16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Жараён

Shahrisabz aeroportida zamonaviy aviameteostansiya barpo etiladi

Joriy yilda Shahrisabz aerodromi hududida zarur kuzatishlarni amalga oshirish va xalqaro aeronavigatsiyada foydalaniladigan meteorologik ma’lumotlarni tuzish uchun mo‘ljallangan zamonaviy avtomatlashtirilgan aviatsiya meteorologiya stansiyasi o‘rnatiladi.

Modernizatsiya

Viloyat gidrometeorologiya markazi bosh mutaxassisi Abduqahhor Tojiyevning aytishicha, aerodromda mavjud aviameteostansiyani modernizatsiya qilib, uni yangi asbob-uskuna va  anjomlar bilan jihozlashga 2025-2027-yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida 12,9 milliard so‘m ajratilishi nazarda tutilgan, biroq tender natijalariga ko‘ra mazkur obyektga yo‘naltiriladigan mablag‘ miqdori o‘zgarishi ham mumkin. Yangilanish jarayoni Gidrometeorologiya xizmati agentligi buyurtmachiligida amalga oshiriladi, aynan shu yo‘nalish va hajmdagi modernizatsiya va bunyodkorlik ishlari Sariosiyo va Qo‘qon aerodromlari hududida ham bajariladi.

Shu o‘rinda eslatish joizki, Shahrisabz tumani Xontepa mahallasida joylashgan va ilk bor 1983-yilda ochilgan mahalliy aeroport o‘tgan yilning sentabr oyida 21 yillik tanaffusdan so‘ng fuqarolik aviatsiyasi parvozlari uchun faoliyatini tikladi. Uning kapital rekonstruksiya qilingan aerovokzali soatiga 100 nafar yo‘lovchini o‘tkazish qobiliyatiga ega.

Aerodrom esa mukammal ta’mirdan chiqarilgan uchish-qo‘nish yo‘lagi va harakatlanish yo‘llari, muhandislik kommunikatsiyalari va  infratuzilma obyektlari, parvozlar meteorologik ta’minoti uskunalari, havo laynerlari uchun turargohlar va vertolyot maydonchalaridan iborat. Bugungi kunda Toshkent-Shahrisabz-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha haftasiga ikki marta muntazam aviaqatnovlar amalga oshirilmoqda.

Temur NIZOMOV