Qashqadaryo

"Қашқадарё" газетасининг расмий веб-сайти
5 февраль, чоршанба. 2025 йил                         Махсус версия RU

B.SAYFIYEV

23.01.2025


QUYOSH BILAN SO‘ZLASHA OLADIGAN ODAM BIR ZARRA BILAN QANOATLANISHI MUMKINMI?

Saralangan satrlar

Fariduddin Attor (1119-1193) buyuk so‘fiy faylasuflardan sanaladi. Alisher Navoiy bu zotni ulug‘lab, "Ilohiy sirlar kashfiyotchisi" deya ta'riflagani bejiz emas. "Asrornoma", "Musibatnoma", "Ilohiynoma", "Tazkirat ul-avliyo" kabi asarlari orasida albatta eng mashhuri "Mantiq ut-tayr"dir. Alisher Navoiy bu asarni bolalikda yod olgani, shuning ta'sirida "Lison ut-tayr"ni bitganini yaxshi bilamiz.

Asar ko‘plab qushlarning Anqoni podshoh etib saylash uchun uni izlab, uzoq orolga borishga ahd qilishi bilan boshlanib, ko‘plab vodiylarda bo‘lishi va o‘zligini tanishi haqida hikoya qiladi. Qushlar - ramz, hammasi insonning Haqni bilishi va unga yetish yo‘lidagi harakatlari xususida...

*  *  *

Umari Foruqkim, adolati bisyor edi, o‘zi gohida g‘isht quyar, gohida tikan (o‘tin) yig‘ardi. O‘zi o‘tin orqalab keltirardi, bir diram bilan to‘qqiz shaharni (piyoda) kezardi. Har kun mana shunday qafas hibsida edi, yetti luqma non uning taomi edi, xolos. Uning dasturxonida sirka va tuzdan boshqa narsa yo‘q edi, u baytulmol (xazina)dan non yemasdi. Agar yotsa, to‘shagi qum edi, belidagi charm kamarini yostiq qilardi. Saqqo (suv tashuvchi) kabi suv to‘ldirilgan meshni yelkasiga ko‘tarib, kechqurunlari qariyalarga suv ulashardi. Kechalari uyg‘oq o‘tirib, lashkarini qo‘riqlardi. O‘zini kam tutib aytardi: "Ey, insof bilan boquvchi kishi, Umarda biror ziddiyat, nifoq ko‘rasanmi, kimki mening aybimni yuzimga aytsa, menga eng ulug‘ tuhfa keltirgan bo‘ladi", derdi.

*  *  *

Haqning huzuri - azim daryo, jannat shu daryodan bir qatra, xolos. Kimdaki daryo bo‘lsa, qatraga qaramas, daryodan o‘zga narsalar savdo-tashvish va bog‘lanish, tamagirlik, oldi-sotgiga o‘xshashdir. Daryoga yo‘l topsang, bir tomchi shabnamga yuz burib nima qilasan? Quyosh bilan so‘zlasha oladigan odam bir zarra bilan qanoatlanishi mumkinmi?

*  *  *

Bir kishining bir qutichada oltini bor edi, uni yashirib, hech kimga aytmay o‘lib ketdi. Bir yildan keyin o‘g‘li uni tushida ko‘rdi: surati sichqonga o‘xshardi, ko‘zlari esa to‘la yosh edi. Oltini yashirilgan joyning atrofida sichqon kabi gir aylanardi. Farzandi undan: "Bu yerga nega kelding, ahvolingni tushuntir", deb so‘radi. Otasi dedi: "Bu yerga oltinlarni yashirgan edim, birov uni topdimi-yo‘qmi, bilmoqchiman". O‘g‘li so'radi: "Nega sichqon suratiga kirding?" Dedi: "Kimningkim qalbidan oltin ishqi joy olsa, u sichqon suratiga kirar. Ey o‘g‘il, menga boqib ibrat ol va oltin-kumush, xazina-boylikka dil bog‘lama".

*  *  *

Ishqning bir zarrasi butun olamdan afzal va azizdir, uning bir zarra dardi barcha oshiqlardan qimmatli. Ishq azaldan koinotning mag‘zi-mohiyati bo‘lib kelgan, ammo dardsiz ishq - komil ishq emas. Qudsiy farishtalarda ham ishq bor, ammo ularda dard yo‘q. Dard faqat odam bolasiga yuklatilgan, faqat Odam bunga munosib, faqat Odam unga chiday oladi.

*  *  *

Ka'ba shayxi, piri kibor shayx San'on cho‘chqaboqarlik kasbini qabul qildi. Voqean, har bir odam ichida yuz cho‘chqa bor, kishi ichidagi cho‘chqani o‘ldirishi kerak yo zunnor bog‘lashi kerak. Sen bu ish faqat shayx San'on boshiga tushgan deb gumondasan. Lekin bu xatar har bir kishi ichida bor. U har zamon boshini chiqarib, odam bolasini bezovta etadi. Agar sen o‘zingdagi cho‘chqadan ogoh bo‘lmasang, tariqat yo‘liga kirgan solih emassan, meni ma'zur tut. Ey mard, agar tariqatga qadam qo‘ymoqchi ekansan, bu yo‘ldagi butlar, cho‘chqalar kabi ming turli balolardan qo‘rqma. Agar tariqat yo‘li shunday azobli bo‘lmaganda, Shayx San'onday din odami rasvo bo‘lib, Rum shahrida g‘avg‘o ko‘tarmas, sargardon bo‘lmas edi.

*  *  *

Yuz minglab odamlar kissavurlik va makru hiyla bilan mashg‘ullar - pastkash dunyo o‘laksasi ustida talashadilar. Deylik, bu savdo kissavurlikchalik emasdir, sen kamrog‘ini tanla, bu mening uchun kamroq g‘amdir. Qachongacha bu savdo daryosiga diling g‘arq, hamma narsani makru hiyla, kissavurlik bilan o‘lchaysan. Agar birov buni g‘urur yoki havas desa, shunday joyga yetasanki, hech kim yetmagan bo‘ladi. Bu havas-orzular g‘ururi yo‘lida jon berish, uy va do‘konga ko‘ngul bog‘lashdan ko‘ra yaxshiroq.

*  *  *

Ey g‘ofil, Undan noumid bo‘lma, har zamon Undan lutfu karam tila. Bu ishni oson deb bilib, sidqidildan tilamasang, mushkuling oson bo‘lmaydi, soxta tavbalar bilan u tomon eshik ochilmaydi. Ammo agar gunohing bo‘lsayu, sidqidildan sadoqat ko‘rsatib, iltijo qilsang, U tomon yuz eshiklar qarshingda ochiladi.

*  *  *

Allohvandi jahon deydiki, ey falonchi, avvalda tavba qilding, afv etdim. Sen tavbani buzding - jazolashim mumkin edi, lekin jazolamadim. Ikkinchi marta tavba qilding va yana buzding. Muhlat berdim, g‘azab qilmadim. Endi xayolingda yana tavba qilish bor, ey bexabar. Yana tavba qilib, Men tomon qayt, eshiklarim ochiq, sen - jinoyat qiluvchi, Biz - kechiruvchimiz.

*  *  *

Nafs umr davomida sarkashlik qilmasin desang, tanni orom va huzurlarga g‘arq etma. Ey g‘aflat tandiri sening joying bo‘lgan odam, boshdan-oyog‘ing Matlub bilan band bo‘lsin. Qip-qizil qonli yosh dil asrori nishonasi, ammo ko‘p yeyish - bu dilning zangidir. Agar sen nafs itini parvarish etsang, vujuding ham, ruhing ham xunasalikda qolib, gavharing namoyon bo‘lmaydi.

*  *  *

Chin erkak o‘zini past tutib, yiqilganlarning izzatu ulug‘vorligi uchun g‘amxo‘rlik qiladi. Agar sen nazarda bir tukdan ortiq ko‘rinsang, o‘zing uchun butdan ham battarsan, chunki o‘zingga but kabi sig‘inasan. Agar sen uchun maqtov va tanqidlar farqlanib tursa, ya'ni maqtovdan xursand bo‘lib, tanqiddan ranjisang, but yasaydigan butgarsan, xolos.

*  *  *

Bir go‘rkov uzoq umr ko'rdi. Bir kishi undan so‘radi:

- Menga ayt-chi, sen umr bo‘yi go‘rkovlik qilding. Tuproq ostida nima ajoyibotlar ko‘rding?

Dedi:

- Shuni ko‘rdimki, nafsimning iti yetmish yil go‘r qazidi, ammo o‘lmadi, bir nafas farmonimga bo‘yin egmadi, toatda o‘tirmadi, mening holimga boqmadi, nolamni eshitmadi.

*  *  *

Bir to‘da tabdirkor odamlar bir kishini naz' jon taslim qilish paytida yuzini qiblaga burdilar. Biroq endi kech edi. Bu bexabar odamni oldinroq yuzini burish kerak edi. Quriyotgan shoxni olib ekishdan foyda yo‘q. O‘layotganda yuzni burishdan ham foyda yo‘q. Kimnikim jon chiqar paytda yuzini bursalar, u nopok bo‘lsa, nopok ketadi, uni poklayman, deb ovora bo‘lma.

*  *  *

Ey odam, umringning har nafasi - bir gavhar, vujudingdagi har bir zarra Haq tomonga rahbardir. Oyog‘ingdan boshinggacha Uning ne'matlari - tuhfasidir.

*  *  *

O‘g‘il otasi tobuti oldida yig‘lab borar ekan, oh chekib der edi:

- Ey otajon, jonimni pora qilgan bundayin og‘ir kun umrimda boshimga tushgan emas edi.

Shunda yonida borayotgan so‘fiy dedi:

- Otangning ham boshiga bundan og‘irroq kun kelgan emas. Sening boshingga emas, otangning boshiga mushkul ish tushdi. Ey dunyoga qo‘l-oyoqsiz kelgan zot, umringni tuproq tepib, havoni kesib yurish bilan o‘tkazasan. Agar mamlakat taxtiga o‘tirgan shoh bo‘lsang ham, oxiri qo‘lingda havo bilan, ya'ni hech vaqosiz ketasan.

*  *  *

Bandalik - bu sadoqat va rostliqdir, qolgani quruq havas, xolos.

Bandalik - aftodalikdir, shuni bilib ol. Agar sen manmanlik, hisob-kitob, g‘irromlik qilishga kirishsang, bu bandalik emas, balki sharmandalikdir.

*  *  *

Himmat tez uchar qushga o‘xshaydi. U o‘z parvozida har damda yana tezroq harakat qiladi. Uning parvozi ko‘zga ko‘rinmaydi va xilqatlar ichida sezilmaydi ham. Uning sayru parvozi borliq olamidan balandroq.

*  *  *

Insof najot sultonidir, kimki insofli bo‘lsa, u behuda vaysaqi gaplardan qutuladi.

*  *  *

Boshqalar aybini qilni qirqqa bo‘lib qidirasan, ammo o‘z aybingga kelganda, ko‘zing ko‘rmaydigan, qulog‘ing eshitmaydigan bo‘lib qoladi. Agar o‘z aybingni topish bilan shug‘ullansang, aybli esang-da, maqbul bo‘lasan.

*  *  *

Kimki o‘zgalar dardini baham ko‘rsa, bunday odamda do‘zaxga tushamanmi yoki behishtga boramanmi, degan tashvish ham bo‘lmaydi.

*  *  *

Basirat ko‘zi har qancha uzoq va baland-past joylarni ko‘ra oladi. Bu yo‘lda (talab yo‘lida) yo‘qolgan Yusufidan xabar so‘rab, dard chekayotgan Ya'qub kabi intizor bo‘lish zarur. Shunda tolib har ikki ro‘zg‘orda (bu dunyo va u dunyo hayotida) kashfiyot topmasa ham, tavhid asrorini izlashdan zinhor chalg‘imaydi. Mardlar sabrtalab va mehnattalab bo‘ladilar. Ahli dardlar barchasi sabrli bo‘ladilar. Ey tolib, bu yo‘lda izlaganingni topmasang ham sabr qil, axir shu yo‘lni topganing o‘zi yetarli-ku.

*  *  *

Agar bu jahon mulkidagi qonli dog‘larni yuvib, tozalamoqchi bo‘lsang, toabad yashasang ham umring yetmaydi. Yaxshisi (mol-dunyoda emas) ilm-ma'rifatda sultonlikka intil. Kimki ilm-ma'rifat olamida zavqlanib mast bo‘lsa, jahondagi barcha xalqlarga sulton kabi martabasi ulug‘ bo‘ladi. Bunday odam jahon mulkida farishta - malak kabi falaklarda parvoz qiladi.

*  *  *

Daryo tarafdan kelgan pashsha bir chekkada asal to‘la kosani ko‘rib qoldi. U zavqlanib, jon-dili bilan asalga o‘zini urdi. Bunday lazzatli taomni shoh ham, gado ham yemagan deb, pashsha asalni yeyaverdi. Pashsha asalni o‘rtasidan yegan edi, to‘yib qolib, chetga chiqmoqchi edi, oyog‘i og‘irlashdi. Chiqishga harakat qilgan sari battar ahvoli og‘irlashar edi.

Biz ham ba'zan ochko‘zlik qilib, chuqurga, chohga tushib qolamiz. Baqirib-chaqirsak, bizni egamning qahri o‘ldiradi. Agar haddimizni bilmasak, bizni asalning zahri o'ldiradi.

B.SAYFIYEV tayyorladi.

Report typo