Kambag‘allikdan farovonlik sari
Tabiatan, odamning fe’li shunday: bir ishni birov-birovdan ko‘rib qiladi, kimdir «men sendan kammi» deb bajaradi, yana boshqalar yordam kutib o‘tiradi. Aslida bu pallada yon-atrofida bo‘layotgan o‘zgarishlardan ilhomlanib, harakatga tushgan kishi maqsadga tezroq erishishi ham bor gap.
Aholi daromadlarini ko‘paytirish, kambag‘allikni qisqartirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar asta-sekin o‘z samarasini bera boshlagan, kechagina bir ishning boshini tutolmay yurgan kishi salgina turtki bilan tadbirkorga, ishlab chiqaruvchiga aylanayotgan bugungi davrda kimdandir yordam kutmasdan, bor imkoniyatini ishga solib yaxshi yashashga intilayotgan, hayotida o‘zgarishlar yasayotgan uddaburolar ham ko‘plab topiladi.
Keyingi yillarda Muborak tumani Ko‘hna shahar mahallasida yigirmaga yaqin oila parrandachilik bilan shug‘ullanishni boshladi. Ana shu tarzda aholisining asosiy mashg‘uloti chorvachilik bo‘lib kelgan manzilda yana bir yangi tarmoq rivojlanmoqda. Bunga avvalo mahalladagi ijtimoiy ko‘makka muhtoj aholi vakillariga davlat tomonidan tegishli dasturlar doirasida ajratilayotgan subsidiyalar asosida inkubatorlar tarqatilgani impuls bergan bo‘lsa, boshqa odamlar ham jo‘ja ochirib, parrandachilik ortidan daromad topish – qilsa bo‘ladigan yumushligini anglay boshlashdi.
– Natijadan umid qilmasang bir ishni boshlashga jur’at etish mushkul ekan, – deydi shu mahallada yashovchi Munavvar Yuldosheva. – Ana shunday kayfiyat menda ham hukmron bo‘lgani uchun fuqarolar yig‘ini mas’ullari olib kelib beramiz degan inkubatorni rad etdim. To‘g‘risi, uni yordam tariqasida olsangu, ishlatib bir samara chiqarmasang uyat-da. Bu haqda eshitgan ukam Jahongir «O‘zim sizga inkubator yasab beraymi?» deya, uquvi bor ekan, eski muzlatkich asosida qo‘lbola qurilma tayyorladi.
Shundan so‘ng Munavvar Yuldosheva «boshqalar eplayaptiku» deya parrandachilikka qo‘l urdi. Jo‘ja ochirib, avvaliga parvarishda qiynaldi, uquvsizligidan pand yegan paytlari ham bo‘ldi. Asta-sekin esa yo‘l-yo‘rig‘ini o‘rgandi.
– Tajribalilardan so‘rab, internet orqali sohaga oid manbalarni topib o‘qib, uquvim oshdi, o‘rganganlarimni o‘z ishimda sinab ko‘rishdan qo‘rqmadim, – deydi u. – Hozir bir kunlik jo‘jalarning xo‘roz-makiyonini ajrata olaman, oziqlantirishi, kasalliklarga qarshi emlashi yuzasidan ham ancha bilimdon bo‘lib qoldim. Bir martada 250-300 ta jo‘ja chiqarib, so‘raganlarga sotayapmiz. O‘zimiz tuxum uchun saqlaydigan tovuqlar soni ham ko‘payib bormoqda.
Munavvar Yuldosheva mahallaning «Ayollar daftari»ga kiritilgan xotin-qizlaridan biri edi. «Ko‘mak beramiz, qanday faoliyatni eplaysiz», deya eshigini qoqib kelgan mas’ullardan maslahatlar oldi, mutaxassislar ishtirokida uyushtirilgan seminar, targ‘ibot tadbirlarida qatnashdi. Turtinib-surtinib, ishini topdi.
– Bu bilan opa odamda harakat bo‘lsa, ishtiyoq uyg‘onsa qo‘lidan ko‘p ish kelishini isbotladi, atrofdagi ayollarga namuna ko‘rsatdi, – deydi shu mahalla xotin-qizlar faoli Husniya Normurodova. – Qancha ko‘p odamda Munavvar Yuldoshevada bo‘lgani singari ish boshlashdagi umidsizlik ruhini tadbirkorlik kayfiyatiga o‘zgartira olsak, yutuq bizniki. Hozir u kishi faqat parrandachilik bilan cheklanib qolmasdan uyida savdo do‘konlari, to‘y va bazmlar uchun buyurtma asosida pishiriqlar tayyorlab berishni ham boshlagan. Shu tariqa to‘rt nafar xotin-qizni yoniga olib, ishli qildi.
Bugun jamiyatda ayollarga e’tibor yuksalgan, ularni qo‘llab-quvvatlash kuchaygani natijasida xalq xo‘jaligining turli sohalarida faol bo‘layotgan xotin-qizlar salmog‘i ortmoqda. Ular orasidan chiqqan ko‘zga ko‘ringan tadbirkorlar ham talaygina. Shu tarzda ayollarimiz mamlakat taraqqiyoti yo‘lidagi islohotlarning uzviy ishtirokchisiga aylanib bormoqda, oilalar farovon bo‘lishi, iqtisodiyot yuksalishiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili Muborak tumanida 2 ming 331 nafar xotin-qiz «Ayollar daftari» ro‘yxatiga olingan. Ulardan 850 nafarining bandligi ta’minlanib, 97 nafariga tadbirkorlik yo‘nalishida ish boshlashi uchun imtiyozli asoslarda kredilar ajratilishi ta’minlangan. Joriy yilda esa ijtimoiy daftarga kiritilgan 1 ming 748 nafar xotin-qiz bilan belgilangan tartibda ishlanmoqda. Ularning ham hayoti Munavvar Yuldoshevaniki kabi o‘zgarish topsa, bundan avvalo o‘zlari, qolaversa, butun jamiyat manfaatdor bo‘ladi.
Shohista BOZOROVA

