16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Iqtisodiyot

KO‘Bning iqtisodiyotdagi o‘rni yanada oshiriladi

Rivojlanish strategiyasi

2025-2030 yillarda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish strategiyasining amalga oshirilishi natijasida 2030 yilga borib viloyatimizda kichik va o‘rta biznes (KO‘B) subyektlarining yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi o‘tgan yilgi  71 foizdan 76,8 foizgacha oshadi.

Ayni paytda xuddi shu davrda vohamizda KO‘B subyektlarining eksportdagi ulushi 2024 yilda qayd etilgan 20,4 foizdan 21,4 foizgacha, jami bandlikdagi ulushi 78,1 foizdan 82,3 foizgacha, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishdagi ulushi 35,8 foizdan 44,3 foizgacha, har 1000 kishiga to‘g‘ri keladigan faoliyat ko‘rsatayotgan kichik biznes subyektlari 10 tadan 15,7 tagacha, xodimlari soni 10 kishidan kam bo‘lmagan KO‘B subyektlari ulushi esa 5,1 foizdan 7,7 foizgacha ko‘tariladi.

Shahrisabz tumanida yoshlarni IT, elektron tijorat va ingliz tiliga o‘qitish markazi tashkil etiladi

Ma’lumki, 2025-2030 yillarda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish strategiyasi mamlakat Prezidentining joriy yil 19 mart kuni kichik va o‘rta biznes vakillari bilan uchrashuvida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan bo‘lib, davlatimiz rahbarining «Kichik va o‘rta biznesning iqtisodiyotdagi o‘rnini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bilan tasdiqlangan.

Hujjatda belgilanganidek, strategiyaning asosiy maqsadi yagona davlat siyosatini amalga oshirish orqali kichik va o‘rta biznes uchun eng qulay shart-sharoitlar yaratish hamda sohada raqobatbardoshlikni oshirishga qaratilgan bo‘lib, uning ustuvor yo‘nalishlari moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralarini kengaytirish, biznes uchun zarur infratuzilmani rivojlantirish, raqobat muhitini yaxshilash va tashqi bozorlarga chiqishni rag‘batlantirish, raqamlashtirish, sun’iy intellekt va innovatsiyalarni joriy etish, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash choralari samaradorligini oshirish, tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish va biznes uchun malakali mutaxassislar tayyorlash tizimini takomillashtirish, mas’uliyatli biznes amaliyotini joriy qilishdan iborat.

Farmonga muvofiq 2025-2030 yillarda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish strategiyasini amalga oshirishning mamlakat va hududlar kesimidagi maqsadli ko‘rsatkichlari, shuningdek, mazkur strategiyani 2025 yilda amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi ham tasdiqlandi. Ushbu dasturda har bir ustuvor yo‘nalish bo‘yicha ko‘plab muhim chora-tadbirlar jamlangan ekan, xususan, BMT Taraqqiyot Dasturi bilan hamkorlikda yoshlarning raqamli tadbirkorlik bo‘yicha imkoniyatlarini oshirib, ular uchun Shahrisabz va Hazorasp tumanlarida davlat-xususiy sheriklik asosida IT, elektron tijorat va ingliz tiliga o‘qitish markazlarini tashkil etish ham nazarda tutilgan.

Kitob va Kosonda sanoatni jadal rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofislari ochiladi, Yakkabog‘ tumanida esa yangi dastur amalga oshiriladi

Prezident farmonida kichik va o‘rta biznes subyektlarining yiriklashuvini rag‘batlantirish maqsadida joriy yil 1 maydan boshlab mamlakatimizdagi 20 ta tuman, shu jumladan, vohamizdagi Kitob va Koson tumanlarida sanoatni jadal rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofislari tashkil etilishi ham alohida belgilab berilgan.

Tafsilotlarga qaraganda, ushbu loyiha ofislari kichik va o‘rta biznes subyektlariga konsultatsiya xizmatlari ko‘rsatib, ular uchun muhandis, texnolog, dizayner, buxgalter, marketologlarni hamda boshqa malakali xorijiy va mahalliy mutaxassislarni jalb qiladi. Bundan tashqari, ular o‘zlari biriktirilgan tumanlarda 10 tadan drayver loyihani ishga tushirish, 5 tadan milliy brend mahsulotlarini yaratish, kichik va o‘rta biznesning ishlab chiqarish va eksport ko‘rsatkichlarini 1,5 barobar oshirish uchun mas’ul bo‘ladi.

Loyiha ofislari faoliyatini tashkil etish hamda xorijiy mutaxassislarni jalb qilish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish uchun joriy yilda davlat budjetidan 100 milliard so‘m ajratiladi. 

Kichik va o‘rta biznes uchun infratuzilmani yaxshilash maqsadida esa joriy yil 1 iyuldan boshlab shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq, loyiha ofislari tavsiyasiga asosan yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlariga maydoni 10 ming kvadrat metrgacha bo‘lgan bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk obyektlarini 5 yil muddatga tekin foydalanishga berish tizimi joriy etiladi.

Aynan shu sanadan boshlab, mamlakatimizdagi 15 ta tuman va shaharda, shu jumladan, vohamizdagi Yakkabog‘ tumanida mahalliy boshqaruv organlari va davlat tashkilotlari binolariga tadbirkorlik subyektlarini joylashtirish  dasturi ro‘yobga chiqariladi. Uning doirasida mazkur hududlarda mahalliy boshqaruv organlari va davlat tashkilotlari Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan namunaviy loyiha asosida yangi barpo etiladigan ko‘p qavatli binoga joylashtirilib, bu ko‘p qavatli binoning 1- va 2-qavatlari tadbirkorlik subyektlariga mulk huquqi asosida realizatsiya qilinadi. Mahalliy boshqaruv organlari va davlat tashkilotlarini ko‘chirish natijasida bo‘shaydigan davlat ko‘chmas mulk obyektlari, o‘z navbatida, biznes loyihalarini amalga oshirish uchun elektron onlayn auksion savdolariga chiqariladi.

«Chempion» tadbirkorlar safiga kimlar kiritiladi?

Prezident farmoniga muvofiq mamlakatimizda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishga qaratilgan yana bitta yangi dastur – tez va yuqori sur’atlarda o‘sayotgan tadbirkorlik subyektlarini «chempion» tadbirkorlarga aylantirish dasturi ham hayotga tatbiq etilib, uning doirasida ikki oy muddatda «chempion» tadbirkorlarga aylantiriladigan tashkilotlar ro‘yxati shakllantirilishi kerak. Bu ro‘yxatga tuman (shahar) darajasida – har bir tuman (shahar)da kamida 2 tadan yillik aylanmasi 10 milliard so‘mdan yuqori bo‘lgan va 50 tadan ortiq ish o‘rni yaratgan, hududlar darajasida – har bir hududda kamida 5 tadan yillik aylanmasi 100 milliard so‘mdan yuqori bo‘lgan va 500 tadan ortiq ish o‘rni yaratgan, respublika darajasida – yillik aylanmasi 1 trillion so‘mdan yuqori bo‘lgan va 5 mingdan ortiq ish o‘rnini yaratgan tadbirkorlik subyektlari kiritiladi. «Chempion» tadbirkorlarga aylantiriladigan tashkilotlarni qo‘shimcha moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish va tasdiqlash uchun kiritishga ham mutasaddi vazirlik va idoralarga ikki oy muddat berilgan.

Hujjatda ko‘rsatilganidek, joriy yilda mamlakatimizda kamida 600 nafar kichik va o‘rta biznes subyektlarining yiriklashishiga ko‘maklashish orqali ularni «chempion» tadbirkorlarga aylantirish maqsad qilingan.

Farmonda, shuningdek, kichik va o‘rta biznesning jadal rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, hududlarda biznes muhitini yanada yaxshilash, iqtisodiy o‘sishga turtki beruvchi yangi biznes tashabbuslarni amalga oshirishga ko‘maklashish, raqobatbardosh mahsulotlar bilan yangi tashqi bozor segmentlariga chiqishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ko‘plab boshqa chora-tadbirlar ham belgilangan. Masalan, davlatimiz rahbari tomonidan 2026 yil 1 yanvardan boshlab o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari ro‘yxati hamda 2026 yil 1 yanvardan kuchga kiradigan Milliy hunarmandchilik faoliyatining yo‘nalishlari ro‘yxati va «Hunarmand» uyushmasiga a’zo bo‘lish mezonlari, shuningdek, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish bo‘yicha respublika kengashi tarkibi va tegishli hududiy maslahat kengashi namunaviy tarkibi hamda ularning vazifalari tasdiqlanib, hududlarda xalqaro moliya tashkilotlari bilan ishlash ofislari faoliyatini yo‘lga qo‘yish va  ushbu tashkilotlarning yo‘riqnomalari, standartlari va talablarini tadbirkorlik subyektlariga yetkazish bo‘yicha platforma tashkil etish topshirig‘i berilgan.

Temur NIZOMOV tayyorladi.