16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Ma’naviyat

HAQIQAT QANCHA KO‘P QARSHILIKKA UCHRASA, KISHILARNING QALBIDAN SHUNCHA CHUQURROQ O‘RIN OLADI

Abdulla Qahhor – O‘zbekiston xalq yozuvchisi, dramaturg, tarjimon, o‘zbek adabiyotining yorqin namoyondasi sanaladi. U ijodiy faoliyati mobaynida 40 dan ortiq asar yozgan. “Asror bobo”, “Kampirlar sim qoqdi”, “Boshsiz odam”, “Anor”, “Bemor”, “Dahshat”, “O‘g‘ri”, “Millatchilar”, “San’atkor”, “Adabiyot muallimi”, “O‘jar” kabi hikoyalari, “Sarob”, “Qo‘shchinor chiroqlari” romanlari, “Sinchalak”, “Muhabbat”, “O‘tmishdan ertaklar” qissalari o‘zbek nasri taraqqiyotida muhim o‘rin tutadi.

“Shohi so‘zana”, “Og‘riq tishlar”, “Tobutdan tovush”, “Ayajonlarim”, “So‘nggi nusxalar” komediyalari o‘zbek dramaturgiyasi rivojiga munosib hissa qo‘shgan bo‘lsa, “Gulyor”, “Yalangoyoq”, “Norin shilpiq”, “Mavlon kufur”, “Nish” kabi taxalluslar ostida e’lon qilgan feleton, satirik she’rlari o‘z davri muammolarini fosh etgan, jamoatchilik e’tiborini qaratgan.

O‘zbek kitobxonlari Maksim Gorkiyning “Mening dorilfununlarim”, Gogolning “Revizor”, Lev Tolstoyning “Urush va tinchlik” kabi asarlarini aynan Abdulla Qahhor tarjimasida o‘qishga muvaffaq bo‘lishgan.

Yozuvchi asarlari orasida “Sarob” romani alohida ajralib turadi. Asarni yoza boshlaganda, endigina 23 yoshga qadam qo‘ygan muallif XX asr boshida yurtimizda kechgan jarayonlar, o‘zbek ziyolilari – ijodkorlarning taqdir-kechmishi, sovetlar hokimiyatiga qarshi shakllangan va deyarli faol harakatga kirishmagan muxolif guruh, qizil hukumatning yer islohoti kabi mavzularni qalamga oladi. Asar boshidagi Rahimjon Saidiy bilan bog‘liq lavhalar Jek Londonning “Martin Iden” romanini esga soladi, ammo Saidiy Martin Iden kabi teran fikrli ziyoli darajasiga ko‘tarilmay, turmush lash-lushlari ichida o‘ralashib, hatto kishi nafratini qo‘zg‘aydigan kimsaga aylanib qolgani ko‘rinadi. Baribir, muallif Amerika yozuvchisi asaridan ta’sirlangani aniq, ammo buni to‘laligicha taqlid deb ham bo‘lmaydi. Syujet avvali va oxiridagi o‘xshashlikdan qat’i nazar umumiy manzara o‘zaro farq qiladi.

“Sarob” – bir o‘tirishda o‘qiladigan, darrov va to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushuniladigan asar emas. Muallif pozisiyasini davr nuqtai nazaridan kelib chiqib baholash o‘rinli. Roman og‘ir o‘qilishi barobarida esdan ham chiqib ketmaydi, qahramonlar havas qilinadigan, ibratga arzirli kishilar bo‘lmasa-da, ularga xos xarakter, tutum, fe’l-atvor o‘ziga xosligi, “boshqa”larga o‘xshamasligi bilan kishi xotirasida parchinlanib qoladi. Xullas, bugungi lavhalar “Sarob”dan.

Saralangan satrlar

* * *

Yoshlik – toshqin suv, sug‘oradigan ekiningizni sug‘orib qolmasangiz o‘tib ketadi. Keyin keksalikning ko‘zoynagini taqib igna bilan quduq qazishdan ish chiqmaydi.

* * *

Umuman kishilarda biron san’atga qobiliyat, uquv bo‘ladi, ammo bu bilangina kishi o‘sha san’atning vakili bo‘lavermaydi.

* * *

Har bir yangilik qarshilikka uchraydi. Har bir yangilik diqqatni jalb qilib, o‘zi to‘g‘risida turli-turli fikrlar tug‘diradi.

* * *

Gul sekin-sekin so‘ladi, sekin-sekin go‘zalligini yo‘qotadi; keksara boradigan ko‘ngilga hech qachon so‘lgan bo‘lib ko‘rinmaydi. Gulda sira go‘zallik qolmasa ko‘ngilda ham go‘zallikka talab yo‘qolgan bo‘ladi. Demak, gul bilan ko‘ngil o‘z umrini baravar tamom qilgan bo‘ladi.

* * *

Olamda kishini yayratadigan narsalarning hisobi yo‘q. Ammo bularning hammasi zaharli so‘z, olovli qamchi kutgan kishing tomonidan bo‘lgan iltifotga yetarmikan?

* * *

Jinoyat! Yurak qatnashmay, faqat kalla bilan qilinadigan ish shunday bo‘ladi.

* * *

San’at mustahkam qo‘rg‘on, uni egallash har kimning ham ishi emas. Bu tilsimning sirlarini bilmasdan turib bu sohaga qadam qo‘yish halokat darajasida xavfli.

* * *

Umr dovonining eng yuqori nuqtasi qirq yosh, undan o‘tgandan keyin kishi yana pastga, ikkinchi turli bolalikka qaytadi.

* * *

Feleton tekshiriladi. Hikoya tekshirilmaydi. Agar hikoyani tekshirish lozim kelsa keng miqyosda tekshiriladi. Hikoya alohida shaxslarning yaxshilik, yo yomonligi to‘g‘risida yozilmaydi. Muvaffaqiyatli chiqqan bir hikoyaning bir tipini mamlakatning har burchidan yuzlab, minglab topish mumkin bo‘ladi. Agar salbiy tiplarning qilgan gunohlariga ko‘ra jazo beraman desangiz, mamlakatda minglab gunohkor topasiz.

* * *

Inson hayotdan qilgan talabining bir juz’inigina oladi. Hali sabiy bo‘lgan inson undan shuncha oz talab qiladiki, olgani uni ta’min qilolmaydi. Bundan yovuzlik, bir-birini ko‘rolmaslik, vahshat, muhoraba va hokazolar tug‘iladi.

* * *

Norozilikdan ko‘ra kelajakda rozi bo‘lish umidining yo‘qligi kishini ko‘proq toliqtiradi.

* * *

Tavba, ba’zi chiroyli qizlar juda ayyor bo‘ladi: hamma vaqt xunuk qizlarni yetaklab yuradi. Tushunasizmi? Qoraning qarshisida oq yana ham oqroq ko‘rinadi-da!

* * *

Podsho “sen” degan kishini butun mamlakat “siz” deydi!

* * *

Ishimiz nima? – Sut. Ish shaklimiz nima? – Qo‘shquloq. Ish sharoitimiz qanaqa? – Arava. Janjal nima? – Yo‘ldagi o‘ydim-chuqur. Demak, o‘ydim-chuqur qancha ko‘p bo‘lsa, aravamiz shuncha notinch bo‘ladi. Arava notinch bo‘lsa – qo‘shquloqdagi sut chayqaladi, to‘kiladi. Ittifoq bo‘lib murosa bilan ishlash kerak. Murosa nima? – Arqon; u bilan sigirning bir shoxidan bog‘lab bo‘lmaydi.

* * *

– Yaxshi tomonlarni ham ko‘rsatish zarur. Bizda bu, haqiqatan, kamchilik. Buning sababi nima? – Muxbirlar bo‘limining yaxshi ishlamasligi. Nega yaxshi ishlamaydi? – Chunki yaxshi savodli, siyosiy bilimli muxbirlar kam. Nega kam? – Chunki biz madaniyatga endi qadam bosayotirmiz. Nega endi qadam bosamiz? – Chunki mamlakatimiz kechagina mustamlaka bir o‘lka edi.

Agar Kenja shu to‘g‘rida o‘z taklifini aytib so‘zini kesmasa, muharrir buni yer yuzida odamzodning paydo bo‘lganiga olib borib bog‘lashdan ham toymas edi.

* * *

Har qanday kamchilikni shu kamchilikdan manfaatdor bo‘lmagan kishi tez payqaydi.

* * *

Hayotda har kim o‘z iqtidoriga yarasha o‘rinni oladi.

* * *

Odam haddan tashqari qo‘rqsa qiziq bo‘lar ekan: bir to‘g‘ram nonni og‘ziga solib chaynay-chaynay hech yutolmaydi deng!

* * *

Soqqa o‘ynab cho‘ntagini yong‘oqqa to‘lg‘azgan yosh bola, dushmanining janozasidan qaytib kelayotgan kishi – har qaysi o‘zicha mamnun, o‘zicha baxtiyor.

* * *

Esi butun hayron qolmaydi.

* * *

Eski yara yangilansa, uning dardi yangi yaraning dardidan ortiqroq bo‘ladi.

* * *

Gap qancha tez sur’at bilan kengaysa, shuncha xavfli.

* * *

Hali balog‘atdan ikki qadam berida turgan yosh bolaga onasi boshqa xotinlar oldida “o‘g‘lim, xo‘p yaxshisan-u, qizlarni tinch qo‘ymaysan-da” deb kular ekan, bola uyaladi, ammo shu topda shunday gapni boshqa xotinlardan ham eshitgusi keladi: agar shungacha qizlar bilan ishi bo‘lmagan bo‘lsa, endi rostdan tinch qo‘ymaydi… May majlisida, ko‘p ichib mast bo‘lmasligi ta’na qilingan mayparast bunday ta’nani hamma vaqt va har kimdan eshitgusi keladi. Bu ham onaning o‘g‘liga bergan dashnomiday tahsin aralash ta’nadir. Ta’na, dashnom, tanqid va boshqa ming turli do‘stona, xayrixohona tovushlarga tahsin aralashsa, quloqqa faqat tahsingina kiradi.

* * *

Inson bamisoli bir mashina, mashinaning sarf qilingan quvvatini foydali ishga aylantirish qobiliyati turlichadir. Inson ham shunday. Insonlarning ham insoniyatga foyda yetkazish qobiliyati turlicha. Fan mashinalarning shu qobiliyatini ortdirishga, ya’ni sarf qilingan quvvatdan iloji boricha ko‘proq foyda chiqarishga uringanday, tarbiya ham insonning jamiyatga foyda yetkazish qobiliyatini oshirishga urinadi. Fan hali sarf qilingan butun quvvatni isrofsiz foydali ishga aylantiradigan mashina topolgani yo‘q, ammo tarbiya buni topdi.

* * *

Dunyoda oq ham yo‘q, qora ham. Bu, har kimning qarashiga bog‘liq narsa. Manfaat masalasi bor.

* * *

Haqiqat qancha ko‘p qarshilikka uchrasa, kishilarning qalbidan shuncha chuqurroq o‘rin oladi.

* * *

Muhabbat – yengib bo‘lmas xohish natijasida vujudga kelgan oilada muhabbat harorati va ziyosi ikki vujudni bir-biriga bog‘laydigan son-sanoqsiz tuyg‘ularni barq urdiradi, chechaklar otdiradi. Majburiyat natijasida vujudga kelgan oila esa, modomiki oila bo‘lib qolishi zarur ekan, sovuq majburiyat soxta tuyg‘ular tug‘diradi.

* * *

Restoran ochib savdo qilish bilan adiblik, dallollik bilan naqqoshlik orasida farq qolmadi.

* * *

Bor ilmni o‘rganish, uni bu kunga qadar ishlatilganicha ishlatish – har bir es-hushi bor odamning qo‘lidan keladi. Ilmga yangi bir narsa qo‘shish yoki uning uchun yangi bir ish maydoni ochish – haqiqiy xizmat.

* * *

Agar birov mening oldimga “ishtaham yo‘q” deb kelsa-da, men uni yotqizib burnini kesa boshlasam, bu harakatimning noto‘g‘ri ekanini anglash uchun doktor bo‘lish shart emasdir deyman… Yo siz besh yil o‘qib doktor bo‘lmaguncha anglamaysizmi?

B.SAYFIYEV tayyorladi.