Qarshi shahrida o‘tkazilgan navbatdagi bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasida yuzlab fuqarolar doimiy daromadli rasmiy mehnat faoliyatiga kirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Bandlik
Davlat tashkilotlari bilan bir qatorda xususiy biznes korxonalari ham faol ishtirok etgan mehnat yarmarkasida, ma’lumotlarga ko‘ra, 61 ta subyekt tomonidan 1000 dan ortiq bo‘sh va yangi ochilgan ish o‘rinlari taklif etildi. Jumladan, viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi 43 ta, sog‘liqni saqlash boshqarmasi 104 ta bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etib, tegishlicha 10 va 16 nafar ish so‘rab murojaat etgan fuqaroga mutaxassisligiga mutanosib faoliyat uchun yo‘llanmalar rasmiylashtirdi.
Tadbir davomida sanoat va ishlab chiqarish sohasiga ixtisoslashgan xususiy sektor subyektlari tomonidan taklif etilgan 764 ta bo‘sh va yangi ish o‘rnidan 250 tasiga joylashuvchi da’vogarlar ham topildi va ular faoliyat bilan tanishuv hamda zarur hujjatlarni rasmiylashtirish uchun korxonalarga taklif etildi.
Ushbu mehnat yarmarkasi doimiy ish o‘rniga ega bo‘lmagan aholi vakillari, ayniqsa, yoshlar, xotin-qizlar, tashqi migratsiyadan qaytgan va jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan fuqarolar keng jalb etilgani bilan yanada ahamiyatli bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, Prezidentning joriy yil 21-yanvardagi «2025-yilda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan tasdiqlangan Qashqadaryo viloyatida aholini daromadli mehnat bilan ta’minlashning yig‘ma maqsadli ko‘rsatkichlarida 600 ming fuqaro bandligini ta’minlash belgilangan. Ya’ni investitsiya loyihalarini ishga tushirish hisobiga 14 ming 250 nafar aholi, tadbirkorlikni rivojlantirish hisobiga 282 ming 76 kishi, qishloq xo‘jaligi sohasida 292 ming 639 odam va qurilish sohasida 11 ming 35 shaxsni ish bilan band qilish ko‘zda tutilgan.
O‘z muxbirimiz

