16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Ma’naviyat

Ot yili:  muchal mohiyatida qanday mazmun mujassam?

Bilasiz, o‘n ikki hayvonli taqvim, ya’ni muchal hisobida kelgusi yil 21–martdan ot yili boshlanadi. Bilgichlar bunga qo‘shimcha ravishda olovli ot yili ekanini ta’kidlashadi. Bunga bois bizda asosan shu rangli ot ko‘pligidan bo‘lsa kerak. Umuman, muchal nima o‘zi va yilning biror jonzot bilan bog‘lanishida qanday ma’no-mazmun bor?

Ma’lumotlarga ko‘ra, muchal sanasi asosida Quyoshning yillik, Mushtariy (Yupiter) sayyorasining 12 yillik, Zuhal (Saturn)ning 60 yillik (ikki sikllik) va Oyning aylanma harakatlari yotadi.

Muchal sichqon, sigir, yo‘lbars, quyon, baliq, ilon, ot, qo‘y, maymun, tovuq, it, to‘ng‘iz kabi 12 hayvon nomi bilan ataladi.

Bunday o‘ziga xos taqvim dastlab qadimgi Xitoy, Hindiston, Bobil, Eron, Yaponiya, Turon va Misrda paydo bo‘lib, keyinchalik boshqa hududlarga yoyilgan.

Mahmud Koshg‘ariy «Devoni lug‘atit turk» asarida muchal haqida shunday yozadi: «Turklar o‘n ikki xil hayvon ismini o‘n ikki yilga qo‘yganlar. Tug‘ilish, jang tarixlari va boshqalarni ana shu yillar aylanishidan hisoblaydilar. Buning kelib chiqishi shunday: turk hoqonlaridan biri o‘zidan bir necha yil oldin o‘tgan urushni o‘rganmoqchi bo‘lgan, shunda u urush bo‘lib o‘tgan yilni aniqlashda yanglishgan. Bu masala yuzasidan (hoqon) qavmi bilan kengashdi va aytdi: «Biz bu  tarixni (aniqlashda) qanchalik yanglishgan bo‘lsak, bizdan keyin ham shu qadar yanglishadilar. Shunday bo‘lgach, biz endi o‘n ikki oy va osmondagi o‘n ikki burjga asoslanib, o‘n ikki yilga (nom) qo‘yishimiz kerak, toki bizdan keyin yil hisobi shu yillarning aylanishiga qarab olinsin va bu narsa abadiy bir yodgorlik bo‘lib qolsin». Ular: «aytganingizdek bo‘lsin», – deyishdi.

Hoqon ovga chiqdi va odamlarga to‘qay hayvonlarini Ila daryosi tomon quvishni buyurdi, bu juda katta suv. Odamlar ov qilib, hayvonlarni suv tomon hayday boshladilar, shunda o‘n ikki hayvon suvdan o‘tdi. O‘n ikki yilni ana shu o‘n ikki hayvon nomi bilan atadilar.

Eng oldin suvdan o‘tgan hayvon sichqon bo‘ldi. Shuning uchun yil boshi uning nomi bilan ataldi, shu so‘zga yil qo‘shib, sichqon yili deb atadilar. Undan keyin o‘tganlari quyidagi tartibda bo‘ldi: ud (sigir), bars (yo‘lbars), tovushqon (quyon), nek (timsoh, hozirda baliq deyiladi), yilon (ilon), yund (ot), qo‘y, maymun (bijin), taqag‘u (tovuq), it, to‘ng‘iz».

Abu Rayhon Beruniyning «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar» asarida ham o‘n ikki hayvon nomi bilan ataladigan o‘n ikki yillik muchal hisobi nomlari keltirilgan.

O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti tadqiqotchisi Farrux Jabborovning qayd etishicha, o‘n ikki hayvonli turkiy taqvim yil va muchal hisobi bo‘yicha shamsiy kalendar sanaladi. Lekin oylar qamariy hisob bilan yuritiladi, ya’ni bir oy 29-30 kunga teng. Bir muchalda esa 148-149 qamariy oy bor. 12 qamariy oy 354 kun bo‘lib, shamsiy yildan 11 kun kam. Shu bois har uch yildan so‘ng o‘n uchinchi oy ham qo‘shilgan. Demak, muchal hisobi qamariy-shamsiy taqvimlar sirasiga kiradi. Manbalarda yozilishicha, Ko‘kturklar davridan boshlab (VIII asr) to‘liq shamsiy yil hisobiga o‘tilgan.

12 oy – bir yil, 12 yil – bir muchal, 5 muchal esa bir davr (ya’ni Saturnning ikki aylanishi)ga teng keladi. Muchal so‘zining ma’nosini shu o‘rinda anglash mumkin, ya’ni mucha – qismdir: 60 yilning beshdan bir qismi. Bir davrning 100 yil emas, aynan 60 yil qilib olinishida ham hikmat bor. Chunki, odatda, bir inson umri taxminan 60 yilga teng va bu «Inson asri» ham deb yuritiladi.

Olimning fikriga ko‘ra, Markaziy Osiyoning tabiiy sharoiti muchal hisobini yaratishga sabab bo‘lgan. Ko‘chmanchi xalqlarning turmush tarzi chorvachilik bilan bog‘liqligi uchun ushbu sohaning istiqbolini belgilash, keskin kontinental iqlim sharoitida uzoq muddatli ob-havo prognozlarini ishlab chiqish zarurati bunda asosiy omil bo‘lgan.

«Devonu lug‘otit-turk»da yozilishicha, turkiylar muchal yillarining har birida nedir hikmat bor deb o‘ylaganlar. Masalan, sigir yilida urush ko‘payarmish, chunki ho‘kizlar bir-biri bilan ko‘p shoxlashadi. Bu yilda yomg‘ir-qor ko‘p yog‘adi. Qish uzun keladi. Tovuq yilida ovqat ko‘p bo‘ladi. Chunki tovuqning yemishi dondir, tovuq donni topish uchun yer titadi. Timsoh (nahang) yili kirganida ko‘p yomg‘ir yog‘adi. Chunki timsoh suvda yashaydi.

Bugunning odami muchal deganda, odatda, yillik bashoratlarni tushunadi. Bu esa azaldan din namoyandalarining haqli e’tiroziga sabab bo‘lgan va muchalning xurofot deya izohlanib, taqiqlanishiga sabab bo‘lgan. Aslida o‘n ikki hayvonli turk taqvimining fol ko‘rish bilan hech qanday aloqasi yo‘q. Mazkur irimlar aslo folbinlik emas, balki xalqning asriy tajribalarini o‘zida mujassamlashtirgan falsafiy tafakkuridir.

 Inson tabiatning bir bo‘lagi, tabiatdagi o‘zgarishlar bizga ta’sir etmay qolmaydi. Shunday ekan, «falon yil unday keladi, piston yil bunday keladi» kabi bashoratnamo gaplar aslida uzoq kuzatuvlar xulosasi, ilmiy prognozlardir. Bashoratlar aynan yil sohibi bo‘lmish hayvonning muhim xislati bilan bog‘liq ekani esa muchal yillarini nomlashda yetti o‘lchab, bir kesilganidan darak.

Umuman olganda, otning xususiyatlaridan kelib chiqsak, bu yil ham ancha barorli kelishidan umid qilsa bo‘ladi.

NASRIDDIN tayyorladi.