16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Ma’naviyat

Qashqadaryo o‘rta asr shaharlari haqida kitob nashr etildi

Dunyoning eng qadimiy sivilizatsiyalari – Misr, Ikki daryo oralig‘i, Xitoy va Hind tamaddunlari qatorida Amudaryo, Sirdaryo, Zarafshon va Qashqadaryo havzalarida shakllangan O‘rta Osiyo sivilizatsiyasi ham o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Darhaqiqat, Janubiy Sug‘d – ya’ni Qashqadaryo vohasidagi ilk shaharlar bo‘lmish Uzunqir, Podayotoq, Sangirtepa (Kitob, Shahrisabz) hamda Yerqo‘rg‘on (Qarshi) yodgorliklari o‘rganilgan, biroq o‘rta asrlarning qariyb 7-8 asri davomida Qashqadaryoda qanday shaharlar mavjud bo‘lgan? Kesh, Nasaf-Shulluktepa, Tallisortepa, Kofirtepa, Kosontepa, Oltintepa haqida nimalarni bilamiz? Zanjirsaroyda olib borilgan arxeologik qazishmalar qaysi tarixiy faktlarni aniqlashtirishda qo‘l keladi? Qarshi vohasining Chig‘atoylar davridagi moddiy madaniyati va hunarmandchiligi qanday bo‘lgan?

Tadqiqot

Bu haqda yaqindagina chop etilgan «Qashqadaryo vohasining VIII-XIV asrlar davri shaharlari va tarixiy topografiyasi» kitobida batafsil ma’lumotlar olish mumkin. Arxeolog olim, tarix fanlari doktori Abdisabur Raimqulov muallifligidagi ushbu kitob Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qashqadaryo viloyati bo‘limi tashabbusi bilan Toshkent shahridagi «Ochun» nashriyotida 1000 nusxada chop etildi.

Qayd etilishicha, mazkur davrda Qashqadaryo vohasida kamida 30 ta shahar faoliyat ko‘rsatgan bo‘lib, monografiyada ularning shakllanishi, taraqqiyot bosqichlari, o‘ziga xos xususiyatlari, turlari, shaharlar rivojidagi asosiy omillar, Buyuk Ipak yo‘lining Qashqadaryodan o‘tgan tarmoqlari, xalqaro va mahalliy savdo yo‘llari, vohaning o‘rta asrlardagi tarixiy geografiyasi keng ko‘lamli o‘rganishlar va manbalar asosida bayon qilingan.

Kitob muallifi Abdisabur  Raimqulov nomi ilmiy doiralarda ancha mashhur. Olim 1958-yil Samarqand viloyati Payariq tumanida tug‘ilgan. Uning ilmiy faoliyati tarix va arxeologiya fanining bir necha yo‘nalishlarini qamrab olgan.

Birinchi yo‘nalish – Qashqadaryo vohasining ilk va rivojlangan o‘rta asrlar, chig‘atoylar davri moddiy madaniyati, arxeologiyasi, urbanizatsiyasiga oid izlanishlardan iborat bo‘lsa, ikkinchi yo‘nalish – O‘rta Osiyo madaniyatida dinlar ta’siri tadqiqiga bag‘ishlangan. Shu izlanishlar sabab olim Vatikan Sharq tadqiqotlari institutining grantini olishga muvaffaq bo‘lgan.

Uchinchi yo‘nalish – Markaziy Osiyoda ko‘chmanchilar dunyosi sivilizatsiyasi hamda Qashqadaryo vohasining ko‘chmanchilar shaharlarini tadqiq etishdir.

Olimning keyingi tadqiqotlarida Qarshidagi Qal’ai Zohhaki Moron qadimgi ko‘chmanchi yuechjilarning birinchi poytaxti ekani, Qarshi qal’asi va Zanjirsaroy esa Chig‘atoy ulusi davrida ko‘chmanchilar tomonidan qurilgan o‘ziga xos shaharlar ekanligi asoslab berilgan. A.Raimqulov bu boradagi tadqiqotlari bois Germaniyaning DAAD jamg‘armasi grantini yutgan.

Abdisabur Raimqulov ayni paytda Samarqand arxeologiya institutida faoliyat ko‘rsatadi.

B.SAYFIYEV