovi oshirib yuborilgan tashviqot ekanligini, amalda butunlay boshqa ishlar - chorizm davridagi mahalliy xalq huquqlarini cheklaydigan siyosat yuritilayotganini anglab yetdilar.

Mahalliy xalqlar manfaatlariga zid siyosat, turgan gapki, oddiy odamlardan tortib, bolsheviklar xizmatida bo‘lgan amaldorlargacha norozilik kayfiyatini keltirib chiqardi. Bu esa joylarda yangi hokimiyatga qarshi chiqishlarda o‘z ifodasini topdi.

Agar qizil askarlar 1920-yilning 30-avgustida Shahrisabz bekligini egallagan bo‘lsa, shu yilning dekabrida shahrisabzliklar sho‘ro hokimiyatiga qarshi bosh ko‘tarib chiqdilar. Bu aksilinqilobiy harakat "qorakaltakchilar" g‘alayoni nomi bilan tarixga kirdi. Panshaxa, bolta, belkurak, tayoqlar bilan qurollangan turli kasb egalari - kosib, hunarmand, dehqonlar Shahrisabz inqilobiy qo‘mitasi binosiga yopirilib kirib, uni egallashdi. Himoyaga o‘tgan oz sonli qizil askarlar hech narsa qila olmadi. Tez orada ularga qurollangan yordam kuchlari yetib keldi. Bu paytda inqilobiy qo‘mita faoliyat ko‘rsatayotgan Oqsaroy oldi maydonida juda ko‘p odam to‘plangan edi. Ularga qarshi o‘qotar qurollar ishga solindi. Hatto, Oqsaroy tepasida pulemyot o‘rnatilib, odamlarga qarata o‘q yog‘dirildi...

Yangi tuzumga qarshi dastlabki qo‘zg‘olonlardan biri ana shunday ayovsiz bostirildi, juda ko‘p odamlar nobud bo‘ldi. Biroq sho‘rolarning nohaqliklari tufayli xalqda ichki norozilik kayfiyati tobora kuchayib bordi. Keyinchalik tuzumga qarshi harakatlar yangicha tus olib, qizillar "bosmachilik" deb atagan ommaviy istiqlolchilik harakatiga aylandi. Uning maqsadi bosqinchilarni haydab chiqarib, yurtni ozod qilish edi. Shu maqsadda yurtimizning turli joylarida yaxshi qurollangan, istiqlol yo‘lida jonlarini ayamaydigan mard insonlar boshchiligidagi katta-kichik guruhlar vujudga keldi. Ular juda ko‘p edi. Masalan, Farg‘ona vodiysida Madaminbek, Xorazmda Ko‘rshermat, Buxoroda Abduqqarbek, Qashqadaryoda Tangriberdi dodxoh boshchiligidagi istiqlol kurashchilarini esga olish kifoyadir.

Yurtimizning ko‘p joylarida istiqlol uchun kurash uzoq yillar davom etdi. SHo‘rolar muntazam, tajribali armiya, kuchli harbiy texnika, qurol-yarog‘, jang ko‘rgan qo‘mondonlardan iborat qudratli kuchga ega edi. Bunday notenglik, o‘rtadagi juda katta farq tufayli istiqlolchilar qanchalik harakat qilmasin, har jihatdan ustun bo‘lgan bosqinchi armiya kuchlari bilan tengma-teng jang qila olishmasdi. Shuning uchun ular harakati asta-sekin sustlashib bordi. Ammo xalqimizda hurriyatga intilish, istiqlol, ozodlik tuyg‘usi hech qachon so‘nmadi.

Mustabid tuzum millatni qo‘rqitish, tazyiq, xalqning ko‘zga ko‘ringan arboblarini yo‘q qilib, ulardagi mustaqil, erkin yashash, o‘z milliy davlatini barpo etish kabi hur intilishlarni so‘ndirish  maqsadida yangi vosita va usullarni ishga sola boshladi. Bu tarixda "qatag‘on" deb ataladi. Unga izohli lug‘atda qatliom, qatli nufus, bosim, tazyiq, jazolash deya ta’rif berilgan. Agar o‘tmishga  murojaat qilsak, sho‘rolar qatag‘on siyosatining turli usullaridan foydalanganiga guvoh bo‘lamiz.

1927-1929-yillarda O‘zbekistonda yer-suv islohoti o‘tkazildi. Unga boylar, musulmon ulamolar, sobiq xon va amirlik xonadonlari kuchli qarshilik ko‘rsatishdi. Mustabid sovet hokimiyati esa ularning qarshiligini kuch bilan sindirishga kirishdi. Ko‘pgina boylar, dehqonlar "quloq" qilinib, ularning mol-mulki, yerlaridan ko‘p qismi tortib olindi. Markazning "quloq"lashtirish, kolxozlashtirish siyosatiga joylarda norozilik bildirilib, isyonlar, g‘alayonlar ko‘tarildi. "Quloq"larni surgun qilish, qamoqqa olish boshlandi. Ular Sibirdan tashqari Kavkazdagi tog‘li hududlarga ham yuborilgan.

Shuningdek, O‘zbekistonda kolxoz-jamoa xo‘jaliklari tashkil etish jarayonida qatag‘on qurbonlarining alohida guruhi, ya’ni majburiy mehnatdan foydalanishning o‘ziga xos harbiy shakli - mehnat lashkarlari paydo bo‘ldi. Mehnat lashkarlari saylov huquqidan mahrum qilinganlar, "quloq"qa tortilganlarning farzandlaridan iborat edi. Badarg‘a qilinganlar uchun Rossiyaning turli joylarida maxsus mehnat posyolka (qo‘rg‘on)lari tashkil etildi. Xizmat muddati uch yil qilib belgilangan mehnat lashkarlari qurilish, sanoat va transport sohasidagi og‘ir ishlarni bajarishga jalb etildi. 1937-yildan boshlab mehnat lashkarlari qismlari qizil armiyaning qurilish batalyonlariga aylantirildi.

Mustabid tuzumning eng dahshatli siyosati uning odamlarni qatliom qilish, turmalarga tashlab, surgunga yuborish, ma’naviy majruhlikka eltish siyosati bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. 37-yillardagi ziyoli ma’rifatparvarlar, dunyoqarashi ilg‘or aholi vakillariga qaratilgan ayblovlarning aksariyati to‘qib chiqarildi, oldindan tayyorlanib, guvoh va ayblanuvchilarga tasdiqlatib olindi. Aksariyat, millatning asl farzandlarini bir-biriga qayrash, qarshi qo‘yish yo‘lidan borildi.  Mustabidlar qo‘lida halok bo‘lgan Cho‘lpon, Fitrat, Qodiriyning gunohi nimada edi? Mazkur adiblarning, qatag‘on qilingan davlat arboblarining kitoblarini o‘qigani uchun qamab, yo‘q qilinganlar ozmunchami? Uyidan eski, diniy kitoblar chiqqani uchun tazyiqqa uchraganlar-chi?

XX asr 30-yillar o‘rtalaridan boshlab ulamolar va dindorlarni ham ta’qib qilish kuchaydi. Chunki sho‘ro hokimiyati dinni afyun deb bilar, diniy arboblarni o‘ziga dushman sanardi. Ayniqsa, 1936-1939-yillarda islom dini vakillari - mashhur eshonlar, mullalar, mudarrislar, qorilar, xo‘ja va hojilar qatag‘on qilindi. O‘zbekiston Respublikasi FA tarix institutida 1936-1938-yillarga oid 9 jildlik "Musulmon ruhoniylar" ("Musduxovenstvo") kitobining (so‘roq, tergov, guvohlik berish) qaydlari saqlanmoqda. Unga ko‘ra, faqat Toshkent shahrida shu yillarda 49 kishi tergov qilinib, ulardan 20 kishi jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Qashqadaryoda ham qamoqqa olingan, surgun qilingan islom ulamolari bir talay bo‘lgan. Agar Shahrisabzdan misol keltirsak, Hamiduddin Hamidiy surgun qilindi, Mirzo Umrboqiy yashab turgan joyidan qochib ketib jon saqladi. Qori Avaz Badal Qarshidagi qamoqxonaga tashlandi. Sharif Azizov, Mullo Farmon Quvvatov, Abo Pinxasov, Do‘stmurod Mirzayev kabilarning umri zavol topdi. Kitoblik shayx Ismoilxon Faqiriy sho‘rolar hokimiyatining tazyiqlaridan ezilib, umrining oxirgi yillarida ko‘zi ojiz bo‘lib qoldi. Xo‘jaisporoz qishlog‘idan mulla Nazar Xudoyberdiyev qamalib, qishlog‘iga qaytib kelmadi.

Qatag‘onga uchragan vatandoshlarimizning muborak hoklari qayerlarda qolmagan. Moskva-Volga kanali qurilishida ochlik va sovuqdan joni uzilgan, Butirka qamoqxonasida yoki Sibir, Kolimaning borsa kelmas muzliklarida vafot etgan ajdodlarimiz yoxud "qizil dunyo" bilan xayrlashgan ajdodlarimizning so‘nggi manzillarini topish imkonsiz. Kafansiz va janozasiz dafn etilgan bu ajdodlarimiz uchun endi Toshkentdagi "Shahidlar xotirasi" ziyoratgohi ramziy oromgohdir.

Yurtimizda bu mudhish davrda ko‘plab madrasalar, masjidlar buzib tashlandi. Buzilmay qolganlari xo‘jalik omborxonalariga aylantirildi va boshqa turli maqsadlarda foydalanildi. Bunday noxush voqealar Qashqadaryoda ham yuz berdi. Bu borada ko‘p misollar keltirmay, o‘sha davrda Qarshidagi Odina masjidi qamoqxonaga aylantirilgani, Shahrisabzdagi Ko‘kgumbaz, Molik Ashdar, Abdushukur og‘aliq masjidlari ombor vazifasini o‘taganini aytib o‘tish kifoyadir.

O‘zbek xalqi tomonidan uzoq asrlar davomida yaratilgan islomiy ruhdagi qo‘lyozma va kitoblarning yoqilishi, yo‘q qilinishi, eng nodir asarlarning yurtimizdan olib chiqib ketilishi ham kommunistlarning qatag‘on siyosatiga asoslangan edi.

Xullas, u davrlarda davlat insonga emas, aksincha, inson davlatga xizmat qildirildi. Shunday ko‘rgiliklari yetmaganidek, eng so‘ngida xalqimiz "paxta ishi"dan ko‘p jabr ko‘rdi. Qanchadan-qancha oddiy brigadirdan tortib, xo‘jalik raisi, ulardanda katta lavozimdagi rahbarlargacha qiynoqlarga solinib so‘roq qilindi, qamoqlarga tashlandi. Ularning orqalarida qolgan oilalari, farzandlari-chi? Ular ham qanchalik aziyat chekishdi. SHo‘ro hukumatining tagi chirib, omonat bo‘lib qolgan davrida xalqimizga qarshi uyushtirgan bu qilmish qaysi qatag‘onlardan kam bo‘ldi?!

Aslida qatag‘onlarning hammasi ongli va rejali ravishda amalga oshirilgan. Biz mustabid tuzum boshimizga solgan kulfatlarni hech qachon unutmaymiz. Binobarin, yurt ozodligi uchun kurashganlar, istiqlol deya jon berganlar ruhi oldida qarzdormiz, ular hamisha yuragimizda yashaydi.

Mo‘min AZIZOV,

tarixchi-jurnalist