May oyi natijalariga ko‘ra, kakao doni va platina investorlar uchun eng daromadli tovarlar bo‘ldi. Bu haqda ICE Futures, CME Group va Shanxay metallar birjalari ma’lumotlari asosida xabar tarqatilgan.
Shokolad ishlab chiqarishda foydalaniladigan kakao narxi oy davomida 11 foizga o‘sgan. Apelsin sharbati (8 foiz), shuningdek, guruch va suli doni (2,9 foiz) ham boshqa mahsulotlarga nisbatan sezilarli darajada qimmatlagan.
Platina bahosi 9,2 foizga ko‘tarilib, metallar ichida ishonchli o‘sishni ko‘rsatgan. Shuningdek, qalay (5,2 foiz) va mis (3,1 foiz) narxi oshgan. Oltin bahosi o‘sishi sekinlashib, atiga 2,9 foiz qo‘shilgan.
Energetika sohasida ko‘mir narxi eng ko‘p – 8,2 foizga o‘sgan. Yevropada gaz 5,5 foizga, uran esa 5,4 foizga qimmatlagan.
Mayda qahva eng ko‘p arzonlashgan: robusta navli mahsulot narxi 13,2 foizga, arabika bahosi esa 11 foizga qulagan. Shuningdek, litiy qiymati ham sezilarli darajada – 9,2 foizga pastlagan.

