Taqvim
Dunyoda aynan muayyan bir kunda nishonlanishi belgilangan, shuningdek, ko‘chma sanali tadbir va bayramlar, muhim voqeyliklar soni shunchalik ko‘pki, sanab adog‘iga yetmaysan kishi. Ma’lumotlarga ko‘ra, sayyora ahli birgina mart oyida 330 dan ortiq takrorlanib keluvchi voqealar, unutilmas sanalar, turfa faoliyatlarga oid professional kasb kunlari va turli xalqlarning bayramlari guvohiga aylanishi mumkin ekan. Ularning ayrimlari xalqaro miqyosda, ba’zilari esa ma’lum bir millatlar tomonidangina e’tirof etilgan bo‘lsa, ko‘pi kichik doira va qarashlari mos qatlamlarda esga olinadigan biror narsa yoki hodisaga yoxud faoliyatga bag‘ishlab nomlangan kunlardir.
Biz joriy yil mart oyida an’anaga muvofiq Xalqaro xotin-qizlar kunini keng nishonlagan bo‘lsak, Navro‘z umumxalq bayramiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rayapmiz. Har galgidan farqli tarzda bu yil musulmon ummatining muqaddas Ramazon hayiti ham mart oyiga to‘g‘ri kelmoqda.
Bular biz e’tirof qiladigan va keng nishonlaydigan yirik bayramlar. Agar kichik muhim sanalarni ham bir-bir sanasak, oyning har kuniga hatto o‘ntalab rang-barang mavzuli tadbirlar to‘g‘ri kelarkan. Mana, 21 martni olaylik. Ushbu sanada Xalqaro Navro‘z kuni; Butunjahon she’riyat kuni; Xalqaro qo‘g‘irchoqbozlar kuni; Xalqaro o‘rmonlar kuni; Xalqaro irqiy kamsitishlarga barham berish kuni; Xalqaro Daun sindromiga chalingan odamlar kuni; Xalqaro rang kuni; Butunjahon yog‘och kuni; Xalqaro ta’lim erkinligi kuni kabi xalqaro maqomdagi va Axloq kuni; Xushbo‘y hidlar kuni singari yana o‘nta bag‘ishlab nomlangan kichik bayramlar bor ekan. Ulardan ayrimlarining kelib chiqish omillari bilan qiziqdik.
Avvalo Navro‘z bayrami haqida qisqacha izoh berib o‘tadigan bo‘lsak, 21 mart sharqona Yangi yilning birinchi kuni sifatida nishonlanadi va bunda ajdodlarimiz tabiat, falakiyot qonunlariga tayanganlar. Aynan shu vaqtga kelib borliq uyg‘onadi, zamin bag‘ridagi jamiki jonzotlar, qurt-qumursqalar va o‘t-o‘lanlarning jonlanish davri kiradi.
Butunjahon she’riyat kuni
Ushbu sana joriy yilda 26-bor nishonlanadi. Shu munosabat bilan uyushtiriladigan tadbirlarda adabiy uyushmalar a’zolari, shoirlar, turli yo‘nalishdagi ijodkorlar, tanqidchilar, tarjimonlar, she’riyat muxlislari va havaskor yoshlar jam bo‘lishadi.
Butunjahon she’riyat kuni BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (YUNESKO) Bosh konferensiyasining 30-sessiyasi qarori bilan rasman ta’sis etilib, ilk marta 2000 yilda nishonlangan. Maqsad – odamlarni she’riyatga oshno qilish va yoshlarga nazmda o‘z iste’dodlarini namoyish etish imkonini taqdim etish.
Shu kuni yorqin she’rlar mualliflarini taqdirlash, adabiy o‘qishlar va she’riyat kechalari tashkil qilish, yangi kitoblar taqdimotlarini o‘tkazish an’ana tusini olgan. Albatta, bunda Navro‘z bayramiga atalgan, uni tarannum etuvchi she’rlar ayniqsa jo‘shqinlik bilan o‘qiladi.
Xalqaro qo‘g‘irchoqbozlar kuni
Bu kun qo‘g‘irchoq teatrlari xodimlarining kasb bayrami hisoblanadi. Uning mohiyatida spektakllar va qo‘g‘irchoqbozlar nufuzi, mashhurligini oshirish maqsadi yotadi. Shu munosabat bilan aktyorlik mahorati rivojiga bag‘ishlangan an’anaviy konferensiyalar, seminarlar, aksiyalar uyushtiriladi, mashg‘ulotlar, ijodiy uchrashuvlar o‘tkaziladi, ma’ruzalar o‘qiladi, qo‘g‘irchoq spektakllari namoyish etiladi.
Xalqaro qo‘g‘irchoqbozlar kunini joriy qilish tashabbusi bilan eronlik teatr arbobi Javod Zulfiqoriy chiqqan. 2000 yilda Xalqaro qo‘g‘irchoq teatrlari arboblari ittifoqi (UNIMA)ning XVIII kengashida ushbu taklif muhokama etilib, sanani belgilash borasida bir to‘xtamga kela olinmagan. Nihoyat, 2003 yilda UNIMA a’zolari 21 mart kunini ma’qul ko‘rishgan.
Kun topshirig‘i: o‘zingizni qo‘g‘irchoqboz rolida his qiling. Turli obrazlar uchun qo‘lbola qo‘g‘irchoqlar tayyorlab, uyda oila a’zolari uchun spektakl namoyishini uyushtiring. Syujet uchun kulgili hayotiy voqealardan foydalaning. Bunda, milliy liboslardan tikilgan qo‘g‘irchoqlar yordamida Navro‘z qadriyatlarini aks ettirish ham yaxshi variant.
Xalqaro irqiy kamsitishlarga barham berish kuni
Ma’lumki, Navro‘z tinchlik, do‘stlik, hamjihatlik muhiti, birdamlik ruhini mustahkamlashga xizmat qilib kelayotgan xalqaro bayram. U bilan bir kunda nishonlanadigan Xalqaro irqiy kamsitishlarga barham berish kuni ham mohiyatan bag‘rikenglikni targ‘ib etishi bilan ahamiyatli.
Irqiy kamsitishlar intellektual, madaniy, jismoniy va boshqa jihatlarda notenglik ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Bu boradagi murosasizlik insoniyat taraqqiyotiga, tinch hayotga, umuminsoniy hurmatga to‘sqinlik qiladi.
Xalqaro irqiy kamsitishlarga barham berish kunini BMT Bosh Assambleyasi 1966 yilda ta’sis qilgan. Tanlangan sana ramziy ma’noga ega. U 1960 yilda Janubiy Afrika Respublikasida irqiy ajratish rejimining afrikaliklarni majburiy pasportlashtirishga oid qonuniga qarshi tinch namoyishlar vaqtida politsiya tomonidan o‘ldirilgan 69 qurbon xotirasiga bag‘ishlangan.
Sana har yili alohida mavzuga ega bo‘ladi va shunga hamohang tadbirlar o‘tkaziladi.
Xalqaro Daun sindromiga chalingan odamlar kuni
Genetik anomaliyalar sabab kelib chiqadigan qator kasalliklar mavjudki, zamonaviy tibbiyot ularga qarshi hali ham ojiz. Shifokorlar faqat ularning namoyon bo‘lishi oqibatlari bilan kurashib kelmoqda. Bunday kasalliklardan biri Daun sindromidir.
Xalqaro Daun sindromiga chalingan odamlar kuni ushbu patologiyadan aziyat chekayotgan bemorlarning muammolari va ularning ijtimoiy moslashuviga yordam berish, bunga keng jamoatchilik e’tiborini qaratish uchun joriy qilingan. Sana «Daun-sindrom» assotsiatsiyasining Butunjahon va Yevropa boshqaruvi tashabbusi bilan 2006 yildan buyon nishonlanab kelinadi.
Bunda ham tanlangan sana ramziy ma’noga ega. U kasallik 21-xromosomaning uchta nusxasi bilan bog‘liqligini ko‘rsatadi. Sindrom uni kashf qilgan ingliz shifokori Jon Daun sharafiga nomlangan.
2013 yilda Massachusets universitetining tibbiyot fakulteti tadqiqotchilari 21-xromosomaning uchinchi nusxasini bloklashga erishganlar. Ular bu muvaffaqiyat kasallik rivojlanishining oldini olishga yordam berishini tasdiqlashgan.
Xalqaro ta’lim erkinligi kuni
Sana Raqamli erkinlik jamg‘armasi tomonidan 2013 yilda yo‘lga qo‘yilgan xalqaro tadbirdir. Undan maqsad – bilimlarni yoyish, insoniyatning ta’limda bepul dasturiy ta’minot va bepul ilm resurslaridan foydalanish afzalliklari haqidagi xabardorligini oshirish.
Xalqaro ta’lim erkinligi kuni (EFD) ta’sis qilingan yili ilk bor 17 yanvarda nishonlangan. Biroq, keyinchalik sana turli davlatlarda mahalliy bayramlar va ta’tillarga to‘g‘ri kelib qolmasligi uchun o‘zgartirilgan. 2016 yildan 21 martda nishonlab kelinayotgan EFD bizda baribir sevimli bayram – Navro‘zga to‘g‘ri kelib qolganini qarang!
Bu kunda har bir kishining ta’lim olish huquqi va ta’lim tizimini ixtiyoriy tanlash erkinligi targ‘ib qilinadi. Shunga bag‘ishlangan tadbirlar uyushtiriladi.
Internet materiallari asosida tayyorlandi.

