Shoir tavalludining 84 yilligiga
Bu olamda she’r ko‘p, shoir ko‘p. Ammo ularning hammasiga ham odamlar ko‘nglidan joy olish, yashab qolish nasib etmagan. O‘lganu unutilgan. Abdulla Oripov qay darajada iste’dod egasi ekani o‘z davrida bisyor e’tirof etilgan, ammo uning insoniylik siymosi va ijodkorlik dahosi vafotidan so‘ng yanada yaqqol namoyon bo‘ldi – chinorning ulug‘vorligi yiqilgach bilinadi, deyishadi-ku. Binobarin, qanday buyuk ijodkor bilan bir davrda yashaganimizni teran anglayapmiz.
Abdulla Oripovning naqadar she’rlari, balki turli suhbatlar asnosida bildirgan fikr-mulohazalari ham teranligi bilan ajralib turadi. Quyida saralangan lavhalar fikrimizga dalildir.
***
Hayotim davomida meni ikki guruh muttasil ta’qib etib kuzatib keladi. Biri xayrixohlar, ikkinchisi hasadgo‘ylar. Ular qaysi davrda yashagan bo‘lmasin (sho‘rolar davridami yoxud hozirmi), rangi-turqlari o‘zgargan emas.
***
Badiiy ijod bilan zamonning munosabatlari g‘alati jarayondir. Masalan, zamon kulayotgan bo‘lsa, uning davrasida yig‘lab o‘tirish yoki zamon yig‘layotgan bo‘lsa, uning qoshida qahqaha urish har ikkala tomon uchun ham qandaydir vaziyatni keltirib chiqaradi.
Har narsaning mavridi bor yoxud mana bu gap bemavrid aytilibdi, degan andishalar shunday kelib chiqqan. Mening nazarimda har qanday murakkab vaziyatni badiiyat hamda falsafa ko‘magida malolsiz tadqiq etish mumkin.
***
Kishiga Alloh taolo iste’dod bergan bo‘lsa, u hech qachon yo‘qolmaydi. Kishi jismonan qariydi, lekin iste’dodning qarisi bo‘lmaydi.
***
Ruhiy qashshoq odamlar hamma davrda ham to‘lib-toshib yotadi. Ularga e’tibor qilmaslik ham mumkin. Lekin ular nihoyatda ko‘paygandan keyin muhitga aylanadilar. Bu esa fojia.
***
Mendan ko‘pincha falon tuzumdan norozi bo‘lib she’r yozganmisiz, deb so‘rashadi. Aslida men tuzum-puzumini uncha o‘ylab ham o‘tirgan emasman. Men mavjud hayotga munosabat bildirishga urindim, xolos. Masalan, O‘zbekiston mustaqil bo‘lganda men bu holni tamomila qonuniy haqqim deb qabul qildim. Uni ko‘rganim esa mening baxtim.
***
Men orzu qilardimki, xorijga borgan har bir yosh-qari Vatanimiz, millatimiz, san’atimiz, ilm-urfonimiz va an’analarimizni eslatib turuvchi biron bir belgini ko‘rganda hayajonga tushsin va ko‘zidan yosh chiqib «bu bayroq meniki», «bu so‘zana mening diyorimda tikilgan» va «bu musiqa – mening shashmaqomim» deb g‘ururlansa deyman! O‘zbekistonda tug‘ilganiga shukronalar aytsin. Shunda biz bobomiz Jaloliddin Manguberdidek yurtga sadoqatli va jadidlardek millatga jonboz bo‘lamiz.
***
Bobom zamonidan milliy g‘urur haqida ko‘plab misollar keltirishim mumkin. O‘tgan asrning 80-yillari edi. Men Yozuvchilar uyushmasida o‘rinbosar lavozimida ishlardim. Xonada bir guruh adiblar gurunglashib turgandik. Nogahon biz «Tyotya Lena» deb ataydigan farrosh kirib qoldi. Hammamiz – o‘zbeklar birdan ruscha gaplasha ketdik… Bu endi XX asrning latifalari. Shunday nochor ahvolda edik.
***
Men shoir bo‘laman deb o‘ylamaganman. Bir gal, u paytda ikki-uchta kitobim chiqqan edi, Shayx aka (Maqsud Shayxzoda) familiyangizdagi «ov»ni olib tashlasangiz-chi, deb qoldi. Men esa nima kerak, qo‘ying, shundoq ketaversin, dedim. Shunda u kishi shunday vaqt keladiki, shu ishni qilmaganingizga achinishingiz mumkin, dedi halimlik bilan. Endi o‘ylasam, Shayx aka avliyosifat odam ekan, juda uzoqni ko’ra olgan ekan…
***
Ijodkor ikkiyuzlamachi, lo‘ttiboz bo‘lmasligi kerak. Va eng katta gaplarni mayda gaplardan ajratib olishi shart.
***
Har qanday kishi birinchi bor bunday iztirobni his qilganida, ko‘nglidan, bu mening birinchi va yagona muhabbatim bo‘lib qoladi, degan xayollarni o‘tkazadi. Va… bu juda to‘g‘ri o‘y bo‘lsa kerak? Agarda ikkinchi, uchinchi muhabbat ham bo‘lganida ishqning qadri qolmagan bo‘lardi. Yana yoqtirish bilan sevishning farqiga bormaydigan kishilarni men «baxtsiz» degan bo‘lardim.
***
Bu she’r («Birinchi muhabbatim») yozilib, matbuotda e’lon qilinganidan keyin xalq xuddi shu she’rni intizorlik bilan kutib turganday juda yaxshi qabul qilgan. Lekin o‘sha vaqtdagi siyosat uni to‘g‘ri qabul qila olmagan. Chunki undagi «Men kimga suyangayman, birinchi muhabbatim?» degan so‘zlar ularning qattiq g‘ashiga tekkan. Katta-katta yig‘inlarda «Nega unday deydi? Mana, partiyaga suyansin!» degan edilar. Chunki o‘sha vaqtlarda «sovet kishilari – eng baxtli kishilardir», deb qaralib, bazxtsizlik haqida yozish mumkin emas edi.
***
O‘lim-ku bor gap. Lekin dilingga yaqin, uning ustiga hamkasb, hamdast inson dunyodan o‘tsa, sening ham bir chekkang o‘pirilib ketganday bo‘lar ekan.
***
Mehnatda ham mehnat bor-da. Masalan, bir xil maxsini tikish uchun ikki maxsido‘z birday kuch sarflaydi. Deylik, bigizni bir xil kuch bilan urib, ipni bir xil tortadi. Lekin birining maxsisidan ikkinchisiniki butunlay farq qiladi. Avvalo, mehnat qilayotgan kishi nima uchun va qaysi maqsadda mehnat qilayotganini bilishi va shunga intilishi kerak. Kimdir derazadan tashqariga boqib «shamol esayapti» deyishi mumkin. Shoir esa, avvalo, bu yerda holatga qaraydi. Voqea yuz berayotgan jarayon ruhiyatidan kelib chiqib so‘z qo‘llaydi. Agar urush bo‘layotgan bo‘lsa, albatta. «u yerda sabo esdi» deb bo‘lmaydi. Shuning uchun birinchi navbatda ovchi nimani ovlamoqchi bo‘lganligini bilishi kerak. Mehnat ikki xil: qora mehnat bor, uni ho‘kiz ham, eshak ham qilishi mumkin. Shoirning mehnati bu boshqa. O‘zi quyilib keladigan she’rlar bo‘ladi. Bu hayotda bor narsa. Gohi katta tajribadan keyin kallangizda doimo millionta so‘z o‘qlanganday turadi. Gohi she’r quyilib keladi. Darrov bir yoki ikkita she’rni aytib turib yozdirib olish ham mumkin.
***
Men she’rni xuddi yig‘lagisi kelib turgan odamning yig‘lashiday yozganman-ketaverganman. Shuning uchun ko‘p qo‘lyozmalar saqlanmagan. Albatta, ba’zilarini asrab qolganman. Ularga qarab bitta she’rning ustidagi mehnatlarim, zahmatlarimni eslayman.
***
Fe’li torlik, hasadgo‘ylik xalqimizning boshiga qancha-qancha kulfatlar olib kelgan. Hasadgo‘ylikka, hasadga qarshi eng ko‘p she’r yozgan men bo‘lsam kerak.
***
Shunday odamlar borki, ular sendan dunyoni qizg‘onadi. Ariqdagi suvni ham ravo ko‘rmaydi. Bularda vijdon, adolat, hamiyat, saxovat degan tuyg‘ulardan asar ham yo‘q. Avvallari mening tilimda gapiradiganlar, hammasi yaxshi deb o‘ylardim. Eng katta xato va soddaligim shunda bo‘lgan. Shuning uchun keyinchalik yozganman:
Bitta tilda gaplashgan bilan,
Bir lagandan osh yegan bilan.
Hali u vatandosh emas…
Afsuski, shunday ekan. Men ularni hech qachon vatandosh deyolmayman. Ular bilan pasportga, hududga ko‘ra vatandoshman, xolos.
***
1966-yilda Toshkentda zilzila bo‘ldi. Yodingizda bo‘lsa, «Avlodlarga maktub» degan she’r ham yozganman. Zilzila tufayli Toshkent vayron bo‘ldi. Ertasida esa ko‘cha-ko‘yda to‘y, xuddi Navro‘z bayramidek g‘at-g‘ut musiqa, televizor, radio baqirib yotibdi. Ko‘chalarda oshlar pishirilgan, odamlar raqsga tushgan. Xuddi bu zilzilani yuz yil kutgandek. «Sovet xalqi hech kimdan qo‘rqmaydi», deb baqirishgani baqirishgan. Atrofga qaraysiz, qancha uylar vayron bo‘lgan. Buldozer, tank surib yotibdi. Shunday kezda, nima qilasan yolg‘on gapirib? Axir, bu tuzumning inqirozi emas-ku? Tabiiy ofat-ku! Yer qimirlashiga marksizmning nima aloqasi bor?
***
Gyote 80 yoshdan o‘tib jon berayotganda, atrofidagilarga qarab: «Mana bu pardalarni surib, derazani ochib qo‘yinglar», degan ekan. Endi uni butun adabiyotshunoslar ushlab olib: «Gyote umrining so‘nggi lahzalarida bu bilan nima demoqchi bo‘lgan», deb bahs yuritisharkan. Biri u «insoniyatga toza havo kerak», demoqchi bo‘lgan, desa, boshqasi «u bashariyatga yorug’lik, nur kerak demoqchi» derkan. Menimcha, u bor-yo‘g‘i so‘nggi nafasda havo yetishmaganidan derazalarni ochishni so‘ragan, xolos.
***
Ko‘p polvonlarga e’tibor bersangiz, ular o‘ta sodda va samimiy ekanligini ko‘rasiz. Mug‘ambirlikni, riyokorlikni bilishmaydi. Olishayotganda ham haqiqiy polvonning ko‘ziga sovrin ko‘rinmaydi, u eng avvalo, oriyat uchun kurashadi. Ko‘p polvonlar olgan sovrinlarini ham kamxarj oilalarga, beva-bechoralarga ulashib beradi. Men bu o‘rinda haqiqiy kurashchi polvonlarni nazarda tutayotibman. Lekin, ularning orasida ham garchi kurash tushib yurgan bo‘lsa-da, polvonlik oriyatini bilmaydigan aldamchilari, muttahamlari uchrab turadi.
***
Inson bolasi ko‘pincha yaxshi ma’noda har narsadan ramz, timsollar qidirishga intiladi. Misol uchun, Yevropa xalqlari o‘n uch raqamidan qo‘rqishadi. Yoki Sharqda qadimdan yetti raqami sirli hisoblanib kelingan. Shaxsan men bunday narsalarga ishonmayman. Agar hayotga ochiqcha, shafqatsiz nazar tashlaydigan bo‘lsak, men bu savolga bitta jumla bilan shunday javob beraman. Hamma kun ham Xudoning kunidir. Bir kun yaxshi, boshqasi yomon, bunisi xosiyatli, bunisi xosiyatsiz, degan gaplar to‘g‘ri emas. Bitta yomon kun bor. U ham bo‘lsa, insonning umri poyoniga yetgan kun, bu dunyodan ko‘z yumgan kun.
***
Ijodkorning fazilatini faqat o‘z kechinmalarigina belgilamaydi. U atrofidagi dunyoga, odamlarga teran ko‘z bilan boqmog‘i va u haqda teran fikr yuritib, umriboqiy asarlar yaratishga intilmog‘i lozim. Bu vazifani uddalashdagi asosiy kalit samimiylikdir. Ijodda nosamimiylik yolg‘on va qalbakilikning ayni o‘zginasi!
Albatta, har kimsa xayoliga nima kelsa, shuni yozish huquqiga ega. Lekin qo‘liga endigina qalam olgan murg‘ak havaskorning «men o‘lgim kelayapti, erta-indin o‘laman» qabilidagi «vidolashuv» she’rlar yozib yurishiga nima deysiz? Bunday hol nainki tanqidchini, balki bu ijodkorning ota-onasini ham tashvishga solib qo‘yadi.
B.SAYFIYEV tayyorladi.

