16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Olam

1 IYUNDAN AMALDA

An’anaga ko‘ra, har yangi oy arafasida mushtariylarni tegishli meyoriy-huquqiy hujjatlar asosida joriy etilayotgan yoki o‘zgartirilayotgan muhim tartib va normalar bilan tanishtirib borishda davom etamiz. Bu gal 2025 yil 1 iyundan amalga kiritiladigan bir qator yangiliklar xususida to‘xtalamiz.

Davlat rahbarining tegishli farmonlariga asosan:

I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan tadbirkorlik subyektlariga 50 million so‘mgacha (surdotarjimon, psixolog va hamrohlik xizmatini tashkil qilish xarajatlarini qoplash uchun) subsidiya ajratiladi.

Jismoniy shaxslarga hamrohlik xizmatini o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ko‘rsatishga ruxsat beriladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarni quyidagi shartlarga bir vaqtda javob beradigan mehnat sharoitlari asosida ishga qabul qilgan yoki shunday ishga joylashishiga ko‘maklashgan tadbirkorlik subyektlariga (bandligi ta’minlangan har bir nogironligi bo‘lgan shaxs uchun mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 3 baravari miqdorida) 500 million so‘mgacha subsidiya ajratish yo‘lga qo‘yiladi:

I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarni kamida 3 oy davomida rasmiy ish bilan band qilish; ularga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 2 baravaridan kam bo‘lmagan ish haqi to‘lash.

«Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimida Mehnatga layoqatli nogironligi bo‘lgan shaxslarning elektron reyestri yuritiladi.

*  *  *

Qonunchilik hujjatlarida Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan oilalar uchun belgilangan ijtimoiy xizmatlar, yordamlar va imtiyozlar Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarga ham tatbiq etiladi.

Davlat xizmatlaridan foydalanish uchun bojlar, yig‘imlar va boshqa to‘lovlarni to‘lashda «sariq» toifaga kiritilgan oilalarga 50 foiz, «qizil» toifaga kiritilgan oilalarga esa 75 foiz miqdorida chegirmalar qo‘llaniladi.

Kambag‘al oilalar «qizil» yoki «sariq» toifadan «yashil» toifaga o‘tganda ular uchun qonunchilikda nazarda tutilgan davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari keyingi o‘n ikki oy muddatga saqlab qolinadi.

«Qizil» toifaga kiritilgan oilalarga passiv daromad keltiruvchi (kambag‘al oilalar xonadoniga qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini (quyosh elektr stansiyalarini) o‘rnatish; ularning ko‘chmas mulki hududida yengil konstruksiyali ko‘chma do‘konlar o‘rnatish) qo‘llab-quvvatlash choralari taqdim etiladi.

Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalar a’zolariga ijtimoiy xizmat va yordamlar ushbu oilalar kambag‘al deb e’tirof etilgani to‘g‘risidagi ma’lumotlar yoki shaxsning kambag‘al deb e’tirof etilgan oilaning a’zosi ekani haqidagi ma’lumotnoma asosida ko‘rsatiladi.

«Qizil» toifaga kiritilgan oilalarning «a’lo» baholarga o‘qigan talaba qizlariga Talabalarni rag‘batlantirish jamg‘armasi hisobidan bazaviy stipendiyaning ikki baravari miqdoridagi maxsus stipendiya to‘lanadi.

*  *  *

Xorijiy davlatlar fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga 250 ming AQSH dollari hamda ularning har bir oila a’zosiga (turmush o‘rtog‘i, farzandi va ota-onasi) 150 ming AQSH dollari miqdoridagi to‘lovlar evaziga O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi 5 yil muddatga soddalashtirilgan tartibda beriladi.

*  *  *

Nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining yuqori 100 talik ro‘yxatiga kiritilgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarida ilmiy daraja (PhD va unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy daraja) olgan 35 yoshgacha bo‘lgan mutaxassislarga uy-joy sotib olish uchun uy-joy joylashgan hududdan kelib chiqib, o‘n yil muddatga bazaviy hisoblash miqdorining 2 ming 150 baravarigacha miqdorda foizsiz ssuda ajratiladi.

Nufuzli xalqaro fan olimpiadalari g‘olib va sovrindorlariga to‘lanadigan bir martalik pul mukofotining amaldagi miqdorlari 5 baravarga oshiriladi.

Amaldagi miqdorlar:

1-o‘rin (oltin medal) uchun – (BHMning) 500 baravari;

2-o‘rin (kumush medal) uchun – 300 baravari;

3-o‘rin (bronza medal) uchun – 200 baravarida edi.

*  *  *

Maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilari tomonidan mahsulotlarni ishlab chiqarish va eksportga realizatsiya qilish uchun foydalanadigan import xomashyo, material va butlovchi qismlarni bojxona to‘lovlarini (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar bundan mustasno) to‘lamagan holda «tovarlarni bojxona hududida qayta ishlash» bojxona rejimiga joylashtirish orqali ularni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Prezidentning tegishli qarorlariga muvofiq:

Respublikaning barcha davlat tibbiyot muassasalarida maxsus ko‘nikmalarni talab qiladigan davolash choralarini ko‘rgan hamda yuqori xavf darajasiga ega bo‘lgan amaliyotlarni samarali amalga oshirgan shifokorlarning oylik maoshlariga 25 foizdan 100 foizgacha ustama to‘lanadi.

«Tibbiyotda 90 kunlik o‘zgarishlar» dasturi doirasida qisqa muddatda tibbiyot muassasalarida aholi uchun qulay sharoitlar maqsadida quyidagilar yo‘lga qo‘yiladi: tibbiyot muassasalarida kutish zallari tashkil qilinib, o‘rindiqlar bilan ta’minlanadi; aholi, bemorlar, nogironlar harakatlanishi uchun qulayliklar yaratiladi; «Ona va bola» xonalari tashkil qilinadi, xonalar va yo‘laklar tejamkor zamonaviy yoritish qurilmalari bilan jihozlanadi.

*  *  *

O‘zgalar parvarishiga muhtoj voyaga yetgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan «Faol hayotga qadam» dasturi joriy etiladi. Uning doirasida yangi uy sharoitida ijtimoiy-maishiy yordam ko‘rsatish; uy sharoitida qarab turish; tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya; kunduzgi qatnov asosida qarab turish; shaxsiy yordamchi xizmatlari ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yiladi.

*  *  *

Qonunchilik hujjatlariga muvofiq tasdiqlanadigan ipoteka kreditlarini ajratish ko‘rsatkichlari asosida uy-joy bilan ta’minlanadigan, kalendar hisobida o‘n yildan ortiq harbiy xizmatni o‘tagan harbiy xizmatchilarga turar joy  sotib olish (qurish) uchun ipoteka krediti olinishida ajratiladigan dastlabki badal miqdori uy-joy hisoblangan qiymatining 35 foizi miqdorida belgilanadi.

*  *  *

Davlat chegarasi orqali avtomobil o‘tkazish punktlarida avtotransport vositalarining elektron navbat tizimi joriy etiladi.

*  *  *

Ta’lim tashkilotlaridagi Vatanparvarlik ruhida yoshlarni tayyorlash bo‘yicha direktor o‘rinbosari – harbiy chaqiriqqacha tayyorgarlik rahbari lavozimi tugatilib, shtat birliklari Mudofaa vazirligiga o‘tkaziladi va ushbu shtat birliklari hisobidan chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik (CHQBT) rahbari lavozimi joriy etiladi.

*  *  *

Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasi (TIEK) tomonidan kasbga, sportga va ta’limga tavsiya berish tartibi bekor qilinadi va TIEKning vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasining muddatini uzaytirish hamda maxsus jihozlangan transport vositasini boshqarish layoqatini belgilashga oid funksiyalari davlat tibbiyot muassasalariga o‘tkazilishi orqali tugatiladi.

Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlariga binoan:

Transport vositalaridan foydalanishda yo‘lning qatnov qismidagi chiziqlar bilan belgilab qo‘yilgan talablarga rioya etmaslik holatlarini har qanday maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari orqali qayd etishga;

shaharlar avtomobil yo‘llarida ta’mirlash yoki yo‘l chiziqlarini chizish bilan bog‘liq ishlarni soat 07.00 dan 21.00 ga qadar amalga oshirishga (dam olish kunlari, shuningdek, kechiktirib bo‘lmaydigan alohida holatlar bundan  mustasno) yo‘l qo‘yilmaydi.

*  *  *

«Kambag‘al oilalar reyestri» axborot moduliga kiritilgan kambag‘al oilalarning vakillari bo‘lgan jismoniy shaxslar qo‘y go‘shti, parranda go‘shti, mol go‘shti, tuxum, o‘simlik yog‘i, un, shakar, dori vositalari va tibbiy xizmatlarning xaridini chakana savdo obyektlarida amalga oshirganda va ushbu xaridni soliq organlarining maxsus mobil ilovasida xarid chekining fiskal belgisini matritsali shtrix kod (QR-kod) yordamida skanerlash orqali ro‘yxatdan o‘tkazganda, ularning bank kartalariga har oy yakuni bilan xarid summasining 1 foizi miqdoridagi to‘lov o‘rniga, xarid summasida to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi respublika budjetidan qaytariladi.

*  *  *

Moliyalashtirish manbalaridan qat’i nazar (budjet, xalqaro moliya institutlari, davlat-xususiy sheriklik, xususiy va boshqa manbalar) qurilishda texnik shartlar olinishi talab qilinadigan bino-inshootlarni qurish hamda rekonstruksiya qilishni loyihalashtirishda ushbu obyektlarning loyiha hujjatlarida binolarning o‘z ehtiyojlari uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari (quyosh panellari va shu kabilar) va muqobil issiqlik tizimlari (geliokollektorlar, issiqlik nasoslari va shu kabilar) hamda energiya tejovchi uskunalarni majburiy o‘rnatish talabi kiritiladi;

markazlashgan issiqlik ta’minoti tizimlarini qurish hamda mavjudlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish bo‘yicha barcha loyihalarda yopiq issiqlik ta’minoti tizimini joriy etish nazarda tutiladi;

ko‘p kvartirali uy-joylar va binolarning ichki issiqlik va issiq suv  tarqatuvchi tizimlarining qurilishi, inshootlar va tarmoqlarda hisoblagichlarning to‘liq o‘rnatilishi majburiy hisoblanadi;

qurilish va modernizatsiya qilish loyihalari amalga oshiriladigan barcha ijtimoiy soha muassasalarida majburiy tartibda doimiy issiq suv bilan ta’minlanadigan tejamkor sanitariya-gigiyena xonalari, qo‘l yuvish joylari hamda sport zallarida dush qabul qilish xonalari texnik jihatdan foydalanishga qulay tarzda tashkil qilinadi;

qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha loyihalar doirasida issiqlik qozonxona quvvatlarini belgilashda hududdagi barcha ko‘p kvartirali uy-joylar, ijtimoiy soha muassasalari va ma’muriy binolar hamda sanoat va xususiy sektorlarning to‘liq qamrab olinishi nazarda tutiladi;

markazlashgan issiqlik ta’minoti mavjud hududlarda yangi qurilayotgan ko‘p kvartirali uy-joylar, ma’muriy binolar, ijtimoiy soha muassasalari, sanoat va tadbirkorlik subyektlari bino va inshootlarining issiqlik tarmoqlariga ulanishi majburiy hisoblanadi.

lex.uz ma’lumotlari asosida tayyorlandi.