Bir kuni qamashilik yozuvchi Temirpo‘lat Tillayev dabdurustdan:
– Bilasizmi, men Dostoyevskiydan qarzdorman, o‘sha buyuk inson menga katta yordam bergan, – dedi.
– Qanaqa yordam? – qiziqib so‘radim.
– Fyodor bobo menga uy qurib bergan, – dedi u jilmayib.
Men hayron bo‘ldim. Axir u aytayotgan o‘ris yozuvchi allaqachonlar olamdan o‘tib ketgan bo‘lsa…
Buni sezgan adib kuldi va izohga o‘tdi:
– Aslida meni adabiyot olamiga yetaklagan uchta odam bo‘lgan. Birinchisi – jamoa xo‘jaligi paxta brigadasida otam bilan ishlaydigan Ne’mat aka, ikkinchisi – Chingiz Aytmatov va uchinchisi – Fyodor Dostoyevskiy.
…O‘shanda yettinchi sinfda o‘qirdim.
Kunlarning birida Ne’mat aka uyimizga kelib mendan so‘radi:
– Xo‘sh, og‘ayni, o‘qishlaring yaxshimi, ayt-chi, qanday kitoblarni o‘qiyapsan?
Men xalq dostonlarini «bitta qoldirmay» o‘qiganimni aytib, maqtangan bo‘ldim.
– Yaxshi, yaxshi… Aytchi, Chingiz Aytmatov degan yozuvchini eshitganmisan?
– Yo‘q!
– Attang, attang, – dedi Ne’mat aka boshini sarak-sarak qilib, – mayli, hali ham kech emas, bo‘lmasa, mana bu senga, – deya qo‘ynidan qora muqovali kitobni chiqarib, menga uzatdi.
– Hech kimga bermasdan, faqat o‘zing o‘qi…
Mehmon ketgach, kitobni o‘qishga kirishdim.
Bu mashhur qirg‘iz yozuvchisini dunyoga tanitgan «Jamila» qissasi edi.
Kitobni ertasiga o‘qib tugatdim va g‘alati holga tushdim. Asardagi voqealar xuddi o‘zimizning yon-atrofimizda sodir bo‘lgandek tuyuldi menga. Kitobni qayta va qayta o‘qib chiqdim va, to‘g‘risi, men o‘shanda mashhur fransuz adibi Lui Aragonning:
…Viyon, Gyugo va Bodlerlar maskani bo‘lgan Parijda, qirollar va inqiloblar maskani bo‘lgan Parijda, har bir toshi biror tarix yoki afsonadan shahodat beradigan ko‘p asrli rassomlar maskani Parijda, – degan edi u, – boshidan ko‘p savdolarni kechirgan, ko‘p narsalarni ko‘rgan va bilgan shu Parijda «Jamila»ni o‘qidim-u, nogahon «Verter» ham, «Berenika» ham, «Antoniy va Kleopatra» ham, «Manon Lesko» ham, «Sevgi tarbiyasi» ham, «Dominika» ham, Romeo va Juletta ham, Paolo va Francheska ham, Ernani va donya Sol ham – hamma-hammasi ko‘zimga ilinmay qoldi. Chunki men eng toza tuyg‘ularni o‘zimga singdira boshladim. Chunki men mashhur go‘zal sevgi qissasi – «Jamilani» ni o‘qigan edim», deya aytgan ta’rifini hali bilmasdim.
Lekin, keyinchalik mashhur farang yozuvchisining bu haqqoniy e’tirofi uning kitobni o‘qib, men kabi hafta va oylar davomida mahorat bilan bitilgan asar tasvirlari ta’sirida yurganidan hosil bo‘lganini angladim.
– Yillar davomida Chingiz Ayt-matovning deyarli barcha kitoblarini topib, mutolaa qildim. O‘qiganlarim ta’sirida allanimalarni yozar, lekin ularni birovga ko‘rsatishga uyalardim.
* * *
– O‘tgan asrning 70-yillari o‘rtalarida Fyodor Dostoyevskiyning «Jinoyat va jazo» romani ilk bor Ibrohim G‘afurov tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilinib, nashr etildi. Men uni o‘qib, betakror iste’dod sohibi asarlarining ashaddiy muxlisiga aylangandim va o‘zim uchun yangi dunyoni kashf etdim.
Qishloqdagi maktabda ishlab yurgan kezlarimda Qarshi shahrilik ustoz Samar Nurov xonadoniga adib Tursunboy Boymirov bilan tez-tez borib turadik. Gurungimiz aylanib, albatta Dostoyevskiyga kelib qolardi. Chunki Samar aka ham bu yozuvchini ayricha bir muhabbat bilan tilga olardi.
Bir kuni Samar aka Dostoyevskiy ijodidagi psixoanaliz uslubining murakkabligi haqida gapirar ekan, yozuvchini:
– U dunyo adabiyotining Enshteyni! dedi.
Men ustozning gapini davom ettirdim:
– Ustoz, Dostoyevskiy benazir so‘z san’atkori ham. Mana bir misol, Marmeladov bilan Raskol’nikovning birinchi uchrashuvini shunday tasvirlaganki, men shu sahifalarni o‘qiyotganimda nasroniylarning «Injil»dagi ohanglarini eshitganday bo‘laman!
Samar aka menga beixtiyor ajablanib boqdi va dilidagi ishtiboh tiliga ko‘chdi:
– Yo‘g‘aaaay?!!!
Ustozning bu ajablanishidan havolanib, romanning shu sahnasini yoddan o‘qiy boshladim:
«Qayg‘u, qayg‘u izladim men uning tagidan, hasrat va ko‘z yoshlari izladim, totindim va topdim; bizni esa barchani rahmdil nazari bilan kuzatuvchi va barchani va hamda barcha narsani anglaguvchi Rahmon o‘z rahmatidan bahramand etajakdir; yolg‘iz uning o‘zi hakam va hukm qilguvchidir».
Samar aka uzoq o‘yga toldi. Oraga go‘zal bir jimlik cho‘kdi. Hammamiz ulug‘ yozuvchining emas, So‘zning ulug‘vor qudratidan hayajonda edik…
– Ha, dunyo So‘zdan yaralgani rost! – dedi Samar aka uzoq sokinlikni buzib.
Oradan olti oylar o‘tib, Tursunboy aka bilan yana Samar akanikiga bordik.
O‘shanda Samar akaning menga aytgan bir gapi hech esimdan chiqmaydi.
-Temirpo‘lat, sizlar ketgach, Ibrohimjon tarjima qilgan «Jinoyat va jazo»ni toptirib, qayta o‘qib chiqdim. O‘-o‘o‘o‘, Dostoyevskiyni qayta kashf etdim… U yozuvchi emas avliyo, sehrgar, mutafakkir, buyuk bashoratgo‘y!!!
Men uning yigirma tomligini rus tilida o‘qiganman. O‘qiganmanu, dunyo adabiyotining haybatli bir yozuvchisi sifatida anglaganman.
Lekin Ibrohim G‘afurov uni shunchalar mahorat va harorat bilan ugirganki, buni hasratlarga to‘la mungli qo‘shiq deysan. Bunday asarlarni o‘z ona tilingda albatta o‘qish kerak ekan, degan xulosaga keldim. Ona tilining jozibasi, go‘zalligi, kuchi, qudrati – ona suti, ona mehri bilan tanga o‘rnashar ekan-da!..
Ustoz Samar akaning bu e’tirofi haqida hali-hamon ko‘p o‘ylayman…
– Bir kuni tanishlarimdan biri g‘alati gapni aytdi.
Shu Dostoyevskiyning asarlari nomlari ham odamni titroqqa solib, qo‘rquv, vahima uyg‘otadi. Ishonmay-sizmi, mana qarang: «O‘lik xonadondan maktublar», «Telba», «Jinlar», «Jinoyat va jazo», «Xo‘rlanganlar va haqorat-langanlar», «Qimorboz». Yozuvchining kitoblarini o‘qish juda og‘ir, odamni ezib, ezg‘ilab tashlaydi. Menimcha, buning sababi o‘xshash dahshatli voqealarni yozuvchi o‘zining boshidan kechirgan va yurakdan his qilgani bo‘lsa kerak-ov…
Har qalay bu gap ham buyuk yozuvchining muazzam adabiy olami ostonasidagi e’tirofga loyiq hadik va xavotir. Lekin ana shu hadik va xavotir adib asarlarini o‘qib, tahlil qilib, mulohaza va munozara etib anglansa, tugal va mukammal bilimga aylanadi. Bu bilim, qiziquvchilarni sizning ro‘parangizda to’playdi.
Maktabda «Zamonaviy suhbat» nomli adabiyot to‘garagi ochdim. Bilganim, o‘qiganim va hatto o‘zimcha his qilganlarimni ham o‘quvchilarga aytar va ulardan ham qattiqqo‘llik bilan ko‘p narsalarni talab qilardim.
O‘quvchilarimga Aytmatov, Dostoyevskiy, Markes, Kamyu, Nitsshe, Borxes, Kafka, Kartasar, Akutagava, Kavabata asarlari haqida gapirganimda bolalarning ko‘zlari yonib, o‘zgacha hayrat og‘ushida meni tinglashardi.
To‘garagimning ovozi tezda butun qishloqqa tarqaldi. Qo‘shni maktablardan ham bolalar kela boshladi.
Bir kuni tumanimizning mahalliy ijodkorlari bilan maktabimizda uchrashuv o‘tkazdik. Shunda deng, Nasiba Karimova degan o‘quvchim ularni hayratlantirib, shunday savol berdi:
– Frants Kafkaning «Evrilish» asarida inson nima uchun hasharotga aylanib qoladi?
Mehmonlar hayron bo‘lib qolishdi. Chekka qishloq maktabidagi kichkinagina o‘quvchi qiz kimsan Kafkadan gapirib yotibdi, deyishgan bo‘lsa kerak-da.
Davrada tuyqus sodir bo‘lgan bu noqulaylikni qalamkashlardan biri yumor bilan yumshatmoqchi bo‘ldi:
– Bizlar Kafkaniyam, shapkaniyam bilmaymiz, o‘qiganimiz ham yo‘q, buni ustozlaring Temirpo’latdan so‘raysizlar, – dedi.
Shunda Nasiba dadil o‘rnidan turib, o‘zining savoliga o’zi javob bera qoldi:
– Chunki tirikchilikning, tuzumning bema’ni tashvishlari Gregoriy Zamzani hasharotga aylantiradi!
* * *
– Mehnatlarim o‘zining samarasini berdi. Maktabda dunyo adabiyotining haqiqiy muxlislari paydo bo‘ldi. Ular Baxtiyor Hazratqulov, Toshbuvi Ergasheva, Zamira Choriyeva, Nasiba Jonuzoqova, Nargis Ochilova, Fazilat Normurodova, Yulduz Hakimova, Jo‘ra Tillayev, Akbar Jonuzoqov, Farog‘at Xudoyqulova, Yunus Bo‘ronov va boshqalar edi. Buni qarang, yillar o‘tib bu shogirdlarimning ko‘pchiligi adabiyot fani muallimi, ba’zilari esa taniqli ijodkorlar bo‘lib yetishdi.
Kunlarning birida eski uyimizni buzib, yangi imorat qilishga ahd qildim va yozda uyni buzdim. Devorlarni ag‘darib bo‘lgach, meni vahima bosdi. Chunki imorat tiklashdek mashaqqatli ishni bajarib ko‘rmagan edim-da… Shunda, adabiyot to‘garagidagi Dostoyevskiy ijodining ashaddiy muxlislariga aylangan shogirdlarim, men chaqirmagan bo‘lsam ham yonimda turishdi. Hashar davomida men ularning sonsiz-sanoqsiz savollarga javob berar, ular esa qo‘llariga ketmonni olib loy qorishar, paxsa devor urishardi. Yoshlar uchun Dostoyevskiyning har bir asari hali ochilmagan qutb edi. Men esa barcha bilganlarimni ularga berishga intilardim. Qolaversa, shu bahona o‘zim ham qayta-qayta ulug‘ dahoning kitoblarini o‘qidim. Buni qarang, to‘rt hafta deganda imoratning devori tiklandi. Mardikor-ustalarga beriladigan haq esa cho‘ntagimda qoldi. Agar Fyodor bobo asarlari bo‘lmaganida, uyim bunchalik tez bitmas edi. Kamina esa tejalgan pulga o‘sha zamonda urf bo‘lgan «Moskvich» mashinasini olgandim…
Ayting, buning uchun kimdan minnatdor bo‘lishim kerak edi? Albatta, ulug‘ Dostoyevskiydan-da…
Temirpo’lat Tillayevning shu kungacha o‘zi bitgan asarlari huv o‘sha maktabda o‘qituvchilik qilgan, to‘garak ochgan davrlarda, ya’ni 1980-90 yillar oralig‘ida yozilgan. Keyingi o‘ttiz besh yil davomida Temirpo‘lat Tillayev peshonasi terlab biror narsa yozmadi. Aslida, buning o‘zi alohida bir mavzu…
Xullas, dostoyevskiyshunos adibimiz qishlog‘ida o‘qituvchilik qilgan o‘n yil ichida beshta qissa va ikkita roman yozdi.
Ana shu beshta qissasi «Voris», «Paymona», «Turnalar ohi», «Basirat tuni», va «O‘lim o‘pqoni» «Akademnashr» nashriyotida «O‘lim o‘pqoni» nomi bilan ikki marta chop etilgan bo‘lsa, «Adabiyot» nashriyotida «Turnalar ohi» nomi bilan nashr etildi.
Shuningdek, yozilganiga o‘ttiz olti yil bo‘lgan «Quyosh soyasi» romani nashr etilish arafasida. Bugun ijodkor bitmay qolgan «Darvoza» nomli romani ustida ishlamoqda.
O‘rolboy QOBIL,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

