16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Jarayon

Qashqadaryoda yil davomida yana minglab nogironligi bo‘lgan shaxslarning rasmiy bandligi ta’minlanadi

Viloyatimizda o‘tgan yil 1 dekabr holatiga 11,3 ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxs rasmiy ish bilan band qilingan bo‘lsa, joriy yilning oxirigacha ularning umumiy sonini qariyb 20 ming nafarga yetkazish maqsad qilingan.

Kambag‘allikdan farovonlik sari

Davlatimiz rahbarining shu yil 8-maydagi farmoni bilan tasdiqlangan maqsadli ko‘rsatkichlarga muvofiq, vohamizda 2025-yil davomida 8 ming 649 nafar  nogironligi bo‘lgan shaxsning rasmiy bandligi ta’minlanib, yil yakuni bilan ularning jami soni 19 ming 962 nafarni tashkil etishi nazarda tutilgan. E’tiborlisi, Qashqadaryo 2024-yil 1-dekabr holatiga rasmiy ish bilan band qilingan nogironligi bo‘lgan shaxslar soni (11 ming  313 nafar) bo‘yicha respublikamizning barcha hududlari orasida yetakchilik qilmoqda.

Umuman olganda, mamlakat Prezidentining «Nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni «Kambag‘allikdan farovonlik sari»  dasturiga muvofiq nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnat qilish imkoniyatini cheklovchi salbiy omillarni bartaraf etib, ularni kasb-hunarga o‘rgatish va bandligiga ko‘maklashish orqali jamiyatning faol ishtirokchisiga aylanishini ta’minlashga qaratilgan. Buning uchun hujjatda nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlashga ko‘maklashgan tadbirkorlik subyektlari uchun moliyaviy rag‘batlantirish tizimini yaratish, bunday shaxslarning samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun maxsus xizmatlar tizimini joriy etish, ular tomonidan ishlab chiqarilgan tovarlarni bozorga chiqarish va realizatsiya qilishga ko‘maklashish, nogironligi bo‘lgan yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitish, ularning mehnat bozoriga kirishi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish va 2025-yil yakuniga qadar respublika miqyosida 80 ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxsning barqaror bandligi va munosib daromad topishini ta’minlash kabi maqsadlar qo‘yilgan.

Ayni paytda farmonda turli soliq imtiyozlari va moliyaviy ko‘mak choralari, tartib-taomillarni takomillashtirish hamda hujjat ijrosini tashkil etish, ta’minlash va nazorat qilish chora-tadbirlari ham belgilangan. Masalan, farmon bilan tasdiqlangan nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligini ta’minlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi doirasida «Inklyuziv ish beruvchi» mukofotiga munosib ish beruvchilarni aniqlash va maxsus sovg‘alar bilan taqdirlash hamda «Inson uchun» shiori ostida nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazmalarini o‘tkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan maxsus texnikumlar negizida og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan shaxslar va kambag‘al oila a’zolarining ijtimoiy faolligini oshirish, zamonaviy kasb-hunarga o‘qitish va ishga joylashtirishga ko‘maklashish bo‘yicha faollashtirish va resurs markazlarini tashkil etish, nogironligi bo‘lgan shaxslarni mehnatga jalb qilishda ularni mehnat bozoridagi talab yuqori va uy sharoitida faoliyat yuritish mumkin bo‘lgan zamonaviy kasb turlariga (onlayn operator, kopirayter, ijtimoiy tarmoq marketingi (SMM), veb-dizayner, frilanser, grafik dizayner) o‘qitish ham mo‘ljallanmoqda.

O‘z muxbirimiz