16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Olam

Endi pensiyaga chiqish uchun uzoqroq yashashga to‘g‘ri keladi

Daniya ham ayollar, ham erkaklar uchun pensiya yoshini 70 gacha ko‘tarib, bu borada yirik iqtisodiyotga ega davlatlar orasida rekord o‘rnatdi. G20 («Katta yigirmalik») davlatlari milliy qonunchiligining o‘ziga xosligini o‘rgangan «Novosti» axborot agentligi muxbirlari yana 14 davlat pensiyaga chiqish yoshini oshirayotgani va ularning uchdan bir qismida bu islohot faqat ayollarga ta’sir qilishini aniqlagan.

Ushbu mamlakatlar fuqarolari ko‘pincha 65 yoshda pensiyaga chiqishadi: bu ayollarga ham, erkaklarga ham tegishli. Biroq Avstraliya, Gretsiya va Niderlandiya kabi davlatlarda pensiya yoshi balandroq, har ikki jins vakillari uchun 67 yoshni tashkil qiladi. Shvetsiya (63 yosh), Slovakiya va Fransiyada (64 yosh) esa pastroq. Hindistonda bazaviy jihatdan 60 yoshda pensiyaga chiqish mumkin, biroq bu band bo‘lgan sohasi va yashash hududiga bog‘liq.

Eng ko‘p tarqalgan amaliyot – bu raqamni ham ayollar, ham erkaklar uchun tenglashtirish. Masalan, Turkiya (erkaklar uchun 60, ayollar uchun 58 yosh), Polsha (65 va 60 yosh) va ayrim Lotin Amerikasi mamlakatlarida ular farq qiladi.

Shuning uchun bir qator davlatlar pensiyaga chiqish yoshini faqat ayollar uchun ko‘tarib, bu borada gender tenglikni ta’minlashga qaror qilgan. Bular Avstriya, Ruminiya, Horvatiya va Shveytsariya – barchasi 65 yoshgacha. Bolgariya har ikki jins vakillari uchun pensiya yoshini oshirib, birato‘la tenglikka ham erishmoqchi: bir xil – 65 yosh.