Xitoylik olimlar guruhi odamga qo‘shimcha jihozlar ko‘magisiz ham qorong‘uda ko‘rish imkonini beruvchi innovatsion kontakt linza ishlab chiqdi. Bu haqda gazeta.ru manbasi ma’lum qilgan.
Qurilma ishi kontakt linza yupqa polimer qatlamiga o‘rnatilgan maxsus nanozarrachalardan foydalanishga asoslangan. Bu zarrachalar infraqizil nurlanishni yutib, uni ko‘rinadigan yorug‘likka aylantiradi. Shu tarzda odam infraqizil nur tarqatayotgan yoki qaytarayotgan obyektlarni hatto zulmatda ham taniy oladi.
Tajribalar davomida shunday linza taqqan ko‘ngillilar yorug‘lik yetarli bo‘lmagan sharoitda infraqizil diapazonda miltillovchi signallarni ko‘ra olishgan, naqshlarni ajratib, mo‘ljalni aniqlaganlar. Shuningdek, infraqizil nur yopiq qovoqlar orqali kirib borishi sezilib, sinov qatnashchilariga hatto ko‘zlari yumiq holda ham signal qabul qilish imkonini bergan.
Hozir linza faqat sun’iy infraqizil nur manbalari bilan ishlaydi. Tadqiqotchilar uni predmet va tirik mavjudotlarning tabiiy issiqlik nurlarini ham idrok etadigan qilish uchun qurilma sezuvchanligini oshirish ustida izlanishlarni davom ettirmoqda.

