16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Jamiyat

DUNYO XALQLARINI FASHIZM BALOSIDAN QUTQARGAN O‘G‘LONLAR

E’tirof etilishicha, Ikkinchi jahon urushi davrida o‘zbekistonlik 214 ming askar va ofitserlar jangovar orden va medallar bilan taqdirlangan, ularning 301 nafari Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga, 70 nafari uchala darajadagi «Slava» («Shuhrat») ordeniga sazovor bo‘lgan. Bugun jahon tarixidagi eng qirg‘inbarot urushda mardlik va jasorat namunalarini ko‘rsatib, dunyo xalqlarini fashizm balosidan qutqargan yuz minglab  vatandoshlarimiz xotirasiga hurmat bajo keltirar ekanmiz, buyuk g‘alabani ta’minlashga munosib hissa qo‘shgan qashqadaryolik o‘g‘lonlarning ham qahramonliklarini  yodga olamiz.

Doimo qalbimizda 

19 yoshli qahramon oddiy askar Shodi Shoimov

1925-yilda Shahrisabz yaqinidagi Arabon qishlog‘ida oddiy dehqon oilasida tug‘ilib o‘sgan Shodi Shoimov 18 yoshida «rayvoyenkomat» tomonidan harbiy xizmatga chaqirilgan. Oradan to‘rt oy o‘tgach, ya’ni 1944-yilning dastlabki sanalarida bu yigit bevosita frontga jo‘natilgan va minglab quroldoshlari bilan yelkama-yelka Belorussiya hududini fashist bosqinchilaridan ozod qilishda qatnashgan. Qishloq maktabida atigi besh yil o‘qib, shundan so‘ng barcha tengdoshlari kabi kolxozda ishlagan Shodi Shoimov endi avtomat ko‘tarib, 2-Belorussiya frontining 50-armiyasi 385-o‘qchilar diviziyasi 1266-o‘qchilar polki 2-batalyoni safida dushmanga qarshi jang qila boshladi.

1944-yil 27-iyun kuni tarkibida oddiy askar Shoimov ham bo‘lgan maxsus guruh a’zolari Mogilyov viloyati Mogilyov tumani Dashkovka qishlog‘i yaqinida Dnepr daryosidan kechib o‘tib, qirg‘oqda o‘rnashib olishdi va dushmanning asosiy kuchlari joylashuvini aniqlab, ularni o‘qqa tutishdi. Fashistlar pozitsiyalariga qariyb bir kun davomida to‘xtovsiz hujum qilgan o‘qchilar raqib e’tiborini o‘zlariga qaratib, boshqa bo‘linmalarning daryodan to‘siqsiz kechib o‘tishi uchun sharoit yaratishdi va o‘z polkidagi ko‘plab askarlarning hayotini saqlab qolishdi. Bu jarayonda, ayniqsa, oddiy askar Shodi Shoimov jasorat ko‘rsatib, granatalarni aniq mo‘ljalga uloqtirdi va yuzma-yuz janglarda ham bir qancha bosqinchilarni tor-mor qildi. Biroq platsdarmni kengaytirish uchun bo‘lib o‘tgan qonli to‘qnashuvda 19 yoshli vohadoshimiz og‘ir yaralandi va 28-iyun kuni vafot etdi.

Fashist bosqinchilarga qarshi kurash frontida qo‘mondonlik topshiriqlarini namunali bajarib, bunda ko‘rsatgan jasorati va qahramonligi uchun 1945-yil 24-martda Shodi Shoimov (marhum)ga Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni berildi.

Oddiy askar Shodi Shoimov Dashkovka qishlog‘i (hozirgi Belarus Respublikasi Mogilyov viloyati Dashkovka agroshaharchasi)dagi birodarlik qabrida dafn etilgan bo‘lib, ushbu memorial majmua mazkur mamlakatning tarixiy-madaniy yodgorligi hisoblanadi. Shahrisabz tumanidagi 10-maktabda esa qahramon Shodi Shoimovning byusti o‘rnatilgan.

Kitoblik «kombat» Shodmon Umarov

Tasodifni qaraganki, shahrisabzlik Shodi Shoimovning qahramonligi e’tirof etilgan 1945- yil 24 mart kuni Qashqadaryoning yana bir mard va jasur o‘g‘loni – 1918-yilda Kitob tumani Urus qishlog‘ida tug‘ilgan Shodmon Umarov ham bunday yuksak unvonga sazovor bo‘lgan ekan.

Harbiy xizmatga urush boshlanishidan ancha oldin (1938-yilda) chaqirilgan Shodmon Umarov Tbilisi harbiy piyodalar bilim yurtida ta’lim oldi, 1942-yilda uni tamomlab, urushga yuborildi va u yerda Bryansk, 3-Ukraina va 1-Belorussiya frontlarida o‘zini dovyurak jangchi hamda harbiy bo‘linmaning mohir qo‘mondoni sifatida ko‘rsatdi.

1944-yilning iyul oyida 266-gvardiya o‘qchilar polki komandiri, gvardiya podpolkovnigi K.Pavlenko 3-o‘qchilar batalyoni komandiri Shodmon Umarovning Ukraina Respublikasi Volin viloyati Kovel tumani Torgovishche qishlog‘i yaqinidagi dushman mudofaa chizig‘ini buzib o‘tishdagi sa’y-harakatlariga ta’rif berar ekan, uning o‘z hayoti xavf ostida qolishiga e’tibor bermay, doimo jangchilarning oldingi safida yurishi va askarlarga o‘rnak ko‘rsatib, ularni qahramonliklarga ilhomlantirishi haqida yozgan.

Darvoqe, Kovel tumanida kitoblik «kombat» Shodmon Umarov boshchiligidagi o‘qchilar batalyoni dushman qarshiligini yengib o‘tib, keyinchalik esa Vishnyuv-Lyuboml hududini ham fashistlardan tozalab, temir yo‘l stansiyasini egallashga muvaffaq bo‘lishgan va ko‘cha janglarida raqibni to‘liq tor-mor etishga erishgan.

Oradan 6 oy o‘tgach, ya’ni 1945-yilning yanvar oyi o‘rtalarida 3-o‘qchilar batalyoni kapitan Sh.Umarov yetakchiligida Polshaning Sitselyuvka hududida ham dushman mudofaasini yorib o‘tib, fashistlarning juda ko‘plab harbiy texnikalarini yo‘q qilgan hamda artilleriya batareyasi, jangovar o‘q-dorilar ombori va boshqa qurol-yarog‘larni qo‘lga kiritgan. Shu oyning o‘zida Shodmon Umarov va uning jangchilari Vayssenburg (hozirgi Bedrusko, Polsha) aholi punkti hududida Varta daryosidan kechib o‘tishgan va chap qirg‘oqda platsdarmni egallab, 9 soat davomida dushmanning 7 ta hujumini qaytarishgan. Bo‘linma pozitsiyani egallab turgan bir paytda shu platsdarmdan diviziya katta kuch bilan hujum qilgan va Vayssenburgni ozod qilgan.

– Aniq va mohirona boshqaruv hamda o‘rtoq Umarovning shaxsiy jasorati qo‘yilgan vazifalarning muvaffaqiyatli bajarilishini ta’minladi, – deyiladi arxivlarda saqlanayotgan mukofot varaqasida.

Urushdan so‘ng qahramonlik unvoni va bir qator orden, medallar sohibi Shodmon Umarov armiyada xizmatni davom ettirdi. 1949-yilda harbiy akademiyani tamomladi, so‘ng harbiy komissariatlar tizimida xizmat qildi, oliy o‘quv yurtining o‘qituvchisi sifatida yoshlarga bilim va ko‘nikmalar berdi. 1975-yilda polkovnik unvonida iste’foga chiqdi, ammo shunda ham Toshkent shahrida fuqaro muhofazasi tizimi hamda armiya, aviatsiya va flotga ko‘maklashish bo‘yicha ko‘ngillilar jamiyatida ishlab, mazkur sohalar  rivojiga hissa qo‘shib keldi. 1984-yilda olamdan ko‘z yumdi va O‘zbekiston poytaxtidagi harbiylar qabristoni qahramonlar alleyasida dafn etildi.

Uyiga «qora xat» borgan bo‘lsada, g‘alabani Berlinda nishonlagan Said Niyozov

Urush vaqtida qog‘oz tanqis bo‘lgani uchun askarlar frontdan uylariga jo‘natadigan xatlar odatdagidek konvertda emas, balki shunchaki uchburchak shaklida buklangan holda yuborilardi. O‘g‘illari, otalari, turmush o‘rtoqlari, aka-ukalari urushga ketgan odamlar bunday uchburchak maktublarni intiqib kutishardi va nihoyat olgach, «Men sog‘-omonman, xizmat qilib yuribman» qabilidagi oddiy so‘zlarni ham qayta-qayta o‘qishardi. Ammo ayrim paytlarda uchburchak xatlar o‘rniga pochtalyonlar bosmaxona usulida chop etilgan va ichi siyohli ruchka bilan qo‘lda to‘ldirilgan «Izveshcheniye», ya’ni harbiy xizmatchi frontda halok bo‘lgani (vafot etgani) to‘g‘risidagi rasmiy xabarnomalarni yetkazib, xonadonni azaxonaga aylantirib yuborishardi. Ming afsuski, bunday «qora xat»larni urush yillarida yurtimizdagi yuz minglab oilalar olgan…

Manbalarda yozilishicha, 1942-yil sentabr oyida kitoblik Said Niyozovning xonadoniga ham «qora xat» jo‘natilgan. 1922-yilda Matmon qishlog‘ida tug‘ilgan bu yigit 1941-yilning bahorida, Germaniya Sovet Ittifoqiga bostirib kirishidan bir oy oldin harbiy xizmatga chaqirilgan edi. Maxsus tayyorgarlikdan o‘tgach, 1942-yilning may oyida hali 20 yoshga ham to‘lmagan Said frontga yuboriladi va sentabrda qonli Rjev jangida qatnashib, yaralanadi. Og‘ir va sarosimali to‘qnashuvdan keyin sodir bo‘lgan  anglashilmovchilik bois Said Niyozov halok bo‘lgan askarlar ro‘yxatiga kiritilgan va oilasiga uning o‘limi to‘g‘risidagi xabarnoma yuborilgan.

Ammo Saidning ajali to‘lmagan ekan, u ko‘p vaqt o‘tmay frontga qaytdi va o‘z jonini ayamagani uchun yana bir marta, bu safar juda og‘ir yaralandi va gospitalda 1943-yilning avgust oyigacha qolib ketdi. Dastlab mexanizatsiyalashgan harbiy bo‘linmalarda pulemyotchi bo‘lgan Said Niyozov 1944-yilning boshida artilleriya qo‘shinlariga o‘tkazildi va urushning oxirigacha 1-Belorussiya fronti tarkibidagi 275-gvardiya tanklarga qarshi qiruvchi artilleriya polkida xizmat qildi.

1944-yilning iyun oyida dushmanning qarshi hujumini qaytarish chog‘ida  qahramonimiz bitta tank va 40 nafarga yaqin fashistni tor-mor qilib, «Jangovar xizmatlari uchun» medali bilan mukofotlandi. Shu yilning iyul oyida Polshadagi Pshevali qishlog‘i yaqinida Said Niyozov yaralangan bo‘lsa-da, pozitsiyadan ketishga ko‘nmay, quroldoshlari bilan birga bitta minomyot, uchta pulemyotni yo‘q qildi va piyodalarning olg‘a yurishi uchun sharoit yaratdi. Bu jasorati uchun kitoblik jangchi III darajali «Slava» («Shuhrat») ordeniga loyiq ko‘rildi.

31 iyulga o‘tar kechasi artilleriya va minomyotlardan o‘qqa tutilgan bo‘lsa-da, artilleriya raschyoti mo‘ljallovchisi Said Niyozov sheriklari bilan birinchilardan bo‘lib Polshadagi Kempa Xotetska aholi punkti yaqinida Visla daryosidan kechib o‘tib, darhol qurolni otish uchun tayyorladi va jangga qo‘shildi. 1 avgustda esa u kun davomida fashistlarning 4 ta hujumini qaytardi va shu vaqt ichida «raschyot» tarkibida 2 ta minomyot, 3 ta pulemyot, 40 tagacha dushman askarini yo‘q qildi. Nemislar bir necha marta artilleriya pozitsiyalarigacha yorib o‘tishdi, shunda S.Niyozov pulemyotni olib, ularga yaqinlashishga imkon bermadi va 15 nafargacha dushman askarini shaxsan o‘ldirdi. Ushbu qahramonligi uchun vohadoshimiz II darajali «Slava» («Shuhrat») ordeniga tavsiya etildi.

Deyarli har kuni o‘z matonati va jasoratini namoyon etgan Said Niyozov 1945-yilning mart  oyida Kyustrin shahri (Polsha) yaqinida platsdarmni saqlash va kengaytirish borasida amalga oshirgan sa’y-harakatlari uchun ham taqdirlandi. Uning «raschyot»i dushmanga hujum qilayotgan o‘qchilar qo‘shinlarini qo‘llab-quvvatlar ekan, shu jarayonda fashistlar minomyoti va pulemyoti hamda kuzatuv punkti barbod qilindi. Artilleriya yordami tufayli piyoda askarlar ortiqcha talafotsiz Genshmar aholi punktini egallashdi va harbiy platsdarmni kengaytirishga erishishdi. Said Niyozovning oldingi mukofotidan bexabar qo‘mondonlik vakillari uni yana II darajali «Slava» («Shuhrat») ordeni bilan mukofotlashdi, ammo 1945-yilning may oyida bu xato to‘g‘rilandi va unga I darajali «Slava» («Shuhrat») ordeni topshirildi.

 alabani Said Niyozov Berlinda nishonladi va 1945-yilning o‘zida starshina unvonida demobilizatsiya qilindi. Kitob tumaniga qaytgach, uchala darajali «Slava» («Shuhrat») ordeni sohibi maktab o‘qituvchisi, qishloq kengashi raisi, xo‘jalik fuqaro muhofazasi shtabi boshlig‘i, bog‘dorchilik brigadasi brigadiri bo‘lib ishladi. 1980-yillarda nafaqaga chiqdi va 2006-yilda, xonadoniga «qora xat» kelgan kundan 64 yil o‘tgach, olamdan ko‘z yumdi…

Temur NIZOMOV tayyorladi.