Qashqadaryo

"Қашқадарё" газетасининг расмий веб-сайти
21 июнь, жума. 2024 йил                         Махсус версия RU
  • Бош сахифа
  • Таълим
  • "Бурни кўтарилиб қолган"; "Оёғи ердан узилган"; "Кибр отига минган"; "Вазифасига салоҳиятсиз"; "Ваъдабоз PRчи"...

Таҳририят

18.04.2024


"Бурни кўтарилиб қолган"; "Оёғи ердан узилган"; "Кибр отига минган"; "Вазифасига салоҳиятсиз"; "Ваъдабоз PRчи"...

"Qashqadaryo"га жавоб берадилар

Муштарийларимиз яхши хабардор, "Qashqadaryo" газетасининг 2024 йил 4 апрелдаги 14-сонида шу сарлавҳа остида "Жамоатчилик назорати" рукни билан материал чоп этилган эди. Унда таҳририятнинг 2024 йил 29 февралда вилоят мактабгача ва мактаб таълими бошқармаси бошлиғи Убайдулла Орипов номига йўлланган ахборот олишга доир сўрови жавобсиз, эътиборсиз қолдирилгани ҳақида сўз юритилиб, балки жамоатчилик диққат-марказида турса, масъулни қўзғатар деган ўйда унинг айнан такрорини газета орқали эълон қилган эдик.

 Шундай бўлди. Таҳририятга ахборот олишга доир сўров юзасидан жорий йил 5 апрелда ушбу бошқарма бошлиғининг биринчи ўринбосари М.Панжиев томонидан имзоланган жавоб келди. Унда уқтирилишича, "Қашқадарё вилояти мактабгача ва мактаб таълими бошқармаси масъул ходими томонидан жорий йилнинг 1 март куни сўровга доир ахборот бериш юзасидан йўлланган жавоб хати ходимга бириктирилган edo.ijro.uz платформасида техник носозлик туфайли юкланмай қолган" эмиш. Яъни, бундан кўринадики, ахборот олишга доир сўров олинган куннинг эртасигаёқ жавоб тайёр бўлган. Лекин лаънати платформа панд берган. Жавоб хатининг техник носозлик туфайли юкланмай қолганини эса масъуллар бу борада қилинган уринишдан 35 кун ўтиб, аниқроғи 4 апрелда (Ахборот олишга доир сўров газетада чоп этилган куни!) илғаб қолишгани ажабланарли. Ваҳоланки, тегишли қонунчиликка кўра, оммавий ахборот воситасининг давлат ҳокимияти ва бошқаруви органлари фаолияти тўғрисида ахборот олишга доир сўрови кўпи билан етти кун муддатда кўриб чиқилиши керак эди. Нима ҳам дердик, вилоят мактабгача ва мактаб таълими бошқармасида ушбу белгиланган муддат бузилганига энди ўша  платформа айбдор бўлиб чиқаяптида-а?!  

Майли, агар газета орқали эълон қилингач, сўровга жавоб берилса, уни ҳам газетада чоп қилиш йўли билан муштарийлар эътиборига ҳавола этишни режалаштирганимиз ҳақида айтгандик. Шунга мувофиқ, кетма-кетликда аввал ахборот олишга доир сўров мазмунини эсга солиб, ортидан унга берилган айни жавобни, айни алифбода ҳеч бир таҳрирсиз жойлаштиришни лозим топдик. Бинобарин, шунда сўров юзасидан берилган жавоб (ахборот) қанчалик даражада қаноатланарли бўлганини газетхон илғаб олиши осонроқ кечади. 

Сўров. Таълим сифати паст деб баҳоланган мактаблар сони юқорилигининг асосий сабаблари ва бунга йўл қўйган мактаб, туман (шаҳар), вилоят даражасидаги масъулларга нисбатан кўрилган чоралар (аниқ мисоллар асосида).

Жавоб. "Tahlillarga ko'ra, o'tgan yilda 373 nafar maktab direktorlariga nisbatan ish faoliyatida yo'l qo'ygan kamchiliklari uchun ta'sir choralari qo'llanilgan. 201 nafari bilan mehnat shartnomalari bekor qilingan, 149 nafariga "hayfsan" va 17 nafariga "jarima" intizomiy jazo choralari qo'llanilgan, 6 nafarining mehnat shartnomasi (Jinoyat Kodeksining - 45-moddasi) to'g'ridan-to'g'ri bekor qilingan. Maktab direktorlari faoliyati odatiy boshqaruv uslubiga tizimlashtirilganligi va bu maktablarda boshqaruv faoliyatida ta'lim islohotlariga moslashuvchanlik kuzatilmaganligi oqibatida ta'lim sifati ko'rsatkichiga salbiy ta'sirini ham ko'rsatgan".

Сўров. Таълим муассасаларида маънавий-тарбиявий ишларнинг   сустлигини келтириб чиқарган асосий омиллар ҳамда бунда бевосита мутасадди кадрларнинг самарасиз фаолияти билан боғлиқ  ҳолатлар.

Жавоб. "Viloyatda 1 229 ta umumta'lim maktablari mavjud bo'lib 659 536 nafar o'quvchilar qamrab olingan. Shundan, shahar hududida joylashgan maktablar 80 ta, tuman markazlarida joylashgan maktablar 92 ta, qishloq hududida joylashgan maktablar 870 ta, olis hududlarda joylashgan maktablar 183 tani tashkil etadi. Hozirda viloyatdagi mavjud 1229 ta umumta'lim maktablarida, jami 1 654 nafar ma'naviy ma'rifiy ishlar bo'yicha direktor o'rinbosari faoliyat olib bormoqda. Maktablardagi o'quvchi sonidan kelib chiqib, ularning 1260 nafari 1 shtat birlikda, 394 nafari 0.5 shtat birlikda ishlab kelmoqda. Ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha direktor o'rinbosarlarining 216 nafari ona tili va adabiyot, 259 nafari tarix, 146 nafari milliy g'oya, 175 nafari filologiya, 860 nafari boshqa fan mutaxassisligiga ega. 3 nafari nomutaxassis (pedagog bo'lmagan) xodimlar faoliyat yuritmoqda.

Bugungi kunda umumta'lim maktablarida ma'naviy ma'rifiy ishlar O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 26 martdagi "Ma'naviy-ma'rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi 5040-sonli Qarori, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 3 oktyabrdagi "Umumiy o'rta ta'lim muassasalarida ma'naviy-ma'rifiy hamda tarbiyaviy ishlar samaradorligini oshirish konsepsiyasini tasdiqlash to'g'risida"gi 558-son qarori, 2023-yil 22-dekabrda o'tkazilgan Respublika Ma'naviyat va ma'rifat kengashining kengaytirilgan yig'ilishining 50-son bayoni, Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligining qaror va buyruqlari asosida tashkil etib kelinmoqda.

Ta'lim tizimini rivojlantirish, yoshlarning intellektual salohiyati, dunyoqarashini yuksaltirish, vatanparvarlik, sadoqat tuyg'usi bilan yashaydigan avlodni tarbiyalash, sog'lom ma'naviy muhit barqarorligini ta'minlash, o'quvchilar tarbiyasi va ongini salbiy ta'sir ko'rsatadigan buzg'unchi va zararli g'oyalar, jinoyatchilik, giyohvandlik, loqaydlik va boshqa tahdidlardan himoya qilish maqsadida ta'lim muassasasida sohadagi ishlarni zamonaviy va ta'sirchan yondashuvlar, samarali usullar asosida yanada takomillashtirish ehtiyoji yuzaga kelmoqda.

Yuqoridagi talablardan kelib chiqib, bugungi kunda umumta'lim maktablarida maktab o'quvchilarining kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish, xalqimizning ma'naviy qudrati va milliy qadriyatlarini asrab-avaylash, ularga nisbatan faxr tuyg'usini rivojlantirish;

-o'sib kelayotgan yosh avlod ongida ma'naviy immunitetni mustahkamlash maqsadida buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy-ma'naviy merosini chuqur o'rganish, harbiy vatanparvarlik hamda buyuk ajdodlar jasoratini targ'ib etish, o'rganish, ularning sharafli faoliyatini doimiy harakatdagi hayotiy dasturga aylantirish;

-uzluksiz ta'lim tizimida ma'naviy tarbiya asoslarini kuchaytirish, Vatan taraqqiyotiga beqiyos hissa qo'shib kelayotgan zamonamiz qahramonlarining hayoti va faoliyatini ibrat timsoli sifatida yoshlar o'rtasida keng targ'ib qilish;

-o'quvchilarni zamonaviy bilim va tajriba, milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida tarbiyalash jarayonida maktab, mahalla va oila hamkorligini mustahkamlash yo'nalishlarida bir qator samarali ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

"Yosh kitobxon", "Zukko kitobxon", "Kitobsevar bolalar", "Vatanparvarlar", "Temurbeklar", "To'maris izdoshlari", "Jadidlar", "Yosh chegarachilar", "Yosh gvardiyachilar", "Turon maktab teatri" kabi tanlov va loyihalar aynan shu maqsadlarga qaratilgan amaliy ishlar hisoblanadi. Amalga oshirilayotgan ijobiy ishlar bilan bir qatorda kamchilik va muammolar ham yo'q emas. Jumladan: o'quvchilarda axborotlarni tahlil qilish hamda bilimiga tayangan holda xolis xulosa qilish ko'nikmasini rivojlantirish sust amalga oshirilmoqda. Shaxsda o'z idealiga bo'lgan intilishning mavjudligi ham bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar, kliplar, seriallardagi salbiy odatlarga taqlid qilish holatlarini kuchaytirmoqda. Yuqoridagilardan kelib chiqib, ma'naviy tarbiyaviy ishlarni tashkil etishda ularni har bir bosqichida sifatli, yuqori saviyada tashkil etilishi maqsadga muvofiqdir. Bu borada tizimli ishlar amalga oshirilmoqda".

Сўров. Мактабларда таълим сифатига алоқадор имкониятлардан кенг қамровда фойдаланишга тўсқинлик қилаётган факторлар ва уларнинг юзага келишига сабаб бўлган масъулларнинг хато ва камчиликлари ҳақида.

Жавоб. "O'zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligining 2023-yil 18-mayda "2023-2024-o'quv yili uchun ta'lim darajasi yuqori bo'lmagan maktablar ro'yxatini shakllantirish mezonlarini tasdiqlash to'g'risida"gi 130-sonli buyrug'i asosan viloyatdagi 1216 ta umumta'lim maktablarining reytingi o'rganib chiqildi. O'rganish natijasiga ko'ra viloyat bo'yicha 215 ta umumta'lim maktablari ta'lim sifati yuqori bo'lmagan maktablar toifasiga kiritildi. 2023-2024-o'quv yilidan boshlab ta'lim sifati past deb baholangan umumta'lim maktablarida Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligining 130-sonli buyrug'ida belgilab berilgan mezonlar asosida ishlarni tashkil etish va doimiy monitoring yuritib borish bo'yicha choralar ko'rilmoqda. Shuningdek, ushbu maktablar 2024-2025-o'quv yilidan ta'lim sifati yuqori bo'lmagan maktablar toifasiga kiritilgan taqdirda mas'ul xodimlarga qat'iy choralar ko'rilishi to'g'risida ogohlantirilgan".

Мана жавоб матни. Аввало ундаги имло ва услуб қоидаларига амал қилиниши юзасидан кимдадир савол туғилса, масъулият жавоб берувчи томон зиммасида. Чунки, юқорида таъкидлаганимиздек, унинг матни айни алифбода ҳеч бир таҳрирсиз жойлаштирилди. 

Энди ахборот олишга доир сўровга берилган жавобнинг қаноатланарлилик даражасига келсак, бунинг учун сўров мазмуни ва унга берилган жавоб матнини яна бир бор синчиклаб ўқиб чиқишингизни тавсия этамиз. Шунда хулосамиз ўхшаш бўлиши мумкин: жавоб берилдими - берилди... 

Таҳририят

Report typo